Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas. Mazkur ibora paydo bo'lganidan buyon ming yillar o'tdi. Bu butun koinot, tabiat va bashariyat doimiy o'zgarishda, yangilanishda deganidir. Darhaqiqat, insoniyat ham ana shu azaliy qonuniyat asosida yashaydi va hayot kechiradi. Bu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoevning “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobi muqaddimasidan o'rin olgan. Bugun biz shu azaliy hikmat qoidasining yangilanayotgan falsafasi va hayotiy mohiyati haqida mushohada yuritmoqchimiz.
Maqsadimiz avvalida esa Prezident Shavkat Mirziyoev 19 sentyabr kuni bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi o'z nutqini xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o'zgarishlar yuz berayotgani ishorasi bilan boshlaganiga e'tibor qaratamiz. Ishora jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgani, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me'yorlaridan chekinish kuchayayotgani, bularning barchasi keng ko'lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo'layotgani bilan oydinlashtirildi.
Bu nutqdagi birinchi e'tiborli nazar va kishini hushyor torttiradigan katta chaqiriq edi.
Fundamental o'zgarishlar qanday sharoitda va nimalar ta'sirida yuz bermoqda? Bu, avvalo, tabiat kuchi va ruhi bilan bog'liq. Insoniyatning ortda qolgan cheksiz evolyutsiyasi asrdan asrga, davrdan davrga hayot uchun kurashning yangi tendentsiyalarini ortmoqlab o'ta boshladi, ularning har birida quvvatlanish ruhi bo'ldi.
Ixtirolarning barchasi tiriklik yoki tirikchilik ehtiyoji uchun yaratilgani ayon. Shu bilan birga, bu ixtirolar odam avlodlari qalbida tabiatning ko'zga ko'rinuvchi va harakatga keluvchi mohiyati ustidan hukmronlik hissini ham uyg'otdi. Shunda qudratiy qarashlar shakllandi. Uning ortidan shaxsiylikka intilish fikri kurtakladi.
Tabiat — buyuk qudrat. Mo''jizaviy xarakterga ega. Bu xilqat asrlar mobaynida insoniyat uchun tiriklik manbai bo'lib kelmoqda. Lekin unga nisbatan ayovsiz munosabat kishilik jamiyatiga juda katta inqiroz bo'lib qaytayotganini biz – bugungi avlodlar ko'rib, o'z hayotimizda sezib turibmiz.
Mana shu faktorlarning barchasi davlatlar o'rtasida bo'linish, o'zaro ishonch inqirozi sodir bo'lishiga zamin yaratgani sir bo'lmay qoldi. Shu ma'noda, Prezident Shavkat Mirziyoevning xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o'zgarishlar yuz berayotgani haqidagi fikrlari dunyo minbaridan turib aytilgani barchamizni yana bir bor ogohlikka chorladi. Zero, yangilanayotgan, o'zaro bog'liqlikda rivojlanish ehtiyoji paydo bo'lgan asrimizda zarur xulosalar chiqarish va hamjihatlikni, ishonch ruhini mustahkamlash, tinchlikni asrash har qachongidan-da dolzarb, juda dolzarb bo'lib qolmoqda.
Ikkinchi muhim aspekt — birdamlik tashabbusi. Bu hozirgina aytganimiz — ishonch inqirozining malhami, deyish o'rinli bo'ladi. Shu bois ham bu tashabbus xalqaro ekspertlar, siyosiy doira vakillari tomonidan qizg'in qo'llab-quvvatlanmoqda.
“O'zbekiston rahbarining butun insoniyat uchun xavf-xatar va tahdidlarning misli ko'rilmagan darajada ko'payishi bilan bog'liq zamonaviy global jarayonlarga bergan baholari alohida ahamiyatga ega. Shavkat Mirziyoevning geosiyosiy qarama-qarshiliklar butun insoniyat taqdiriga daxldor masalalarda ham muloqotga putur etkazayotgani haqidagi bayonotiga qo'shilmaslik aslo mumkin emas. SHu nuqtai nazardan, O'zbekiston rahbarining jahon hamjamiyatiga qanday sayyorani kelajak avlodlarga qoldirishimiz haqida o'ylashga chaqirig'i muhim ahamiyat kasb etadi. O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, bugungi kunda o'zaro ishonch, hamjihatlik va hamkorlik har qachongidan ham zarur”. Bu fikrlar SHHT tadqiqotlari instituti direktori Den Xaoga tegishli.
Bundan xulosa qilish mumkinki, aslida birdamlikka intilish hissi insoniyat uchun begona emas. Boisi, hech kim o'z muammolari bilan yolg'iz qolishni istamaydi. Bu o'rinda xalqimiz dahosiga tan bermay iloj yo'q. Kayvonilarimiz “Yolg'iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong'i chiqmas”, deya bejiz aytmagan.
Shunday ekan, birdamlik ruhi borasidagi O'zbekiston tashabbuslari va sa'y-harakatlari xalqaro miqyosda qo'llab-quvvatlanayotgani ham tahsinga loyiq va bu barchamizga taskin berishi mumkin bo'lgan real voqelik sirasiga kiradi.
Bu haqda so'z ketganida aytish kerakki, o'tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi” ilgari surilgani “dunyo mamlakatlari va xalqlarining bugungi kuni va istiqboli uchun mas'uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilish” uchun muhim platforma vazifasini bajarishiga yana bir bor amin bo'lamiz. Negaki, Samarqand qadim-qadimdan dunyoga tinchlikni sog'inuvchi, tsivilizatsiyalarga beshik bo'luvchi qutlug' zamin sifatida bo'y ko'rsatib keladi. Bugun bu qudratiy hodisa “Yangi O'zbekiston g'oyalari” fonida davomli so'zini aytmoqda.
Asliyatan olganda, zamin va zamon quvvatining uyg'unlashuvi hamisha birdamlik falsafasi bilan takomiliga etgan. Demak, Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning birdamlik ruhi borasidagi fikrlari hayot haqiqati sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchinchi nazar inson qadrini ulug'lash va ijtimoiy himoya vositalariga qaratildi.
Davlatimiz rahbari bu o'rinda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan katta islohotlar haqida to'lqinlanib gapirar ekan, jo'shqinlik ruhi bizga ham ko'chdi va har bir yangilanish qadrini qayta his qildik.
Ulardan biri – huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlatni barpo etish siyosatini qat'iy davom ettirayotganimiz haqidagi e'tiroflar edi.
Bu yo'lda muhim tarixiy islohotlarni muvaffaqiyatli tatbiq eta oldik. Ya'ni joriy yil aprel` oyida milliy taraqqiyotimizning muhim va ajralmas yo'nalishlarini belgilab beruvchi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni tarixda ilk bor umumxalq referendumi asosida qabul qildik. Shu tariqa bunyodkor harakatlarimizning ortga qaytmas tus olishi uchun mustahkam huquqiy zamin yaratdik.
Xalq ishonchi – qutlug' taqdir. Bugun ko'p millatli xalqimiz bilan shu taqdir egasimiz. Bu fikrimizning huquqiy asoslari ham bor. Biri – barchamiz hamjihatlikda yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qilganimiz bo'lsa, ikkinchisi – mamlakatimiz Prezidentini ishonch bilan qayta saylaganimizda aks etadi. SHu kunlarda yana bir muhim yo'lga qadam qo'ydik. “O'zbekiston – 2030” strategiyasini hayotga tatbiq etdik.
Shunday asoslarda nimalarga erishdik va qanday maqsadlarimiz bor? Javobni davlatimiz rahbarining BMT minbaridan aytgan bu gapi bilan aytamiz: “Izchil davom etayotgan islohotlar natijasida O'zbekiston iqtisodiyoti, global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o'sish sur'atlarini namoyon etmoqda. So'nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko'paydi. Bizning bosh maqsadimiz – 2030 yilga qadar bu ko'rsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir”.
Endi yana bir gap. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarimizning bosh maqsadi xalqimiz turmush darajasini oshirishdir. Natijalar bor, albatta. Masalan, mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag'allik ikki barobarga kamaydi. “Biz 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirishni reja qilganmiz”.
Ijtimoiy davlat maqomi va uning katta mas'uliyatini olgan yangi O'zbekistonda aholini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, turmush sifatini yaxshilash maqsadlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu borada aholini ichimlik suvi, sog'liqni saqlash, ta'lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta'minlash ko'lamini kengaytirish hamda takomillashtirib borish maqsadimizdir.
Bularning barchasi BMT Bosh Assambleyasi minbarida aytilib, inson qadrini ulug'lash va ijtimoiy himoya vositalarini amalda qo'llash tajribasida mamlakatimizni o'rnak qilib ko'rsatish mumkinligini yana bir bor isbotladi.
Nutqdagi to'rtinchi muhim jihat inson huquqlarini himoya qilish yo'lidagi sa'y-harakatlar bo'ldi.
Bu haqda fikr yuritganda O'zbekiston misolida ko'p yutuqlarni sanash mumkin. Bulardan birinchisi hamda tarixiysi – majburiy va bolalar mehnatiga to'liq barham berildi.
O'zimizdan o'tganini o'zimiz bilamiz. Bir asrdan ziyodroq davr mobaynida paxta siyosati xalqimiz qadri va qaddini bukib keldi, chunki paxta qulligiga mahkum etilgan edik. Bu siyosiy tizimga aylandi. Afsuski, vatanimiz mustaqillikni qo'lga kiritgach ham nomaqbul tizimni o'zgartirishga jur'at qilolmadik, siyosiy irodamiz etishmadi.
To'g'risini aytish kerak, mustaqilligimiz e'lon qilingach, xalqimiz orzu-umidlari ham kurtaklay boshladi. Shular sirasida paxta qulligidan xalos bo'lish kabi asriy qayg'umiz ham bor edi. Bu haqda mustamlaka siyosat xorijga quvg'in qilgan vatandoshlarimiz ham tashvish tortib keldi. Ulardan biri – Boymirza Hayit. 1917 yili Namanganda tug'ilib, 2006 yili Germaniyada vafot etgani haqida ma'lumotlar uchraydigan jadid bobomiz 1992 yilda xalqimizga bitgan maktubida, jumladan, shunday degan edi: “1930 yilda Xidir Aliev aytgani kabi: “Paxta qizil imperializm davrida kafan bo'ldi, kafan”. Buni unutmasligimiz kerak. Paxtadan voz kechmaymiz. Ammo paxta bizni ezmasligi kerak. Biz paxtani idora qilishimiz kerak...”.
Nihoyat bu hodisa yangi O'zbekiston islohotlari epkinida amalga oshdi. Prezident Shavkat Mirziyoevning qat'iy siyosiy irodasi bilan majburiy va bolalar mehnatiga butkul barham berildi.
Bugun o'qituvchi va o'quvchilar qo'li paxta ko'saklari zahmidan qavarmayapti. Bugun ular maktabga qaytdi. Bugun paxtaning o'z egasi topildi...
Natijada o'zbek paxtasiga e'lon qilingan boykot bekor qilindi, yillar davomida “qora ro'yxat”larda turgan O'zbekiston endi qaddini yana tikladi, yuzimiz yorug' bo'ldi.
Boshida paxta qulligi bir kunda, bitta siyosiy iroda bilan bekor qilinganiga ishonchsizlik kayfiyati sezilib turgani ham bor gap. Lekin bu ortga qaytmas tus olganini mana o'zimiz ham, dunyo jamoatchiligi ham ko'rib turibdi. Qolaversa, Konstitutsiyamizda ham majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qo'yildi.
Inson huquqlarini himoya qilish yo'lidagi sa'y-harakatlarning ikkinchi va uchinchi manzaralari ham xayrlidir. Bular – pasport tizimi va fuqarolik masalasi.
