Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayʼatining navbatdagi onlayn majlisi Xalqaro ilmiy hayʼatga yangi rais tayinlash, 2021-yilda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar, shu yil 26-may kuni oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumga tayyorgarlik koʻrish, moturidiylik taʼlimotiga oid zamonaviy tadqiqotlarni saralash, oʻzaro hamkorlikda ilmiy seminar va oʻquv kurslarini tashkil etish, xodimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, musulmon mamlakatlari universitetlarida Imom Moturidiy nomida kafedralar ochish kabi muhim va dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlandi.

Majlisda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hayʼat aʼzolari tomonidan bir ovozdan Xalqaro ilmiy hayʼatning yangi raisi etib saylandi. Muftiy hazratlari ushbu masʼuliyatli vazifani qabul qilib olar ekan, Xalqaro ilmiy hayʼat aʼzolari boʻlgan yetuk olim va mutaxassislar bilan bitta maqsad yoʻlida faoliyat olib borish oʻzi uchun yuksak sharaf ekani, hayʼat Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish hamda keng targʻib qilishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga qatʼiy ishonishini taʼkidlab oʻtdi.

Xalqaro ilmiy hayʼat aʼzolari tarkibida Bosniya sobiq muftiysi Mustafo Cherich, misrlik ilohiyotshunos olim Ahmad Damanhuriy, xorij oliygohlari professorlari, islomshunos olimlar, IRCICA tashkiloti boʻlim boshligʻi professor Ashirbek Moʻminov hamda oʻzbekistonlik islomshunos mutaxassislar qatnashib, oʻzaro fikr-mulohaza almashdilar.

Xususan, al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Muhammad Nazir Ayyad bugungi kunda Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish va targʻib qilish yuzasidan hamkorlik qilish, jumladan, anjumanlar, ilmiy seminarlar, davra suhbatlari, oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, musulmon mamlakatlari universitetlarida Imom Moturidiy nomi bilan atalgan kafedralarni tashkil etish zarurati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

— Majlisning kun tartibiga kiritilgan masalalar bilan yaqindan tanishib chiqdim. Oʻylaymanki, ushbu masalalar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining kelgusidagi istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Ushbu markaz butun dunyoga moturidiylik taʼlimotini keng targʻib qiluvchi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biriga aylanishiga ishonchim komil, — deydi Malayziya Islom ilmlari universiteti professori Kamoluddin Nurdin Marjuniy.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiylik taʼlimoti tadqiqotlari boʻlimi boshligʻi Abdullatif Alloqulovning taʼkidlashicha, Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning “Taʼvilotu ahli as-sunna” (“Sunnat ahlining izohlari”) asari tarjimasini Markazning eng salmoqli ishi sifatida koʻrsatish mumkin.

Majlis yakunida Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar Xalqaro ilmiy hayʼat aʼzolari tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish hamda yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan istiqbolli rejalar koʻrib chiqilib, kelgusida oʻzaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, hayʼat yigʻilishini doimiy tarzda oʻtkazib borish zarurligi taʼkidlandi.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri