Kun tartibi bo'yicha deputatlar tomonidan 12 ta masala ko'rib chiqildi.
Dastlab Prezidentimizning 2020 yil 1 maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to'g'risida”gi qarori ijrosi bo'yicha ishlar tahlil qilindi. Xususan, soliq to'lovlarining yig'ilish darajasi 2021 yil 1 dekabr holatiga 4 trillion 288,9 milliard so'mni tashkil etdi. Amalga oshirilgan soliq to'lovlar hajmi hududlar kesimida tahlil qilinganida viloyatdagi soliq tushumlari asosiy ulushini Zangiota (12,3 %), Qibray (10,7%), Angren shahri (6,2%), Toshkent tumani (6,0%), Chirchiq shahri (6,2%) tashkil etmoqda.
Viloyat hududiy eksport rejasi ko'rsatkichlari bajarilishini ta'minlash bo'yicha ko'rilgan choralar va amalga oshirilgan ishlar natijasida o'tgan yilning yanvar-noyabr oylarida 682,2 million dollarlik mahsulotlar va xizmatlar eksporti amalga oshirilib, belgilangan prognoz 102,5 foizga bajarilgan.
Deputatlar tomonidan hududlar uchun 2022 yilda ham belgilangan makroiqtisodiy ko'rsatgichlarni ta'minlash yuzasidan barcha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha hududlarning mavjud imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi aytib o'tildi.
Shundan so'ng majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan 2021 yilning ikkinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari to'g'risidagi hisobot taqdim etildi. Viloyatda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish, aliment undirish hamda ishsiz aliment to'lovchilarning bandligini ta'minlash borasida viloyat prokuraturasi organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sud hujjatlari asosida 2021 yilning 12 oyida 2 trillion 638 milliard so'm, shundan davlat foydasiga 1 trillion 275 milliard so'm undiruv amalga oshirildi. 5,3 milliard so'm jinoiy jarimalar, 47,9 milliard so'm qo'llanilgan ma'muriy jarimalar, 55,8 milliard so'm davlat boji amalda undirildi. Jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zararning 11,2 milliard so'mi undirildi.
Shuningdek, sessiya ishida “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron tizimi faoliyati, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi va Kengash huzuridagi doimiy komissiyalarning 2022 yilga mo'ljallangan ish rejalarini tasdiqlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o'tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi tarkibini tasdiqlash to'g'risidagi masala ham ko'rib chiqildi.
Sessiyada ko'rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Toshkent viloyati hokimligi
Axborot xizmati