Bitiruv tadbirlarida turli vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar qatnashdi. Yoshlarni kelajakka ruhlantiruvchi tilaklar aytib, mustaqil hayotga ilk qadami qutlugʻ boʻlishiga xayrixohlik bildirdi. Bu, avvalo, yurtimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotganining yorqin namunasidir. Shuningdek, Oʻzbekiston yoshlari kelajagiga masʼullik hissi barchaga daxldor ekanidan dalolat beradi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Nukus shahridagi 2-informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan soʻnggi qoʻngʻiroq tadbirida ishtirok etdi, deya xabar beradi “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Minajatdin QUTLIMURATOV.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlim vazirligi tasarrufidagi 727 ta umumtaʼlim maktabining 11-sinfini 24 ming 136 oʻquvchi bitirmoqda.
— Bugun hayotingizda eng quvonchli kun. Tarixda birinchi marta Prezidentimiz barcha bitiruvchilarga tabrik yoʻlladi, — dedi Sh.Shermatov. — Bunday hodisa oldin boʻlmagan. Bugungi sharoitni ham oldin hech kim tasavvur qilib koʻrmagan. Hozir yoshlarimiz uchun bir vaqtning oʻzida beshtagacha oliy taʼlim muassasasida tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Prezidentimizning ezgu niyatlarini sizga yetkazayotganimdan mamnunman.
— Yosh avlod vakili sifatida davlatimiz tomonidan biz, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, imtiyozli asosda oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinyapman, — deydi 11-sinf oʻquvchisi Nilufar Ayapova. — Kelajakda yetuk inson boʻlib kamol topishim uchun bor bilim va salohiyatimni ishga solaman. Biz, yoshlar zimmasiga uchinchi Renessansga poydevor qoʻyishdek yuksak vazifa yuklangan ekan, zamonaviy talablar asosida taʼlim-tarbiya olib, xalqimizning ravnaqi yoʻlida mehnat qilishga tayyormiz.
Ayni paytda mamlakatimizda 14 ta informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi mavjud. Ularda kelajak dasturchilari yetishib chiqadi. IT sohasiga ixtisoslashtirilgan mazkur maktabda 30 nafar oʻquvchi test sinovlaridan oʻtib, taʼlim-tarbiya olmoqda.