ShHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari yigʻilishida Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti Interpol Bosh kotibiyati delegatsiyasi tashkilotning politsiya xizmatlari ijrochi direktori janob Stefen Kavana boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizga amaliy tashrif bilan keldi.
Bosh kotibiyat delegatsiyasining tashrifi doirasida Interpol Milliy markaziy byurosi rahbariyati va xodimlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda xalqaro va mintaqaviy darajadagi dolzarb muammo, vazifalar va ularni hal etish yoʻllari muhokama qilindi.
Byuroga tashrif chogʻida Bosh kotibiyat tomonidan tashkil etilgan onlayn oʻquv kurslarini “Biometriya parametrlari va xalqaro maʼlumotlar almashinuvi”, “Interpol politsiyasining imkoniyatlari” mavzulari boʻyicha muvaffaqiyatli tamomlagan Ichki ishlar vazirligining turli xizmatlari va respublikaning aloqador tashkilotlar vakillariga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi.
Interpol Bosh kotibiyati delegatsiyasining tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziy byurosi va Ichki ishlar vazirligi faoliyatini hamda uning transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi salohiyatini yanada oshirishni mustahkamlashga intilishi yuqori baholandi, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi milliy markaziy byurosi maʼlumoti asosida.