O'zbekiston kriket federatsiyasi (O'KF) 2019-yilda tashkil etilgan. Faoliyatiga hali uncha ko'p bo'lmagan kriket federatsiyasi tomonidan hozirgacha 6 ta 13 yoshgacha, 4 ta 19 yoshgacha, 4 ta kattalardan iborat hamda 1 ta xotin-qizlar jamoalari tuzildi. Bundan tashqari, O'zbekistonda istiqomat qilib, turli sohalarda mehnat qilayotgan chet ellik mutaxassislardan iborat 2 ta jamoa ham shakllangan. Toshkent shahri, Qashqadaryo, Farg'ona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida ham jamoalar mavjud. O'tgan davrda yig'ilgan jamoalar o'rtasida kriket bo'yicha musobaqalar rejaga ko'ra o'tkazilmoqda.

2020-yili O'KF raisi Aziz Mixliyev BAAning Dubay shahrida Xalqaro kriket kengashi (ICC) va Osiyo kriket kengashi (ACC) rahbariyati bilan uchrashuvida O'zbekiston kriket federatsiyasining Xalqaro va Osiyo kriket kengashi a'zoligiga qabul qilinishi masalasi muhokama qilingandi.

ICCning Osiyo mamlakatlarida kriketni rivojlantirish bo'limi boshlig'i, oliy toifali xalqaro ekspert Iqbol Sikander va ICCning moliyalashtirish ishlari menejeri Nitesha Kotariy joriy yil 11-13-iyul kunlari Toshkentda bo'lib, O'KF faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ekspertlar O'zbekiston krekit federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev hamrohligida Sportni rivojlantirish vazirligiga tashrif buyurdi. Ularni vazir o'rinbosari Abdulla Aslonov qabul qildi.

Uchrashuvda tomonlar kriket sport turini mamlakatimizda rivojlantirish va hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish masalalarini muhokama qildi. O'z navbatida, Sportni rivojlantirish vazirligi kriket sport turini ommalashtirish borasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Mehmonlar Chirchiq shahridagi O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida, Qibray tumanida qurilayotgan kriket maydonida hamda Yunusobod tumanidagi 258-umumiy o'rta ta'lim maktabi hududida “Anfa” kriket klubining yangidan barpo etilgan, xalqaro standartlarga mos mashg'ulot maydonida ham bo'ldi.

Tashrif doirasida poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida OAV xodimlari uchun matbuot anjumani ham o'tkazildi.

O'KF faoliyati bilan yaqindan tanishgan vakillar xulosalarini ICC rahbariyatiga taqdim etadi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, tez orada O'zbekiston kriket federatsiyasi ham ICCning to'laqonli a'zosi bo'lib, ro'yxatdan o'tadi.

Ilhom RAHMONOV tayyorladi