Oʻzbekiston – Germaniya xalqaro biznes forumi doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortikov, Germaniya Sharqiy biznes uyushmasi ijrochi direktori Mixael Xarms va Mangold Consulting GmbH kompaniyasi direktori Kristov Mangold oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan 3 tomonlama anglashuv Memorandumi imzolandi.

Mazkur Memorandum tomonlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik va ishonch tamoyillariga muvofiq tuzilgan boʻlib, uning doirasida davlat aktivlarini boshqarish va davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish yoʻnalishlari, shuningdek, korporativ boshqaruv shakllari va usullari sohasida hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda korporativ boshqaruvning rivojlanishiga amaliy yordam berishga qaratilgan jarayon ishga tushirilishi koʻzda tutilgan. Xususan, korxonalar, tashkilotlar, kompaniyalar vakillari ishtirokida kadrlar malakasini oshirish va korxonalarda texnik hamda texnologik strategiyalarni ishlab chiqish, xususiylashtirishdan keyingi muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshma seminarlar, treninglar, konferensiyalar va oʻquv kurslari tashkil etiladi.

Maʼlumot uchun, Germaniyaning Sharqiy biznes uyushmasi Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyodagi nemis kompaniyalari uchun biznes sharoitlarni yaxshilashga, Mangold Consulting GmbH kompaniyasi Germaniya hamda xorijdagi milliy va xalqaro kompaniyalarga, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ishbilarmonlarga maslahat berishga ixtisoslashtirilgan.