O'zbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari ko'p yillar amalda bo'lmadi. Masalan, yurtdoshlarimiz o'z mamlakatida erkin harakatlanishga ojiz edi. Toshkentga kelsangiz yoki poytaxtda yashab, ishlamoqchi bo'lsangiz, albatta, pasport rejimiga amal qilishga to'g'ri kelardi. Doimiy yoki vaqtinchalik ro'yxatda turish hal qilib bo'lmaydigan og'riqli muammoga aylangandi.
Fuqarolik olish-chi? Qo'shni respublikalarda tug'ilib, taqdir taqozosi bilan O'zbekistonda yashayotgan, milliy taraqqiyotimizga hissa qo'shib kelayotgan minglab yurtdoshlarimiz yigirma besh yil sarson-sargardon yurdi. Bu bir inson umrining eng qimmatli davri ekani aytmasak ham ayon haqiqat.
Bugun shu ikki muammo ham ortda qoldi. Umuman olganda, Prezidentimizning mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqidagi gaplari qalqib turgan bugungi notinch dunyoda har birimizni shukronalik hissi bilan yashash, berilgan imkon va imtiyozlardan unumli foydalanish, bir so'z bilan aytganda, dunyo xalqlarini bir butun bo'lib, hamjihatlikda hayot kechirishga undashi bilan ham qadrlidir.
Beshinchi e'tibor inson kapitalini rivojlantirish va yoshlar siyosatining umumiy yo'nalishlariga qaratildi.
Bugungi dunyo inson kapitalisiz rivojlana olmasligini hayotning o'zi aytib turibdi. Chunki taraqqiyot va asr texnologiyalari shuni taqozo etmoqda. Aslida bu hamma davrlarga xos xususiyat. Lekin zamonaviy texnologiyalarning kunlik rivoji har birimizdan katta izlanish va intilish talab qilmoqda.
Shu ma'noda, davlatimiz rahbari BMT minbarida turib inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalashni o'z oldimizga qo'ygan strategik vazifalardan biri ekaniga bejiz to'xtalmadi.
Kapital nima uchun kerak, degan savolga javoblar ko'p. Keling, ularning bittasiga to'xtalamiz. Yangi qiyofa kasb etayotgan bugungi dunyoda iqtisodiy taraqqiyot ko'p hollarda investitsiya siyosatiga bog'liq bo'lib qolmoqda. O'z navbatida, XXI asr boshigacha to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar ishchi kuchi arzon mamlakatlarga kiritilgan bo'lsa, bugun intellektual salohiyatli va inson kapitali yuqori salohiyatga ega davlatlarga yo'naltirilmoqda.Sababi bugungi texnologiyalarni ishlatish uchun zamonaviy bilimlar, kuchli salohiyat va professionalizm talab qilinadi.
Prezidentimiz nutqidagi ikkinchi muhim jihat Markaziy Osiyo yoshlarini birlashtirish tashabbusi bo'ldi.
Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyaga egaligi aytilgan nutqda, bu borada mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo'nalishlari haqida bitim imzolangani ma'lum qilindi. SHuningdek, BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko'maklashish bo'yicha ishchi guruh tashkil etish taklif etildi. Uning doirasida esa, “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi aytildi.
Yoshlar siyosatiga doir shu va boshqa taklif-tashabbuslar birgalikda mintaqaviy taraqqiyotimiz bardavom bo'lishini anglatadi. Zero, yagona tarixiy makonda birlashish va og'a-ini, opa-singil bo'lib yashash taqdirini ko'zlagan yosh avlod kun kelib katta ishlarga qodir bo'ladi.
Oltinchi aspekt Markaziy Osiyoda yaxshi qo'shnichilik munosabatlari talqini va buning dunyo minbaridan hech ikkilanmasdan aytilishi edi.
