Ayniqsa, keyingi yillarda institutning o'quv dasturlari va ilmiy tadqiqotlari bevosita amaliy ishlar bilan chambarchas bog'lanib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 5-maydagi “Sog'liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to'g'risida”gi farmoniga asosan, institut xodimlaridan iborat 8 ta ishchi guruh shakllantirilib, viloyatdagi oilaviy poliklinikalarga biriktirildi. Tuman va shaharlardagi 26 ta oilaviy poliklinikaning tibbiy xaritasi ishlab chiqildi.
Kasalliklar ko'rsatkichlarini inobatga olib, viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda 15 ta kafedraning klinik bazalari tuman tibbiyot birlashmalariga joylashtirildi. Ularga 418 nafar bitiruvchi kurs talabasi biriktirildi va 75 ilmiy xodim mas'ul etib tayinlandi.
O'tgan vaqt mobaynida viloyatning har bir tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonalar, ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida dars jarayoni hamda bemorlar ko'rigi yo'lga qo'yilib, 4463 bemor ko'rikdan o'tkazildi. Ularning 2350 nafariga uy, 601 nafariga esa, statsionar sharoitda davolanish uchun tavsiyalar berildi. Ko'plab bemorlarga professor-o'qituvchilar tomonidan amaliy tibbiy yordam ko'rsatilib, 20 ga yaqini operatsiya qilindi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti respublikamizning nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan tashqari Evropa, Osiyo va Amerikaning ko'plab ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy tibbiy ta'lim muassasalari bilan aloqa o'rnatgan va memorandumlar imzolagan. Bu bizga mazkur tibbiyot muassasalar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, professor-o'qituvchilarni jalb qilish hamda talabalar va o'qituvchilarning akademik almashinuv dasturlarini keng joriy qilish imkonini bermoqda.
Institutda 2021-yildan boshlab Yevropa Ittifoqining “ERASMUS” dasturi doirasida umumiy qiymati 2 million yevroni tashkil etuvchi 2 ta xalqaro akademik grant loyiha, shuningdek, AQSHning “Smile Trend” tashkilotining granti hisobidan stomatologiya va yuz-jag' jarrohligi sohasida ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda.
Shiddat bilan rivojlanayotgan jamiyatimizda kelgusida xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan kuchli tibbiyot kadrlarini tayyorlash va sifatini oshirish, yosh mutaxassislarni ish bilan ta'minlash masalasida ham tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Institutning xalqaro miqyosda o'z o'rnini topib borayotganini bugungi kunda bu erda ta'lim olayotgan 500 ga yaqin xorijiy talablar misolida ko'rishimiz mumkin.
Samarqand davlat tibbiyot instituti mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari orasida birinchilar qatori xalqaro ISO sertifikatiga ega bo'ldi. Bu ta'lim jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda davom etayotgani, xalqaro reytinglarga kirish imkoniyatimiz oshib borayotganidan dalolat. Eng asosiysi, bu o'zgarishlar yurtimizdagi ta'lim va tibbiyot tizimidagi islohotlar natijasidir.
Jasur RIZAYEV,
Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor