Unda Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga ko'maklashuvchi komissiyasi a'zolari, barcha mahalliy Kengashlarning kotibiyat mudirlari, Senat devonining tegishli bo'linmalari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish so'zi bilan qatnashdi.
Ta'kidlanganidek, mahalliy Kengashlar kotibiyatlari deputatlarning aholi bilan samarali muloqot olib borishi, ularni o'ylantirayotgan masalalarni hal etishi, murojaatlarni ko'rib chiqishi, qonun, qaror va dasturlar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini olib borishiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etildi.
Kotibiyatlar mahalliy Kengashning har bir deputatini doimiy ravishda tahliliy ma'lumotlar bilan ta'minlab borishni yo'lga qo'yishi, mahalliy Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritiladigan har bir masalani puxta tayyorlashi, mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari eshituvini tashkil qilishda doimiy komissiyalarga ko'maklashishi zarurligi qayd etildi.
Mahalliy Kengash deputatlari tomonidan yuborilayotgan har bir deputat so'rovi va uning natijalarini tahlil etib borish, mahalliy Kengash deputatlariga fuqarolarni qabul qilish, sayyor qabullar o'tkazish bilan bog'liq masalalarda yordam berib borish Kotibiyatning asosiy vazifalaridan ekanligi ta'kiblab o'tildi.

Kotibiyatlarning ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'ygan holda, amalga oshirilayotgan ishlarni, ayniqsa, tashkil etilayotgan sessiyalarni batafsil yoritib borishi, mahalliy Kengashning alohida veb-saytini yaratgan holda, qabul qilingan qarorlarni muntazam joylashtirib borishni yo'lga qo'yishi bo'yicha vazifalar belgilab berildi.
Buning uchun, avvalo, Kotibiyat xodimlari qonunchilikni yaxshi bilishi, har bir masalaga jiddiy yondashishi, mas'uliyatni his etishi maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi. Seminarda Kotibiyatlar faoliyatini samarali tashkil etish bilan bog'liq boshqa masalalar ham muhokama qilinib, o'zaro tajriba va fikr almashildi, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati