Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazoratidan oʻtkazish tartibi belgilandi

    Mamlakatimizda 23 Dekabr 2021 1040

    Hukumat qarori (767-son, 21.12.2021-y.) bilan Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, xalqaro pochta joʻnatmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.

    Xalqaro kuryerlik joʻnatmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish:

    temir yoʻl va avtomobil transporti orqali yetkazishda – maxsus belgilangan bojxona postlarida;

    havo transporti orqali yetkazishda – xalqaro aeroportlar yoki ularga yaqin hududlarda joylashgan bojxona postlarida amalga oshiriladi.

    Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari xodimlari tomonidan transport tashkilotlari vakillariga joʻnatmalar topshirilishi bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida amalga oshiriladi.

    Keltirilgan joʻnatmalar pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida ochiladi.

    Joʻnatmalar orqali yuborilgan tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlari vakolatli shaxs tomonidan toʻlanadi.

    Mazkur Nizom qoidalari yozma xat-xabarlarga (mayda paketlardan tashqari) nisbatan tatbiq etilmaydi.