Qarorga koʻra, 2022-yil 1-maydan Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlarda avispotting – belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishni amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi.
Respublikadagi barcha xalqaro aeroportlarda, ularga tutash hududlarda aviaspotting mashgʻulotlari uchun ixtisoslashtirilgan joylar (kuzatish maydonchalari) bosqichma-bosqich ajratiladi.
2022-yil 1-maydan mahalliy havaskorlar va professional aviaspotterlar uchun har choraklik mavsumiy tanlovlar, shuningdek, har yilgi tanlovlar taʼsis etiladi hamda tashkil qilinadi.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-maygacha birinchi bosqichda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti va “Samarqand” xalqaro aeroportida, 2022-yil 1-iyuldan – qolgan barcha xalqaro aeroportlar hududida aviaspotting bilan shugʻullanish uchun kuzatish maydonchalari toʻliq faoliyat koʻrsatadi.