Xalqaro moliya institutlari ishtirokida innovatsiyalarni joriy qilish va loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 12 May 2022 1169

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida Fargʻona shahridagi studiyadan videokonferensaloqa orqali innovatsiyalarni joriy qilish hamda xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari qatnashdi.

    Bir qator sohalarda, xususan, mamlakat iqtisodiyotining “drayveri” hisoblangan geologiya, togʻ — kon va kimyo sanoatida innovatsiyalarni joriy qilish yoʻnalishida erishilgan natijalar qayd etildi.

    Shu bilan birga, yigʻilish davomida yangi ishlanmalarni yaratish va hayotga joriy qilish, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, turli sohalardagi amaliy masalalar va vazifalar yechimini topishga mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishni nazarda tutgan holda bir qator tarmoq birlashmalari rahbarlariga innovatsion faoliyatni kengaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

    Innovatsiyalarni joriy qilish jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida ixtisoslashtirilgan muassasalarni malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, “Global Innovation Index” xalqaro reytingidagi mamlakatimiz koʻrsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, ilm-fan va taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

    Sanoat va hududlarni innovatsion jihatdan rivojlantirishning joriy holatini tahlil qilish hamda yuqori texnologiyali innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan loyihalar sonini koʻpaytirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

    Shuningdek, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrganish, innovatsion rivojlanishga masʼul boʻlgan davlat organlari rahbarlari hamda ilm-fan va taʼlim muassasalari rahbarlarining ish samaradorligini baholash topshirildi.

    Vazirlik va idoralar rahbarlariga 2022-yilda innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritalari”ni tayyorlashni taʼminlash, shuningdek, 2023-yilga moʻljallangan innovatsion rivojlanish dasturlarini shakllantirish va koʻrib chiqish uchun taqdim etish topshirildi.

    Mahalliy hokimiyat organlariga innovatsion hududlar sifatida qoʻshimcha tuman (shahar)larni aniqlash hamda 2022-2023-yillarda ushbu zonalarni rivojlantirish boʻyicha aniq dasturlarni shakllantirish yuzasidan takliflarni kiritish topshirildi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligiga, keyinchalik Respublika rahbariyatiga taqdim etish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasini 2022-2026-yillarga moʻljallangan Innovatsion rivojlantirish strategiyasi loyihasini tayyorlash topshirildi.

    Yigʻilishda xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirishning hozirgi holati ham muhokama qilindi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan 105 loyiha uchun 296 million dollar oʻzlashtirilgani, bu rejalashtirilgan parametrlarning 100 foizini tashkil etgani maʼlum qilindi.

    Shu bilan birga, suv taʼminoti, gidroenergetika, temir yoʻl transporti va sogʻliqni saqlash sohalarida koʻrib chiqilayotgan bir qator loyihalar uchun loyihaoldi hujjatlarini muvofiqlashtirish boʻyicha ishlarning borishi tanqidiy koʻrib chiqildi. Farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, sanoat sohalarida loyihalarni hayotga joriy etishning amaliy jihatlari muhokama qilinib, bir qator masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi.

    Vazirlik va idoralar kesimida joriy yil oxirigacha ishga tushirilishi lozim boʻlgan 2,4 milliard dollarlik 29 loyihani amalga oshirilishi koʻrib chiqildi.

    Yigʻilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli loyihalarni oʻz vaqtida hayotga joriy etish va foydalanishga topshirish yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.