Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimida parlament nazorati kuchaytiriladi

    “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohada parlament nazoratini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-91-son, 19.06.2024-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, har yili Oliy Majlisi Senatida Oʻzbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi oʻrni yaxshilanishi toʻgʻrisidagi milliy maʼruzani muhokama qilish tartibi joriy etiladi.

    Oliy Majlis Senati tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarning roʻyxatini tasdiqlashda tegishli xalqaro reyting hamda indekslarga mutasaddi vazirlik va idoralar biriktiriladi.

    Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari Oliy Majlis Senati tomonidan belgilangan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning oʻrni yaxshilanishi, shuningdek, ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.

    Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashiga quyidagi vazifalar yuklandi, jumladan:

    • mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning oʻrnini yaxshilashda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilib borish;
    • ustuvor xalqaro reyting va indekslarda respublikaning oʻrnini yaxshilash, shu jumladan ilmiy-tadqiqot muassasalarini biriktirish;
    • milliy maʼruza tayyorlanishini tashkil etish va uni dastlabki tarzda koʻrib chiqish;
    • turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning ustuvor xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi ishlarning samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish.