Mazkur tadbir O'zbekistonning Pekindagi elchixonasi, Xebey provintsiyasi, Madaniyat va turizm departamenti hamda Xalqaro Ipak yo'li madaniyat almashinuv markazi tomonidan tashkil etildi.

Festivalda provintsiya rahbariyati, vazirlik va idoralar vakillari, madaniyat va san'at arboblari, mahalliy aholi hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Maxsus tashkil etilgan stendda o'zbek xalqining boy madaniyati, urf-odatlari, milliy an'ana va qadriyatlarini o'zida mujassam etgan milliy hunarmandchilik va to'qimachilik mahsulotlari namoyish etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar e'tiboriga, shuningdek, O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan videolavhalar va targ'ibot materiallari taqdim etildi.

Lanfan shahridagi Xalqaro Ipak yo'li madaniyat almashinuv markazi prezidenti va badiiy rahbari Klaudiya YAn:

- O'zbekistonning boy madaniyatini namoyish etishga bag'ishlab Xitoyning turli shaharlarida o'tkazilayotgan tadbirlarda qatnashayotganimdan juda xursandman.

Bizning Xalqaro Ipak yo'li madaniyat almashinuv markazimiz O'zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda mamlakatingizga bag'ishlangan stend tashkil qildi. Bu erga tashrif buyuruvchi mehmonlar yurtingizda qo'lda ishlangan nafis hunarmandchilik va to'qimachilik mahsulotlarini ko'rish imkoniga ega bo'ldilar.

O'zbek mahsulotlari mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi. Xususan, qo'lda tikilgan so'zana matolari ishtirokchilar e'tiborini o'ziga tortdi. Aytish kerakki, O'zbekiston o'z madaniyati, san'ati va an'analarini yaxshi saqlab kelmoqda. Bunday ko'rgazmalarning o'tkazilishi O'zbekistonni yanada yaqindan tanish imkonini beradi.

Men o'zim ham ko'p yillardan beri san'at sohasida faoliyat yuritib kelaman. Pianino chalishni juda yaxshi ko'raman. Albatta, kelgusida o'zbek musiqasini o'rganish va ularni ijro etishni maqsad qilganman.