Xalq shoiri xotirlandi

    80-yillarning o'rtalari va oxirlarida Orol muammosini baralla ko'targan ham yozuvchilar bo'ladi. Shulardan biri — Ramz Bobojon edi. 1969-yili o'zining “Obihayot” nomli she'rida kutilayotgan Orol muammosi nafaqat O'zbekistonga balki, butun Markaziy Osiyo uchun tabiiy ofat ekanligini ta'kidlagan.

    O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida O'zbekiston xalq shoiri, dramaturg Ramz Bobojon tavalludining 100 yilligiga bag'ishlangan “Xotira – ikkinchi hayotdir” mavzuidagi badiiy-ma'rifiy kecha o'tkazildi. Badiiy-ma'rifiy kecha atoqli adibning oila a'zolari ishtirokida o'tkazildi.

    Tadbir mehmoni, Fuzuliy nomli xalqaro mukofot laureati, iste'dodli shoir To'ra Mirzo shoir va dramaturgning hayoti va ijodi bilan bog'liq hamma uchun qiziqarli bo'lgan voqealarni so'zlab berdi.

    Adibning qizi Kamola Bobojonova esa otasi haqiqiy insonparvar, mehribon va odamoxun bo'lganligi, unga murojaat etgan insonlarning barcha iltimoslarini erda qoldirmaganini eslab o'tdi. Shuningdek, Ramz Bobojon tiriklik davrida xotira – ikkinchi hayot ekanligi haqida tez-tez aytishini ham yodga oldi.

    Jamoat xavfsizligi universiteti professori, adabiyotshunos olim To'lqin Saydaliev adibning yoshligi qatag'on siyosat davriga to'g'ri kelganligi va u ijodida o'ta ehtiyotkorlik bilan xalq manfaatini o'ylab faoliyat yuritgani haqida hikoya qilib berdi.

    Kechada birinchi kurs kursantlaridan “Yangi alvon beretlar” ijodiy jamoasi ham faol ishtirok etishdi. Ular shoirning adabiy merosidan chuqur falsafiy mazmunga ega bo'lgan to'rtliklardan chiroyli she'riy kompozitsiyalarni ijro etishdi. Ijodiy jamoa adib qalamiga mansub to'rtliklaridan o'qib “Toshkent” va “Gilos” she'rlarini qo'shiqqa solib, kaver usulida ijro etib berishdi. Adibning farzandlari va yaqinlari ularga minnatdorlik bildirishdi.

    Kechada Bosh Qomusimiz bo'lgan Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan unumli foydalanildi.

    Aytish mumkinki, tadbir kecha ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi. U yoshlarning ma'naviy tarbiyasiga, ularda vatanparvarlik xissini oshishiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi, ularni kitob o'qishga, tarixni o'rganishga, adabiyotni sevishga va o'tmish allomalarini ulug'lashga da'vat etishi bilan ahamiyatlidir.

    Dilmurod Irgashev,

    O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavsizligi universiteti

    kafedra katta o'qituvchisi,

    dotsent, podpolkovnik.