Sababi an'anaviy ta'limda bolada tanqidiy va ijobiy fikrlash, muommoni hal qilish, jamoa bo'lish kabi qator kompetentsiyalari yuqori shakllanmas edi. Bugungi kun pedagoglar jamoasidan ta'limni interfaol usulda tashkil etishni va o'quvchilarga zamon talablariga mos bilim berishni taqozo etmoqda. Bunda pedagoglarning o'z kasbiy malakasini oshirib borishi muhim ahamiyatga ega.
Muvaffaqiyatli ta'lim tizimlarida o'qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Misol uchun, Norvegiyada o'qituvchining yillik ish vaqtining 6 kuni malaka oshirish uchun ajratilsa, Yaponiyada bu ko'rsatgich 10 kunni, Singapurda 12, Shanxayda 33 kunni tashkil etadi.
E'tiborlisi, o'quvchilarining ta'limdagi yutuqlarini baholashga qaratilgan xalqaro PISA tadqiqotlarida Xitoy, Singapur, Yaponiya yuqori o'ntalikka kirishini hisobga olsak, o'qituvchining malaka oshirishi va o'quvchilarining ta'limdagi yutuqlari o'rtasida uzviy bog'liqlik bor.
Ilgari har besh yilda hududiy malaka oshirish markazlarida majburiy 144 soatlik malaka oshirish kurslari pedagoglarning ta'lim ehtiyojlarini to'liq ta'minlamasdi. Bu muommolarning yechimi sifatida Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrda imzolagan “O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni malaka oshirish tizimining “Hayot davomida o'qish” tamoyili asosida takomillashtirish va pedagoglarning o'zi tanlagan ta'lim muassasalariga malaka oshirish imkonini yaratdi.
Bugungi kunda pedagoglarining kasbiy mahoratini oshirish, ularga metodik ko'mak berish maqsadida Samarqand viloyati xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi professor-o'qituvchilari tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Pedagoglarining qishki ta'til kunlarini samarali o'tkazish hamda bugungi pandemiya sharoitida ham ularga metodik tavsiyalar berish maqsadida viloyatdagi barcha fan o'qituvchilarining takliflaridan kelib chiqqan holda yil boshidan buyon haftada 6 kun mobaynida Zoom platformasi orqali onlayn darslar, vebinarlarda markaz professor-o'qituvchilari OTM hamda ilg'or tajribali oliy toifaga ega bo'lgan umumta'lim maktablarining o'qituvchilari bilan darslar tashkil qilinmoqda. Masalan, Tillarni o'qitish metodikasi kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan, Samarqand Davlat universiteti rus filologiyasi fakulteti professor-o'qituvchilari hamda “KLASS!” “ZO'R!” loyihasi doirasida faoliyat olib borayotgan rossiyalik o'qituvchilar hamkorligida Zoom platformasi orqali onlayn-vebinar tashkil etildi.
Mazkur onlayn-vebinarda Tillarni o'qitish metodikasi kafedrasi dotsenti D.X.Alimova “Формирование межкультурной компетенции учащихся на уроках русского языка и литературы” mavzusida, SamDU Rus tili kafedrasi mudiri K.A.Dubrovskaya “Применение инновационных методов, развивающих критическое мышление учащихся, на уроках русского языка в школах Узбекистана” mavzusida, “KLASS!” “ZO'R!” loyihasi doirasida faoliyat olib borayotgan rossiyalik o'qituvchi T.Z.Kolomiets “Практика преподавания русского языка как иностранного” mavzusida ma'ruza va amaliy mashg'ulotlarni tashkil etishdi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi va Samarqand viloyati xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining 2021 yil 6 dekabrdagi 165- 108- sonli qo'shma buyrug'i asosida markaz professor-o'qituvchilari tomonidan o'tgan yilning birgina dekabr oyida viloyatning chekka-chekka hududlaridagi pedagoglar uchun barcha fanlardan 18 soatlik 19 ta manzilli, sayyor, qisqa muddatli kurslar va xalqaro baholash tadqiqotlariga doir 10 ortiq bepul qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. Ushbu kurslarda 600 nafarga yaqin tinglovchilar bepul o'qitildi. Bunday kurslarni ko'paytirish yuzasidan o'qituvchilar tomonidan takliflari bildirildi.
Shu o'rinda bir savol: xo'sh, ushbu kurslarning boshqa kurslardan farqli jihati nimada edi?
Ushbu kurslarning boshqa kurslardan farli jihati shundaki, atrofimizdagi bor narsalardan unumli foydalanish, ya'ni biologiya hamda kimyo fanidan tashkil etilgan kurslar davomida olis hududlardagi imkoniyatlar hisobga olinib, oddiy, topilishi oson detallar orqali (masalan, oddiy paxta, suv, tuproq, shunga o'xshash) hamda o'rganilayotgan metodlar va yondashuvlar borasida boshqa maktablardagi faoliyat olib borayotgan hamkasblari bilan o'zaro fikr almashish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Muxtasar qilib aytganda, qisqa muddatli kurs natijalari tahlili shuni ko'rsatadiki, pedagoglarining o'tilgan darslar haqidagi fikrlari ijobiy. Aksar o'qituvchilar ushbu kurslar ularga motivatsiya berib, o'z ustida ishlashga, izlanishga undayotganini hamda attestatsiya jarayonlarida olgan bilimlari qo'l kelayotganini ta'kidlashmoqda. Shu bois joriy yilda pedagoglar tomonidan bildirilgan takliflar tahlil qilindi. Ularning kasbiy ehtiyojlari aniqlanib, mazmuniga mos ravishda qisqa muddatli kurslar soni 2, 3 baravarga ko'paytiriladi.
Asila Ibragimova,
Samarqand viloyati xalq talimi xodimlarini
qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
hududiy markazi matbuot kotibi