Uchrashuvda agentlik direktori Mirzohid Ubaydullayev hamda Bangladesh Kichik va o'rta tadbirkorlik jamg'armasi bosh direktori Doktor Mohidir Rahmon ishtirok etdi.
Agentlik va jamg'arma o'rtasida o'zaro ma'lumotlar almashildi. Kooperatsiya aloqalarini yo'lga qo'yish maqsadida hamkorlik yo'nalishlari yuzasidan muhokama olib borildi.
Ikki tomonlama va uzoq muddatli hamkorlik aloqalariga huquqiy baza yaratish maqsadida yaqin kelajakda hamkorlik memorandumini imzolash taklifi kiritildi. Mohidir Rahmon o'zaro anglashuv memorandum loyihasini ishlab chiqib, kelgusi ikki tomonlama tashriflar doirasida imzolash tashabbusi bilan chiqdi.
Agentlik direktori ushbu jamg'arma faoliyati doirasida mikrokreditlash tizimini takomillashtirish, mamlakatimizda hokim yordamchilarining malaka va bilimlarini oshirish, tadbirkorlarga ajratilgan erlardan samarali foydalanish yo'nalishlari bo'yicha Bangladesh tajribasi bilan yaqindan tanishish istagida ekanini bildirdi.
Ma'lumot uchun: Bangladeshning Kichik va o'rta tadbirkorlik jamg'armasi faoliyati kichik hamda o'rta toifadagi korxona va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, rivojlantirishga yo'naltirilgan. Bundan tashqari, jamg'arma tadbirkor xotin-qizlarni asosiy tadbirkorlik hamjamiyatiga kiritish uchun bir qator muhim chora-tadbirlarni amalga oshiradi.