Agar e'tibor bersak, dunyo geosiyosiy ayvonida tarixiy o'zgarishlar kuzatilmoqda. Bu fikrimizni “Daryolar oqa boshlagan joylariga yana qayta oqqani keladilar”, degan purma'no ishonch bilan davom ettiramiz.
Prezident SHavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida “Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o'ziga xoslikni anglash tuyg'usi birlashtirmoqda va bu tuyg'u tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo'limiz yo'q va bo'lishi ham mumkin emas!”, dedi.
Bu fikrlarda juda katta ma'no va tarixiy haqiqatlar mujassamligini anglash fursati kelganiga ko'p bo'lgan edi. Ammo mintaqadagi yopiqlik va o'zaro “musobaqalashish” kayfiyati bizni uzoq yillar ihotalab keldi. Nihoyat 2017 yildan shu manzara ham o'zgardi. Siyosiy tutumdagi muzlik eriy boshladi. Bugun nuktadon siyosatchilar ham, oddiy fuqarolar ham Markaziy Osiyo davlatlarining qayta boshlangan do'stlik aloqalarini bevosita va haqli ravishda Shavkat Mirziyoev fenomeni bilan bog'laydi.
Masalan, Janubiy Xitoydagi Amerika savdo palatasi prezidenti, doktor Xarli Seydinning mana bu fikrlariga e'tibor qarating.
“Bugun Markaziy Osiyo jadal rivojlanayotgan mintaqalardan biriga aylanmoqda. O'zbekiston milliy manfaatlarni faol ilgari surayotgani, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga katta e'tibor qaratgani holda, ularning hal etilishi yuzasidan astoydil jonkuyarlik qilayotgani bilan ajralib turadi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Markaziy Osiyoni tinch va farovon mintaqaga aylantirish bundan buyon ham O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo'lib qoladi, degan so'zlari bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi”, dedi u.
Ochiq aytish kerak, mintaqamiz davlatlarining birlashish maqsadi butun dunyoda global o'zgarishlar sodir bo'layotgan, iqlim o'zgarishlari va geosiyosiy xurujlar tahdid solib turgan bir sharoitda yuzaga kelgan tabiiy ehtiyoj edi. Va, eng muhimi, bugun biz bu yo'lda qat'iy pozitsiyamizni belgilab oldik.
Prezident Shavkat Mirziyoev nutqida bildirilgan fikrlar mazmuni jamlanmasi esa maqsadlarimiz aniq va davomli bo'lishiga ishonch uyg'otdi: “Aminmanki, xalqaro hamjamiyatning qo'llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo'lidan borishda davom etadi. Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O'zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo'lib qoladi”.
Ettinchi aspekt ham yangilanayotgan dunyoning ma'naviy qiyofasini belgilab berishi bilan ahamiyatlidir. Bu — xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishiga doir.
Milliy tariximizdan ham ma'lumki, xalqimiz qadimdan ayollarga hurmat bilan munosabda bo'lgan. Bizning zaminda kamolga etgan xotin-qizlar farzand tarbiyasida ham, ro'zg'or tutumlarida ham, davlat boshqaruvida ham o'z zakosini namoyon etib kelgan.
Shu bois, bugun ham shu qadim hikmat davom etib, yangi O'zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda.
Buning namunasini o'tgan yili yurtimiz oliygohlariga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etgani, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi birinchi marta 35 foizga etgani, ayollar va voyaga etmaganlarni zo'ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilingani kabi qator chora-tadbirlarning hayotdagi ifodasida ko'rishimiz mumkin.
BMT minbaridan turib yangragan bu yutuqlarimiz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanimizga uyg'unlashib ketdi. SHuningdek, davlatimiz rahbari kelgusi yili O'zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o'tkazish taklifini ilgari surdi.
Bu, avvalo, mintaqamiz ayollari tomirida jo'sh urib turgan bunyodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarishda muhim o'rin tutadi.
Sakkizinchi aspekt – uchta inqirozni o'z ichiga oldi. Bular: iqlim o'zgarishi, bioxilma-xillik yo'qolishi va atrof-muhit ifloslanishi.
