Deputat tom ma'noda xalq vakili. Shu bois, u odamlar dardini tinglashi, ularning muammolari-yu tashvishlarini hal etishi, saylovchilar oldida bergan va'dalarini bajarishi lozim. Odamlar ichiga kirmasdan, ular bilan muloqot qilmasdan joylardagi muammolarni hal etib bo'lmaydi.

So'nggi to'rt yilda xalq orasiga kirish, aholi bilan yaqindan muloqot o'rnatish, odamlarning dardini eshitib, og'irini engil qilishga ko'maklashish xalq vakillarining eng asosiy vazifalaridan biriga aylangani bejiz emas. Negaki, saylovchilar bilan ochiq muloqot yo'lga qo'yilgan joyda farovonlik hukm suradi, taraqqiyot bo'ladi, odamlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchi yanada ortadi. Shu sababli deputatlik faoliyatim davomida ko'proq xalq ichida yurishga, aholining yashash sharoitlarini o'rganib, aksariyat muammolarni joyida hal etishga alohida e'tibor qaratib kelyapman. Chunki bugun odamlarni quruq va'dalar bilan aldab bo'lmaydi, ularga amaliy natijalar kerak. Demak, endi vaqtni behuda o'tkazmayslik va kulgiga qolmaslik uchun faqat xalq ishonchini qozonish, saylovchilarning ko'ngliga kirib borishimiz lozim.

Kuni kecha Jarqo'rg'on tumani “Jinjaktepa” mahallasida joylashgan 42-sonli umumta'lim maktabida o'tkazilgan uchrashuvimizda ham har bir murojaatchi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, muammolarni tingladik. Uchrashuvda tuman sektor rahbarlarining ishtiroki mavjud muammolarni joyida bartaraf etishda as qotdi. O'z navbatida, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, videoselektor yig'ilishlarida belgilab berilayotgan muhim vazifalarning hududdagi ijrosini ham o'rgandik. Joylarda to'planib qolgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ijrosi bo'yicha muddatlar belgilandi.

Mazkur uchrashuvlarimiz davomida “Mingchinor” mahallasidagi 52-sonli umumta'lim maktabida ham bo'lib, ta'lim muassasasida o'quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdik. O'rganishlarimiz chog'ida maktab binosi eski bog'cha uchun mo'ljallangani, lekin hozirgi kunda undan maktab sifatida foydalanilayotgani, xonalar torligi, sinfxonalar etishmasligi sababli o'quvchilar 2 smenada ta'lim olayotgani aniqlandi. Bu masala 2022 yilgi Davlat dasturiga kirtilgani, maktab binosi uchun alohida joy ajratilib, sport zali bilan birgalikda qurib berilishi ma'lum qilindi.

O'rganishlarimiz Termiz tumanida joylashgan 23-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida davom etdi. Uchrashuvda tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo'jalik masalalari bo'yicha o'rinbosari Sh.Rahmonqulov, tuman Bosh vazir qabulxonasi va elektr tarmoqlari korxonasi rahbarlari, mahalla fuqarolar yig'ini raislari ishtirok etdi.

Suhbat va muloqotlar chog'ida aholining turmush darajasini yaxshilash, maishiy xizmat ko'rsatish turlarini ko'paytirish, fuqarolarni to'liq suyultirilgan gaz balonlari, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi va oqova suv bilan ta'minlash bo'yicha bir qator fikrlar bildirilib, ushbu masalalar yuzasidan mutasaddilar oldiga vazifalar qo'yildi.

Shuningdek, joriy yil 16 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida qishga tayyorgarlikda yo'l qo'yilgan kamchiliklarni hal etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi ham o'rganildi. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash vazifalari muhokama qilinib, narx-navo oshishining oldini olish bo'yicha tavsiyalar berildi.

Har bir inson baxtli yashashni istaydi va uning bunga to'la haqi bor. Shu nuqtai nazardan, insonning hayotdan mamnun yashashi, farovon turmush kechirishi uchun xalq bilan birga bo'lib, odamlarning dardu tashvishiga sherik bo'lishimiz kerak. Bularsiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg'ularini mustahkamlash qiyin. 

Faxriddin SAMATOV,

 Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a'zosi