Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti va Ispaniya universitetlari hamkorligi

    Ta'lim 19 Iyul 2023 1130

    Yaqinda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti (IAU) rektori Munira Aminova xizmat safari bilan Ispaniyada boʻldi.

    Tashrif davomida Munira Aminova va Ispaniyaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari, xususan Kastilya-La Mancha va Madrid politexnika universitetlarining rahbarlari oʻrtasida uchrashuvlar tashkil etildi.

    Ushbu uchrashuvlarda tomonlar ispan oliy taʼlim muassasalarida Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining iqtidorli talabalari, tadqiqotchilari va professor-oʻqituvchilarining amaliyot oʻtashi, shu jumladan, yozgi taʼtil maktablarida, magistratura va doktoranturada oʻqishi hamda malaka oshirishi masalalari muhokama etildi. Tashrif doirasida universitet rektorlari oʻrtasida yetakchi ispan professor-oʻqituvchilarini IAUga ishga jalb etish va boshqa yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Hamkorlik memorandumlari imzolandi.

    Shuningdek, tashrif davomida Xalqaro qishloq xoʻjaligi rektori Ispaniyaning yetakchi taʼlim muassasalari uchun laboratoriya uskunalarini ishlab chiqaruvchi “EDIBON” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur kompaniyaning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, sugʻorish texnologiyalari hamda sifat darajasini tekshirish boʻyicha oʻquv laboratoriya jihozlari bilan Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining oʻquv xonalarini taʼminlash masalalari yuzasidan ham hamkorlik qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.