Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Kengash a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasining birinchi yarim yillikdagi ijrosi, Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini aks ettirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini ta’minlash holatini aniqlashning samarali mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi uch oy davomida bir qator xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rni yaxshilandi. Xususan, «S&P» Global Ratings tomonidan yuritiladigan suveren kredit reytingida mamlakatimiz reyting prognozi «salbiy»dan «barqaror»ga oshirildi. Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan «Siyosatdagi ayollar» jahon reytingining «Parlamentdagi ayollar» qismida O‘zbekiston 130-o‘rindan 45-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon xayriya indeksida 114 ta davlat orasida mamlakatimiz 53-o‘rindan 29-o‘ringa, ya’ni deyarli ikki baravar ko‘tarildi.
Biroq ko‘plab tashabbus va g‘oyalar qog‘ozda qolib ketayotgani, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘rsatkichlari xalqaro reyting tashkilotlariga yetkazib berilmayotgani natijasida reyting tashkiloti hisobotni tayyorlashda eski ma'lumotlardan foydalanayotgani va bu O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatyotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Respublika kengashi tomonidan 532 banddan iborat 2021-yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlangan bo‘lib, birinchi yarim yillikda ijtimoiy-iqtisodiy sohada bajarilishi belgilangan 272 ta banddan 76 tasi bajarilganligi, 188 tasi bajarilayotganligi va 8 tasi bajarilmaganligi, siyosiy-huquqiy sohada 86 ta banddan 32 tasi bajarilganligi, 50 tasi bajarilayotganligi va 4 tasi bajarilmaganligi ta’kidlandi.
Xususan, Qurilish vazirligi tomonidan ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish asosida milliy va chet el sug‘urta bozori vakillari bilan birgalikda loyiha-qidiruv va qurilish faoliyatiga sug‘urtalash tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ular hali hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritilmagan.
Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari faoliyatiga davlat aralashuvini kamaytirish choralari ko‘rmagani, ularga majburiyat yuklovchi normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkazmagani va optimallashtirish ishlarini olib bormagani tanqid qilindi.
Xususan, Madaniyat vazirligi konsert va ko‘ngilochar litsenziya egalari faoliyatini baholash uchun yagona portal ishlab chiqilishida moliyaviy masalalar mavjud ekani va bu mas'ullar tomonidan ijobiy hal etilishi aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini aks ettirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining ijrosi ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, chora-tadbirlar rejasining 19-bandida 2020-yilning 1-avgustiga qadar klaster siyosatini rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya hamda «Klasterlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan bo‘lsa-da, ushbu hujjatlar 1 yildan beri qabul qilinmagan.
Bundan tashqari, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14- yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini ta’minlash holatini aniqlashning samarali mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash uchun zarur bo‘lgan statistik ma’lumotlarni «Huquq ustuvorligi» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (huquq.indikator.uz) kiritishda mutasaddi tashkilotlar tomonidan sutskashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu jumladan, Energetika vazirligi, Sanitariya-epidemiologik xizmat, Majburiy ijro byurosi, Savdo-sanoat palatasi, «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi, Jamoatchilik palatasi, qolaversa, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan umuman ma’lumot kiritilmagani tanqid qilindi.
Bu esa Tizimga kiritilgan ma’lumotlarni umumlashtirgan holda o‘tgan hisobot yili uchun Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini o‘z vaqtida tuzish imkonini bermayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda mas’ul vazirlik va idoralar axboroti eshitilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan bir oy muddatda Respublika kengashiga tegishli axborot kiritilishi vazifasi qo‘yildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.