Davlatimiz rahbari o'z nutqida Orol dengizining bugungi holatiga alohida to'xtaldi. Murakkab sharoitda Orol dengizi foijasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o'zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganiga urg'u berildi.
Ammo biz bu global inqiroz oldida aslo tomoshabin emasmiz. Nega deganda, bugun Orolning qurigan bag'rida yashil hududlar yaratishga jiddiy kirishganmiz. Keyingi yillarda bu hududda 1,7 million gektar maydonda qurg'oqchilikka chidamli o'simliklar eka boshladik.
Bu safar BMTning keng makonida bu boradagi sa'y-harakatlarimizni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo'llab-quvvatlashi ham juda muhimligi aytildi. CHunki Orol faqat bizning muammo emas, u mintaqa davlatlari osha dunyo iqlimiga o'z ta'sirini ko'rsatayotgani shundoq ham ma'lum.
Iqlim bilan bog'liq yana bir nechta tashvishli holat bor. Mintaqamizda havo harorati yil sayin ko'tarilib bormoqda. Oqibatda daryolar suvi kamayib, ichimlik suvi ta'minoti dunyo xalqlariga jiddiy xavf solayotgani ham sir bo'lmay qoldi.
Bunday sharoitda nima qilish kerak? Prezidentimiz mana shu masalalar echimiga ham e'tibor qaratdi. “Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo'yicha maxsus vakili lavozimi ta'sis etilishini qo'llab-quvvatlaymiz. Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg'or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish tarafdorimiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so'ng mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yo'lga qo'yilayotgani, bunday sheriklik manfaatlarimizga birdek mos bo'lib, iqlim o'zgarishlari bilan bog'liq tahdidlarning oldini olishga qaratilgani, bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi. Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo'lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish, uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo'lib o'tadigan xalqaro iqlim forumida muhokamaga qo'yish taklif etildi.
Bundan anglashiladiki, Samarqand yana bir bor — bu safar mintaqamizdagi global iqlim tahdidlariga qarshi kurashda umumiy maqsadlarni birlashtiradi. eng muhimi esa, mazkur forum iqlim muloqotlari shakllanishida yangi formatga va teng manfaatli hamkorlikka asos solishi maqsad qilingan.
Darvoqe, Bosh Assambleya sessiyasi bo'layotgan kunlarda “ABC News” nashri BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning iqlim o'zgarishlariga oid fikrlari bilan bo'lishdi. Janob Guterrishning insoniyat iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda oldinga siljiy olmayotgani haqidagi mulohazalari bayon etilgan nashr maydonida “Bu erda bizning diqqat-e'tiborimiz iqlim muammosini bartaraf etishga qaratilgan. Bu vazifani ortga surib bo'lmaydi. Insoniyat jahannam eshigini ochgan. Odamlar beqaror va xavfli dunyoga yaqin kelib qolgan. Hozir qudratli davlatlar o'rtasida Ikkinchi jahon urushidan buyon kuzatilmagan darajada kuchli tarqoqlik hukm surmoqda. Hatto, sovuq urush davrida ham global muammolarni hal qilish hozirgidan ko'ra osonroq edi”, degan tashvishli xulosalar aytilgan.
To'qqizinchi aspekt ekstremizm balosi tarqalishi, yoshlar radikallashuvi va diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yo'l qo'ymaslikka qaratildi.
O'zbekiston ilgari ekstremizm g'oyalari ta'sirida bo'lgan shaxslarni sog'lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirishga kirishdi. YAqin o'tgan yillarda “Mehr” insonparvarlik missiyasini besh marta muvaffaqiyatli bajardi. Bu bilan 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin SHarq va Afg'onistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarib olib keldik. Umuman olganda, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo'yicha Milliy strategiyamiz doirasida katta tajriba to'pladik.
Endigi navbat bu boradagi insonparvarlik amaliyotlarini keng ommalashtirishdir. Shu bois, Prezidentimiz BMTga a'zo davlatlarni xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib harakat qilishga chorladi.
