Diplomatlar joriy yilda har bir alohida olingan mamlakat bilan siyosiy-diplomatik, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etdilar hamda kelgusi yil uchun har bir yoʻnalishdagi ustuvor vazifalari va rejalari bilan boʻlishdilar.

Faoliyatning yaqin istiqboldagi umumiy maqsadi jadal iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, mamlakatimiz investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, milliy iqtisodiyotimizning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvini yanada kengaytirish uchun xalqaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalarining import oʻrnini bosuvchi yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish, ularni amalga oshirishga xorijiy investorlarni jalb etish hamda tarmoq birlashmalari va hududiy maʼmuriyatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishda ishtirokini faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, 2022-yil yakunlariga koʻra eksport koʻrsatkichlarini sezilarli darajada oshirish maqsadida diplomatik vakolatxonalarning milliy eksportni ragʻbatlantirishdagi ishtirokini kengaytirish dolzarbligi qayd etildi. Bunga tashqi bozorlar konyunkturasini chuqur oʻrganish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning boʻlajak mijoz kompaniyalar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, tashqi savdodagi turli xil toʻsiqlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻrish, shuningdek, sanoat va hududiy korxonalarning qoʻshimcha eksport zaxiralarini safarbar etish orqali erishish mumkinligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishga jalb etilayotgan moliyaviy, texnik va grant yordamining hajmini oshirish maqsadlarida xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donorlar bilan oʻzaro hamkorlik masalalarini hal etishda diplomatlarning roli qayd etildi.

Diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga xalqaro hamkorlik sohasida, xususan, Oʻzbekistonning 2020-yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi hamda boshqa xalqaro va mintaqalararo tashkilotlarda ishtirok etishi doirasida aniq vazifalar belgilab berildi.

Muhokama yakunida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish bilan bogʻliq muayyan masalalar koʻrib chiqildi va masʼul rahbarlarga aniq koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.