Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligining 2022-yil 6 oylik faoliyati yakunlari hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev, vazir o‘rinbosarlari — Temur Komilov, Rustam Karimjonov, Vaxobjon Rajapov hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida vazirlik faoliyatining 2022-yil 1-yarim yillik yakunlari hamda bu borada amalga oshirilgan eng muhim vazifalar ijrosiga doir muhim masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dasturi” asosida kelgusida tizimda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarni belgilab olindi.

Joriy yilning o‘zida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida 100 ming nafar, “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi orqali 87 ming nafar tizim xodimlari o‘z malakasini oshirdi. Natijada, toifaga ega o‘qituvchilar soni 220 110 nafardan 325 818 nafarga yoki ularning ulushi 43,8 foizdan 64,8 foizga oshishiga erishildi. Shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish maqsadida jami 176 nafar xorijiy ekspert va pedagoglar jalb qilindi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan pedagog kadrlar sifatini oshirish maqsadida  Pedagogika universiteti xalq ta’limi tizimiga o‘tkazildi. Kelgusida esa Toshkent davlat pedagogika universiteti xalqaro talablar asosida transformasiya qilinishi rejalashtirilmoqda.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, joriy yilda 246 nafar mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida maktablar uchun Milliy o‘quv dasturi yaratilib, o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Dastur asosida 296 nomdagi yangi avlod darsliklari, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari yaratildi. Shu jumladan, 189 ta darslik, 50 ta mashq daftari, 57 ta metodik qo‘llanmalar va darsliklarning mobil ilovalari yaratildi.

Qayd etish o‘rinliki, pedagoglarni kasbiy mahoratini oshirib borish o‘quvchilarning shaxsiy va jamoaviy yutuqlarga erishishida muhim o‘rin tutmoqda. 2021-2022 o‘quv yili davomida maktab bitiruvchilarining 9 514 nafariga oltin va 1 999 nafariga kumush medallar topshirildi.

Xususan, yurtimiz maktab o‘quvchilari nufuzli xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida ham katta natijalarga erishdi. Xususan: 
•    nufuzli xalqaro olimpiadalarida – 6 ta medal (4 ta kumush, 2 ta bronza);
•    mintaqaviy olimpiadalarda – 39 ta medal (3 ta oltin, 13 ta kumush, 23 ta bronza) qo‘lga kiritildi.

Buning natijasida o‘quvchilarimiz va ularning ustozlari jami 778,5 mln.so‘m miqdorida rag‘batlantirildi.

Yosh avlodni sog‘lom voyaga yetishi uchun joriy o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etildi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 139 mingdan ortiq (726 ta maktab), Xorazm viloyatida – 134 mingdan ortiq (549 ta maktab) o‘quvchi bepul ovqatlanishi tashkil etildi.

Xalq ta’limi sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirish borasida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar dublikatini berish Yagona interaktiv xizmatlari portali orqali 7 kun ichida (ilgari 30 kun) olish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida bugungi kunga qadar 3 131 nafar fuqaro hujjat dublikatini elektron shaklda oldi.

Matbuot anjumani davomida yangi — 2022-2023 o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir so‘nggida jurnalistlar tomonidan berilgan maktabdagi dars jarayonlari va o‘quv darsliklari sifatini yanada yaxshilash, sohada xususiy sektor ulushini oshirish hamda boshqa muhim mavzularga oid savollarga vazirlik mutasaddilari tomonidan atroflicha javob berildi.