Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar yana bir bor mamlakatimiz tashqi siyosatining ochiq, tinchliksevar va hamkorlikka qaratilgan yoʻnalishini yaqqol koʻrsatdi.
Nutqda taʼkidlaganidek, bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat sharoitida xalqaro huquqni, millatlar va davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik va ishonchni kuchaytirish global barqarorlikning asosiy omilidir. Dunyo miqyosida xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlash uchun ziddiyatlardan koʻra umumiy manfaatlarni ustuvor qoʻyish zarurligi eʼtirof etildi.
Soʻzda va amalda birlik ...
Aytish joizki, soʻngi yillarda Oʻzbekiston oʻzini - global masʼuliyatni zimmasiga olishga va aniq yechimlar taklif qilishga qodir mamlakat sifatida ifoda eta oldi.
“Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilganimizni eʼlon qilgan edik.
Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”, - dedi Prezidentimiz.
Bu jarayonda Oʻzbekiston muloqot tashabbuskori, birlashtiruvchi kuch, tinchlik va taraqqiyotning tayanch nuqtasi sifatida yetakchi rol oʻynadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan qator xalqaro tashabbuslar - jumladan, Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish, Afgʻoniston orqali transport va energetika koridorlarini rivojlantirish, terrorizmga qarshi mintaqaviy markazni tashkil etish, yoshlar uchun global harakat platformasini yaratish kabi takliflar butun Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyati uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qoʻshning tinch –sen tinch
Hech kimga sir emas, dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va toʻqnashuvlar begunoh insonlarning halok boʻlishiga olib kelmoqda, investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarmoqda. Oziq-ovqat va energetika xavfsizligi boʻyicha yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Aynan shu sababli Prezidentimiz oʻz nutqida Afgʻoniston, Ukraina va Gʻazo muammolarida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi bildirildi.
Bunda, Afgʻoniston bilan hamkorlik qilish alohida qayd etildi. Qoʻshni mamlakatni yordamsiz qoldirmaslik, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga koʻmak berish muhimligini taʼkidladi. Bu esa mintaqa barqarorligi va xavfsizligiga xizmat qiladi. Bu oʻz navbatida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun tmkon beradi.
Oʻzbekiston insonparvarlik yuklarini joʻnatish, energetika tizimini yaratishga koʻmaklashish, savdo hajmini oshirishdan tortib qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishgacha boʻlgan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash orqali oʻz eʼtiqodini amalda namoyon etmoqda.
Oʻzbekiston muhim xalqaro platformaga aylanadi
Bugun dunyoga katta xavf solayotgan yana bir global xatarlardan biri terrorizm hisoblanadi. Prezident nutqida ushbu masalaga alohida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari boʻyicha Mintaqaviy Kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklif etildi. Ushbu tuzilma muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish boʻyicha tajriba almashish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.
Prezidentimiz Toshkent shahrida Terrorizmga qarshi qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini Oʻzbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ekologiya - muammo va oʻsish nuqtasi
Qurgʻoqchilik, suv tanqisligi kabi ekologik muammolar har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishiga xavf tugʻdiradi. Orol dengizi muammolariga eʼtibor qaratgan Prezidentimiz faqat davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik, innovatsion texnologiyalarni qoʻllash orqali ekologik muvozanatni saqlab qolish mumkinligini taʼkidladi.
Bunda ilgari surilgan ekologik tashabbuslar global tahdidlarni kamaytirish, hamjihatlikda yechim topish va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan.
Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan Toshkentda suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazish taklifi muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, iqlim oʻzgarishi va ekologik muammolarni hal etish boʻyicha Global pakt qabul qilish taklifini berdi.
Oʻzbekiston ekologik barqarorlikni tahminlash maqsadida chiqindilar, suvdan qayta foydalanish, hududlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda. Bunda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish zamon talabi boʻlib qolmoqda.
Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, zamonaviy ekologik standartlarni joriy etish, texnogen chiqindilarni kamaytirish yoʻlga qoʻyilgan. Bu bizga global kontekstda raqobatbardosh boʻlish imkonini beradi. Ayish joizki, kombinatning ekologik masʼuliyati ISO 14001 “Ekologik menejment tizimi” xalqaro standarti sertifikati bilan mustahkamlangan.
Amalda aks etayotgan islohotlar
Prezidentimiz kambagʻallikni kamaytirish, taʼlim va sogʻliqni saqlashni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratish orqali iqtisodiy oʻsishning insonparvar yoʻnalishini koʻrsatib berdi.
Bu yoʻnalishdagi davlat siyosati ijtimoiy barqarorlikni taʼminlaydi, ish oʻrinlarini yaratadi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Prezidentimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan, ayniqsa qishloq joylardagi oilalarda xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdilar.
Bunda Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish taklifi butun mintaqamizdagi xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, ayollarimizning kuch-salohiyat va imkoniyatlarini yanada keng quloch yoyishiga xizmat qiladi.
Prezident “Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir” – deb taʼkidlagani bejiz emas. Bu soʻzlar hamma joyda: shaharlar va mintaqalarda, biznesda, sanoatda, ijtimoiy siyosatda sezilayotgan oʻzgarishlar ruhini aks ettiradi.
Yoshlar - kelajak manbai
Kuchli mamlakatgina kelajak haqida qaygʻuradi. Shu bois yoshlar bilan bogʻliq tashabbuslar nutqning muhim qismi boʻldi. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 60%ini yoshlar tashkil etib, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va doʻstlik, oʻzaro ishonch va hurmat kabi ezgu gʻoyalarni singdirish dolzarb ekanligi, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish taklifi diqqatga molik. Xalqaro shtab-kvartirasi Toshkentda joylashgan “Tinchlik uchun” harakati turli mamlakatlar, dinlar va madaniyatlarga mansub yoshlarni tinchlik, oʻzaro tushunish va barqaror rivojlanish qadriyatlari atrofida birlashtiruvchi platformaga aylanishi mumkin.
Prezidentimiz “Yoshlar - tinchlik, taraqqiyot va hamkorlik gʻoyalarini tashuvchi asosiy resurs”, deya juda munosib baho berdi. Va bu yerda Oʻzbekiston yana bir bor aniq harakat, muloqot, millatlar va xalqlararo totuvlikni oʻzaro hamkorlik shaklida amalga oshirishni taklif qilmoqda.
Bizning ertamiz bugundan boshlanadi
Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida soʻzlagan nutqidagi barcha tashabbuslar Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi. Eng muhimi, bu gʻoya va takliflar umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi hamda jahonda tinchlik, barqarolik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan.
Men ishonch bilan ayta olaman: Prezidentimizning odilona siyosatlari tufayli mamlakatimiz zamonaviy, tashqi siyosati tinchlik va hamjihatlik gʻoyalarini yorqin tarzda aks ettiruvchi tarix markazidagi davlatga aylandi. Bu biz uchun cheksiz gʻurur va iftixor hamdir.
A.XURSANOV,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”
aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi
Hamkorlik materiali