Xalq deputatlari kengashlariga bir qator vakolatlar beriladi

    Mamlakatimizda 8 Fevral 2024 492

    2024-yil 2-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-28-son Farmon imzolandi.

    Hujjat bilan xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazilishi taklif etilayotgan vakolatlar roʻyxati tasdiqlandi, ular orasida quyidagilar bor:

    - davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarni taʼsis toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

    - shahar yoʻlovchilar transportidan foydalanish chogʻida fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar joriy etish;

    - ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar uchun tariflarni tasdiqlash (vakolatlarning toʻliq roʻyxati – bu yerda).

    Shuningdek, bundan buyon:

    - mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi;

    - davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi;

    - NHH loyihalarini ishlab chiqishda vazifalar Kengashlar va hokimliklar oʻrtasida aniq belgilanadi;

    - NHHda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan, mahalliy Kengashlarning qonunchilikda belgilangan vakolatlariga xos boʻlmagan vazifalar ijrosi boʻyicha hokimliklar organlari masʼul hisoblanadi.

    2024-yil 1-iyulga qadar mahalliy Kengashlar vakolatlari, vazifalari va funksiyalarining reyestri ishlab chiqiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 6-fevraldan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.