— To‘rt yarim soat davom etgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev har birimiz bilan alohida suhbatlashdi. Taklif va mulohazalarimizni tingladi, zarur maslahat va tavsiyalarini berdi.
Men Pittsburg davlat universiteti magistrantiman. Ishlab chiqarish sohasida ilmiy ish qilyapman. Hozir dunyoda texnologiya rivojlanib, sanoat roboti ishlab chiqarish jarayonlariga kirib kelganidan keyin juda ko‘p davlatlarda aynan ishlab chiqarish sohasida ishsizlik darajasi oshib bormoqda. Tadqiqotlar natijasida eng yuqori ishsizlik ko‘rsatkichi o‘rta va quyi qatlamda, ya’ni bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan xodimlar o‘rtasida kuzatilyapti.
Shu bois, men uchrashuvda “El- yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari tahsili davomida chet eldagi nufuzli universitet yoki turli kompaniyalarda faoliyat yuritishi, ikki yil davomida talaba u yerda o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarini keyinroq O‘zbekistonda tatbiq etishiga imkoniyat yaratilishi taklifini bildirdim.
Shuningdek, chet elning nufuzli universitetlarida muhandislik va texnologiyalar bo‘yicha o‘qitilayotgan yangi metodikalar, yangi fanlarni O‘zbekiston ta’lim muassasalarida tatbiq etish, bu orqali sanoat va ishlab chiqarish sohasida inson kapitali sifatini oshirish haqida fikrlashdik.
Bunda “El-yurt umidi” stipendiatlari ko‘prik vazifasini bajarishini aytib o‘tmoqchiman. Yurtimizdagi o‘zgarishlarda jamg‘arma stipendiatlari faol qatnashishi, xalqaro g‘oyalarni O‘zbekiston ta’lim tizimi bilan integratsiya qilgan holda amaliyotga tatbiq etishi mumkin.
Bu fikrlarimizni qo‘llab-quvvatlagan davlatimiz rahbarining “Men yoshlarga ishonaman, ular bu ishonchni oqlaydi. O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan bu yoshlar o‘qib, tajriba orttirib, yaqin yillar ichida mamlakatimizni ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shadi” mazmunidagi fikrlari bizga yanada qanot bo‘ldi. Uchrashuvda vatandoshlar, nufuzli Garvard, Stenford, Kolumbiya universitetlarida o‘qiyotgan o‘zbek yoshlari ham so‘zga chiqib, takliflarini bildirdi. Bu suhbat barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishladi, eng muhimi, kelajakka ishonchimizni orttirdi.
Men O‘zbekiston fuqarosi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati sifatida Prezidentimizning yonida turib, mamlakatimiz yaqin kelajakda eng ilg‘or davlatlar qatoriga kirishi yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni ayamayman.