Shavkat Mirziyoev ko'targan navbatdagi masala ham dunyoga jiddiy xavf tug'dirayotgani bilan og'riqli bo'lib kelayotir. Bu – diniy toqatsizlik muhiti va islomofobiya holatlari ko'payib borayotgani.
Bu tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, jahon miqyosida dinlararo bag'rikenglik va hamjihatlik g'oyalarini keng targ'ib etish maqsadida O'zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag'rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi. Albatta, O'zbekiston zamini qadimdan bag'rikenglik o'lkasi sifatida tanilib kelgan. Shu ma'noda, donishmand ajdodlarimiz ruhi qo'llab turgan diyorimizda bag'rikenglik va hamjihatlik g'oyalarini targ'ib qilishga to'laqonli haqlimiz, deya olamiz.
O'ninchi — Afg'oniston va bu mamlakatda yashayotgan jafokash xalq taqdiri.
Afg'on nolalar mamlakatiga, uning xalqi nolalar xalqiga aylanib qolmoqda. SHu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video bizni shu xulosaga kelishga majbur qilmoqda. Unda Afg'onistonning qaysidir bir qishlog'idagi g'isht zavodida olti-etti yoshlar atrofidagi o'nlab o'g'il-qizlarning loy qorib, g'isht quyayotgani, ularni sotib ochlikka qarshi katta kurash boshlagani tasvirini ko'rishingiz mumkin bo'ladi.
Bu bolalardan birining otasi “Yarim yilki shu zavodda bolalarim bilan ishlayapmiz. Farzandlarim maktab yo madrasaga borishi uchun imkon yo'q. Pulga bo'lgan ehtiyoj bizni bu erda ishlashga majbur qildi. ellik to'rt yoshga kirdim. Lekin hayotimda hech narsaga erishmadim. endi, hech bo'lmasa, farzandlarim o'qishi va kimdir bo'lib etishishini hamda bizning Afg'oniston taraqqiyotiga xizmat qilishini istayman”, deya hukumatdan yordam so'raydi.
Afg'on taqdiri bilan bog'liq bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin. O'zbekiston esa birodar afg'on xalqi taqdiriga hech qachon befarq bo'lmagan. Bu safar ham shunday bo'ldi. Prezident Shavkat Mirziyoev dunyo nigohini takror bu mamlakatdagi muammoli masalalarga qaratdi.
“Afg'onistonni o'z muammolari bilan yana yolg'iz qoldirish – bu katta xato bo'ladi. Inkor qilish, yakkalab qo'yish va sanktsiyalar qo'llash oddiy afg'on xalqining ahvolini yanada og'irlashtirmoqda. Afg'on xalqiga insonparvarlik yordami ko'rsatishni susaytirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Afg'onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o'tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo'naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyadagi nutqidan o'rin olgan mana shu o'nta aspekt bugun har birimizni jiddiy o'ylantirmog'i, dunyoga, hayotga va jamiyatga yangicha nazar bilan qarash, shaxsiy, umummilliy, umummintaqaviy munosabatlarimizda arjumand birdamlik ruhini shakllantirmog'i shart va zarur.
Shundagina biz kun sayib o'zgarib, murakkablashib, tahlikalarga to'lib borayotgan dunyoda bardavomligimizni, yashovchanligimizni saqlab qolishga qodir millat sifatida bo'y ko'rsatamiz.
Maqolamizni har tong hikmati bilan boshlaganimiz ham bejiz emas. Boisi, har tongda tole bor, hayot haqiqatlari yashirin, quvvatlanish hodisasi ham nurdan boshlanadi. SHunday ekan, tinch otayotgan har tongdan quvvat va ilhom olib hayot uchun kurashish taqdirini tanlash, bu yo'ldagi ezgu tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash sharafli burchimizga aylanishini istaymiz.
Salim DONIYOROV









