Xalqaro reyting va indekslarda samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlariga erishish ishlari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 9 Noyabr 2020 5683

    2020-yil 9-noyabr kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Oliy Majlis Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi raisi T.Narbayeva olib borgan yigʻilishda senatorlar, Kengashi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy taʼlim tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, bugun Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyat, koʻplab reyting agentliklarining nigohida turibdi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ular tomonidan baholanmoqda.

    Kuni kecha “Gellap” (“Gallup”) xalqaro tadqiqot institutining “Global qonun va tartib” boʻyicha yillik butunjahon reytingi eʼlon qilindi.Oʻzbekiston ushbu reytingda 100 balldan 92 ball toʻplab, dunyoning eng xavfsiz mamlakatlari top 10 taligiga kiritildi.

    Qolaversa, Raqobatbardosh sanoat unumdorligi, Global innovatsiyalar, Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar uchun tartibga soluvchi cheklovlar indekslarida mamlakatimiz ilk marotaba eʼtirof etildi.

    Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarining 2019-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan hisobotida Oʻzbekiston barcha 6 ta tarkibiy indikator boʻyicha oʻsishga erishdi.

    Yigʻilishda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2020-yil III chorakda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi Kengash ishchi organlari – moliya vaziri T.Ishmetovning hamda adliya vaziri R.Davletovning axborotlari eshitildi.

    Bundan tashqari, vazirlik va idoralar masʼul boʻlgan ayrim tarkibiy indikatorlar boʻyicha mamlakatimiz reytingi past koʻrsatkichlarda qolib ketayotganligi, ularni yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan harakatlar samarasiz boʻlayotganligi tanqid qilindi.

    Shu bilan birga, alohida xalqaro reytinglar biriktirilgan tadqiqot institutlarining faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.

    Xususan, xalqaro reytinglarning metodologik va boshqa tarkibiy qismlarini qonunchilikka implementatsiya qilish, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yuksaltirish nuqtayi nazaridan ekspert tahlil qilish vazifalari bajarilmayapti.

    Shuningdek, yigʻilishda respublikamizning xalqaro reytinglardagi past koʻrsatkichlariga sabab boʻlayotgan asosiy omillarni aniqlash, oʻzini oʻzi baholash uchun ustuvor xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari asosida milliy indekslarni ishlab chiqish vazifalari ijrosi toʻlaqonli olib borilmayotganligi tanqid qilindi. Alohida xalqaro reytinglar biriktirilgan tadqiqot institutlarining bu boradagi faoliyati qoniqarsiz, deb topildi.

    Qolaversa, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashga masʼul vazirlik va idoralarning ixtisoslashgan tarkibiy boʻlinmalari faoliyati doirasidagi hujjatlarni unifikatsiyalash, namunaviy shakllarini joriy etish, mutaxassislarning bilimi, malaka va koʻnikmalarini doimiy ravishda oshirib borish zarurligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan tashkiliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

    Mamlakatimiz uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar, ularning tarkibiy indikatorlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi koʻrsatkichlarini tubdan yaxshilashga yoʻnaltirilgan ilmiy va amaliy loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan maqsadli grantlar ajratish mexanizmini joriy etishga kelishib olindi.

    Shu bilan birga, yigʻilishda vazirlik va idoralarning ixtisoslashgan tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari masʼul xodimlari uchun xalqaro standartlarga muvofiq loyihaviy boshqaruv asosida reytinglardagi koʻrsatkichlarimizni yaxshilashga qaratilgan maxsus amaliy malaka oshirish kurslarini joriy etish masalasi muhokama qilindi.

    Shuningdek, Kengash aʼzolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Kengashning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati