So'nggi vaqtlarda Janubiy Koreyaning etakchi ommaviy axborot vositalari, xususan, ingliz tilida nashr etiladigan yirik gazetalardan biri — “The Korea Times” O'zbekiston imijini targ'ib qilishda mamlakatimiz elchixona bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, deb xabar beryapti “Dunyo” AA.
Bugun mamlakatimizning Seul shahridagi elchixonasi xodimlari “The Korea Times” gazetasi vakillari bilan muzokaralar o'tkazdi. Unda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, O'zbekistonning ichki va tashqi siyosati mazmun mohiyatini xorijiy mushtariylar va Janubiy Koreya keng jamoatchiligi orasida targ'ib qilishga qaratilgan turkum maqolalarni nashr etishga kelishib olindi.
Tomonlar, shuningdek, Xalqaro press-klub bilan “The Korea Times” gazetasi o'rtasida imzolanishi rejalashtirilgan hamkorlik to'g'risidagi Anglashuv memorandumi loyihasini muhokama qildi. Ushbu hujjat o'zaro axborot almashinuvini yo'lga qo'yish, tajriba almashish, kelajakda mutaxassislarning o'zaro tashriflarini amalga oshirishni o'z ichiga oladi.
Bundan avvalroq O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Xalqaro press-klub raisi SHerzodxon Qudratxo'ja va Janubiy Koreyaning nufuzli nashri “The Korea Times” prezidenti, janob Oh YOng Jin o'rtasida onlayn muloqot o'tkazilgan. Bu haqda universitet axborot xizmati ma'lumot berdi.
Virtual uchrashuvdan ko'zlangan maqsad media sohasida o'z o'rniga ega ikki OAV o'rtasida hamkorlik o'rnatish, O'zbekiston va Koreya Republikasi hayotida ro'y berayotgan yangiliklar bilan ikki mamlakat xalqini tanishtirib borish, hamda mamlakatimiz jurnalistikasida mediamaydoncha bo'lgan Xalqaro press-klub orqali mahalliy boshqa OAV bilan ham hamkorlikni yo'lga qo'yishdir.
— Xalqaro press-klub hamkorlik uchun ochiq tashkilot. Biz dunyoning boshqa press-klublari bilan ham hamkorlikda ishlaymiz. Xususan, o'tgan yili Bel`giya press-klubi bilan birgalikda ekologiya mavzusiga doir ko'rsatuv tayyorlaganmiz, — dedi SHerzodxon Qudratxo'ja videomuloqotda. — Biz press-klubning jonli sessiyalari doirasida O'zbekistondagi yangiliklar, voqealar bilan ma'lumotlarni “The Korea Times” nashri uchun ham muntazam berib borishga tayyormiz. Qolaversa, bu yil O'zbekistonda Prezident saylovlari ham bo'lib o'tadi. Bu muhim va qiziqarli jarayondan qaynoq yangiliklarni hamkasblarimizga etkazib turishdan xursand bo'lamiz.
“The Korea Times” nashri prezidenti ham Xalqaro press-klub O'zbekistondagi nufuzli mediatashkilotlardan biri ekani, hukumat va xalq bilan ochiq muloqot borligi uchun ham unda katta qiziqish paydo bo'lganini ta'kidlab, jumladan shunday degandi: “O'zbekistonda 400 mingdan ortiq koreys millatiga mansub fuqaro, Janubiy Koreyada esa 75 mingdan ortiq O'zbekiston fuqarosi istiqomat qilyapti. Bu ikki davlat fuqarolarining ham mamlakatlarimizda qanday yangiliklar bo'layotganiga qiziqishi mavjudligidan dalolat beradi”.