Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida “Moʻjizalar karvoni” festivali boʻlib oʻtadi

    Madaniyat 31 May 2022 3070

    1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Next” savdo-koʻngilochar majmuasida “Moʻjizalar karvoni” festivali oʻtkaziladi.

    Turizm va madaniy meros vazirligi, “Next” savdo-koʻngilochar majmuasi tomonidan boshqa hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan festival doirasida xayriya tadbirlari, konsert va koʻrgazmalar kabi qator tadbirlar oʻtkaziladi.

    Festivalning asosiy maqsadi bolalarning ijodiy qobiliyatlarini kashf etish va qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.

    “Moʻjizalar karvoni” festivali doirasida Oʻzbekistonning figurali uchish boʻyicha yoshlar terma jamoasi ishtirokida “Moʻjizalar karvoni” muz shousi, “Quvonch doʻkoni” aksiyasi oʻtkaziladi, unda xohlovchilar bolalar kitoblarini va yumshoq oʻyinchoqlarni sovgʻa qilishlari mumkin. Tadbirda Oʻzbekistonning bolalar bilan bogʻliq xayriya amallariga ixtisoslashgan jamgʻarmalar va nodavlat notijorat tashkilotlari taqdimoti oʻtkaziladi.

    Bolalarni kasblar bilan tanishtirish uchun turli kasblarga oid stansiyalar ishlaydi. Sogʻlom turmush tarzining eng yosh ixlosmandlari uchun alohida mashgʻulotlar boʻladi.

    Festivalda bolalar uchun katta musiqiy bayram – “Tantana” vokal va estrada guruhining shou-konserti boʻladi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    “Moʻjizalar karvoni” festivali bayram salyuti bilan yakunlanadi.