Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tashkil etildi

    Investitsiyalar 1 Aprel 2021 2456

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra:

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 49 shtat birligidan iborat boʻlgan Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tashkil etilganligi hamda Agentlik faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangandi:

    – loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan takliflarni malakali konsultant va ekspertlarni jalb qilgan holda loyihaoldi baholash (shu jumladan, muqobil ssenariylar ishlab chiqish);

    – davlat tashqi qarzi hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida loyiha tashabbuskorlariga texnik topshiriq va texnik-iqtisodiy asoslarni mukammal ishlab chiqishda koʻmaklashish;

    – loyihani tayyorlash va amalga oshirishning har bir bosqichida loyiha xarajatlarini boshqarish tizimini joriy qilish;

    – loyihaning maqsadli koʻrsatkichlari matritsasini shakllantirish, ularni monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish;

    – investitsiya loyihasini amalga oshirishda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;

    – loyihalar doirasida shaffof va xolis tender hamda boshqa xarid jarayonlarini tashkil etish, shu jumladan, xaridlar boʻyicha mustaqil ekspert va professional kompaniyalarni jalb qilish;

    – loyihalarni amalga oshirish doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va pudratchilarni keng jalb qilish maqsadida ular uchun tegishli trening va seminarlar oʻtkazilishini doimiy asosda taʼminlab borish;

    – loyihalarni boshqarish doirasida raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ilgʻor xalqaro tajribani qoʻllash;

    – investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini va texnik-iqtisodiy asoslarda nazarda tutilgan natijalarga erishilganligini baholash tizimini joriy etish, shu jumladan, loyiha natijalarini baholash hisobotlarini umumlashtirish va tahlil qilish;

    – loyihalarni boshqarish guruxdari va loyiha tashabbuskorlarining tegishli boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning samaradorligini baholash.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini taʼminlash toʻgʻrisida” 2020-yil 6-noyabrdagi qarori doirasida tugatilayotgan “Kommunxizmat” agentligi, Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining huquq, majburiyat va shartnomalari boʻyicha huquqiy voris etib belgilandi.