Xalq ta’limi vazirligida vazir Baxtiyor Saidov boshchiligida navbatdagi hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, Jamoatchilik kengashi vakillari, vazirlik mutasaddilari, respublika tashkilotlari, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlari samaradorligi, 2-yarim yillikdagi dolzarb vazifalar, mavjud kamchiliklar, ularning yechimiga oid takliflar hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va istiqboldagi vazifalar muhokama etildi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda olib borilgan yig‘ilish chog‘ida maktablarda ta’lim sifatini oshirish masalasi ko‘tarildi hamda joylarda olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi.

— Jahondagi ilg‘or metodikalarni bilmaganimiz uchun ahvolimiz yaxshi deb bo‘lmaydi. Afsuski, ustozlar ta’limga xalqaro metodikani tatbiq etish, ekspertlarni jalb qilish masalalarini noto‘g‘ri talqin qilishyapti. Vaholanki, ustozlarning tajribasini oshirish uchun sabablarimiz yetarli. Xalq ta’limi sohasida eng ziyolilar ishlashi va barcha olib borilayotgan islohotlarga ziyolilar kabi yondashishi kerak”, — deya qayd etdi vazir.

Baxtiyor Saidov so‘nggi vaqtda vazirlik jamoasi bilan 4 mingdan ortiq ta’lim muassasalari, jumladan, o‘zi mingdan ortiq maktablar ahvoli bilan tanishib chiqqanini va imkoni bo‘lsa har bir maktabga borishini, maktablardagi nosog‘lom muhit uchun hududiy xalq ta’limi rahbarlari shaxsan javob berishini aytib o‘tdi. Shuningdek, so‘nggi oy davomida 6 ta hududdagi 100 foiz direktorlar bilan uchrashilgani va ularga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berilgani qayd etildi.

Yig‘ilish davomida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, ya’ni maktab moddiy-texnik bazasini yaxshilash yuzasidan mahalliy hokimliklar bilan ishlarni jadallashtirish, jumladan, chet tillarini o‘qitish masalalari, 1-sinfga qabul yuzasidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Joriy o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilinadigan bolalar soni (700 ming nafar o‘quvchi) rekord darajani qayd etayotgani, shu bois mazkur masalani jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha alohida ish olib borish zarurati qayd etildi.

Shuningdek, maktablarda psixologlarning faoliyati ham tanqidiy tahlil qilinib, ularning faoliyatini ko‘rib chiqish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ayni damda psixologlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgani va ushbu ishchi guruh tomonidan maktablarda o‘quvchilar bilan ishlashni yangicha yondashuv asosida tashkil qilish, bundan buyon bu yo‘nalishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmaslik yuzasidan topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, malaka oshirish yo‘nalishida ham olib borilayotgan tizimli ishlarga to‘xtalib o‘tilar ekan, joylarda bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish so‘ngida xalq ta’limi tizimidagi har bir rahbar xodim xalqdan kelib tushayotgan murojaatlarga befarq bo‘lmasligi, “Inson qadri” tamoyili asosida har bir murojaatni o‘rganib chiqishi lozimligi, zero kelib tushayotgan har bir murojaat maktablarda ma’naviy muhit yaxshi emasligi, adolatsizliklar, tuman mudiri va maktab rahbarlarining ishlamasligidan dalolat ekanligi aytib o‘tildi.

Ma’lumot uchun: 6 oy davomida o‘z lavozim majburiyatlari va mehnat faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun 3 ta hududiy boshqarma boshlig‘i, 9 nafar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, 28 nafar tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek bir qator viloyat, tuman va shahar xalq ta’limi rahbarlariga xayfsan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.