Xalq diplomatiyasi forumida Senat aʼzolari ham ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 11 May 2022 1663

    Joriy yil 11-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining faol qoʻllab-quvvatlashi bilan oʻtkazilgan SHHT xalq diplomatiyasining Toshkent forumida mamlakat parlamenti yuqori palatasi aʼzolari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Quyida senatorlarning forum doirasida bildirgan fikrlari eʼtiboringizga havola etiladi.

    Ravshan Alimov, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi:

    Zamonaviy voqelikda xalq diplomatiyasi milliy manfaatlarni ilgari surish va xalqaro munosabatlarni mustahkamlashning ijobiy omili sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

    Jamoat birlashmalarining faoliyati, xalqaro nohukumat tashkilotlarining mamlakatlar va xalqlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari, shubhasiz, milliy manfaatlarni hisobga olgan holda ularning yanada yaqinlashishiga xizmat qilyapti.

    Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazining rolini alohida taʼkidlab oʻtish zarur. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari bilan aloqalarini mustahkamlash uchun xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalanishni nazarda tutadi.

    Nisbatan qisqa vaqt ichida Markaz SHHTning ayrim mamlakatlaridagi jamoat va shunga oʻxshash tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi va rivojlantiryapti. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, SHHTning Yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha Xitoy qoʻmitasi, “Yuksalish” umummilliy harakati ishtirokida qoʻshma tadbirlar oʻtkazilyapti.

    Xalq diplomatiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida parlament diplomatiyasining rolini ham alohida eʼtirof etish lozim. Mamlakatlar oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni faollashtirish har bir xalq manfaatlarini hisobga olgan holda, davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

    ****************

    Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev:

    Xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanishda faqat yoshlar qamrovi bilangina cheklanib qolmasdan faol madaniy tadbirlar, turizm kunlari, sport musobaqalari va turli festivallar doirasida ham davlatlararo koʻp tomonlama munosabatlarni jadal rivojlantirish maqsadga muvofiq.

    Bu borada Oʻzbekistonda tashkil qilinayotgan Sharq taronalari xalqaro musiqa festivali, Maqom sanʼati anjumani, xalqaro Baxshichilik hamda Hunarmandchilik festivallari, Ziravorlar va kashtachilik festivali, “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali, xalqaro teatr festivallari jarayonida kechadigan samimiy muloqotlar nafaqat mamlakatimiz nufuzini oshirishga xizmat qiladi, balki xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va ishonch rishtalarini mustahkamlashga hissa qoʻshadi.

    Butun dunyoda globallashuv va integratsiya jarayonlari kuchayib borayotgan bir sharoitda xalq diplomatiyasi xalqaro munosabatlarning muhim boʻgʻiniga aylanmoqda.

    Jamoat tashkilotlari va birlashmalari faoliyati, qardosh shaharlar darajasidagi aloqalar, ijtimoiy-siyosiy aksiyalar, xalqaro nohukumat tashkilotlarining hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha tashabbuslari davlatlar va xalqlarning yanada yaqinlashishiga, barcha darajalarda mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar mustahkamlanishiga koʻmaklashadi.

    Xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanish shubhasiz, SHHT mamlakatlari va ularning xalqlari yaqinlashishiga, oʻzaro ishonch va yaqin qoʻshnichilik ruhi mustahkamlanishiga koʻmaklashadi.

    ****************

    Senator Gulnora Marufova:

    2000-yilda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi birinchi marta xotin-qizlarning tinchlik va xavfsizlik jarayonlarida ishtirok etishining muhimligini tan oldi va bu borada xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan global saʼy-harakatlarga asos soldi.

    Xotin-qizlarning roliga asoslangan tinchlik va xavfsizlik kun tartibi dolzarb mavzu boʻlib qolyapti va jahon hamjamiyatining qoʻshimcha eʼtiborini talab qilyapti.

    BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-rezolyutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Milliy Harakat dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

    Ushbu hujjat zamonaviy voqeliklarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, mamlakatimizning “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibiga, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibiga, Global maqsadlarga erishish boʻyicha harakatlar oʻn yilligiga va BMT rahnamoligida ishlab chiqilgan boshqa meʼyoriy doiralarga sodiqligini tasdiqlaydi.

    Yetakchi ayollarning rolini oshirish tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar jarayonlardagi faol ishtiroki jahon mamlakatlarida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.