Davlatlararo munosabatlarning murakkablashuvi, xalqaro tashkilotlar rolining oshishi, transmilliy muammolarning ko‘payishi — bularning barchasi xalqaro huquqiy tafakkurni yangicha yondashuv asosida shakllantirish zaruratini tug‘diradi. Shu jarayonda xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik alohida ahamiyat kasb etadi. Xalqaro huquq — bu davlatlar, xalqaro tashkilotlar va boshqa xalqaro huquq subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar tizimidir. U tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish kabi vazifalarni bajaradi.

Qiyosiy huquqshunoslik esa turli davlatlar huquq tizimlarini tahlil qilish va solishtirish orqali eng yaxshi huquqiy tajribalarni aniqlashga xizmat qiladi. U qonunchilikni modernizatsiya qilishda, normativ-huquqiy bazani takomillashtirishda muhim vosita bo‘lib, huquqiy innovatsiyalarni milliy tizimga moslashtirish imkonini beradi. Global huquqiy tafakkur — bu dunyo miqyosida bir-biriga bog‘langan, o‘zaro ta’sirchan huquqiy g‘oya va qadriyatlarning uyg‘unlashuvidir. Bu tafakkur milliy manfaatlar bilan universal prinsiplarni muvozanatlashtirishga intiladi. Ayniqsa, xalqaro huquq normalarining milliy qonunchilikka integratsiyalashuvi orqali bu jarayon aniq ko‘rinadi. Xalqaro huquqning rivojlanishi xalqaro hamkorlikning sifatiga bevosita bog‘liq. Masalan, Yevropa Ittifoqi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, umumiy huquqiy makonni shakllantirish orqali barqaror taraqqiyotga erishish mumkin. BMT, YEXHT, SHHT kabi tuzilmalar doirasida huquqiy standartlarning uyg‘unlashuvi — bugungi davrning muhim belgilaridan biri.

AQSh huquqiy tizimi o‘zining anglo-sakson ildizlariga tayanib, asosan sud pretsedentlariga asoslanadi. Bu tizimda xalqaro huquqiy normalarning ichki huquqqa integratsiyasi faqatgina Kongress ratifikatsiyasi yoki sud qarori bilan amalga oshadi. AQSh tajribasi O‘zbekistonda sudlarning mustaqilligini kuchaytirish va xalqaro shartnomalarni tatbiq etishda huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.

Germaniya xalqaro huquqni milliy tizimga integratsiyalashda oldingi safda turadi. 1949-yilgi Konstitutsiyasining 25-moddasida xalqaro huquqning umumiy qoidalari Germaniya federal qonunining ajralmas qismi sifatida e’tirof etilgan. Bu shuni anglatadiki, xalqaro huquqiy norma, agar u Germaniya tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lsa, sudlarda bevosita qo‘llanilishi mumkin. O‘zbekiston huquqiy tizimi Germaniya bilan umumiy jihatlarga ega bo‘lib, ikkisi ham romano-german huquq an’analariga tayanadi. Biroq, Germaniya tajribasidan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda xalqaro huquqning amaliy qo‘llanilishi, ko‘proq ichki qonunchilik orqali amalga oshiriladi. Bu esa xalqaro normalarning bevosita tatbiqini cheklab qo‘yadi. Germaniya tajribasi O‘zbekiston uchun xalqaro normalarni milliy sud amaliyotiga chuqurroq integratsiya qilish bo‘yicha samarali namuna bo‘la oladi.

Yaponiya huquqiy tizimi turli madaniy va tarixiy omillarning uyg‘unlashuvi natijasidir. Romano-german tizimi asosida shakllangan bo‘lsa-da, 1947-yildan boshlab AQSh huquqiy modeli asosida Konstitutsiya va sud nazorati joriy qilindi. Shu bois Yaponiya huquqiy tizimi “aralash model” deb e’tirof etiladi. Yaponiya xalqaro huquqqa nisbatan ochiq yondashadi. O‘zbekistonning Yaponiya bilan o‘xshash jihatlari romano-german huquqiy asosda yotadi. Biroq Yaponiya tajribasi, ayniqsa, qiyosiy huquqshunoslikning institutsional darajada olib borilishi, O‘zbekiston uchun xalqaro tajribani huquqiy va ijtimoiy kontekstda moslashtirishda o‘rnak bo‘la oladi.

Xulosa

Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham global muammolarga yechim topishda samarali vositadir. Ular huquqiy tafakkurda yangicha qarashlarni shakllantirishga, xalqaro munosabatlarda adolatli va barqaror tamoyillarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois, yurtimizda bu sohalarni chuqur o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish, global huquqiy hamjamiyatga faol qo‘shilish yo‘lida muhim qadamdir.

Shaxriddin Bobodo‘stov,
  Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va
qiyosiy huquqshunoslik fakulteti dekan o‘rinbosari