“Hilton Tashkent City”da Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Latviya Respublikasi Moliya va shartnomalar markaziy agentligi hamkorligida “Davlat xizmatida isteʼdodli shaxslarni qoʻllab-quvvatlash masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida vazirlik va idoralarning rahbar kadrlari, inson resurslarini boshqarish boʻlinmalari xodimlari, olimlar, chet el mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari hamda Angliya, Germaniya, Latviya, Fransiya, BAA, Koreya, Singapur, Turkiya, Ozarbayjon kabi mamlakatlardan soha ekspertlari, davlat xizmatchilari ishtirok etmoqda.
Tadbir – davlat xizmatini rivojlantirishda salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish muammolari, isteʼdodli shaxslarni davlat xizmatiga jalb qilishning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Xalqaro davra suhbatining ochilish marosimida Otabek Xasanov Oʻzbekistonda davlat xizmati sohasini isloh qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani haqida gapirdi.
— Bugun Oʻzbekiston Prezidenti boshchiligida yurtimizda barcha sohalarda keng miqyosdagi oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Barcha sohalar qatori taʼlim va insonning rivojlanishi uchun ham shart-sharoitlar yaratilmoqda, — dedi O.Xasanov oʻz nutqida. — Xususan, Davlatimiz rahbarining “davlat xizmatchisi, avvalo, xalq xizmatchisi boʻlishi shart”, degan siyosiy irodasini roʻyobga chiqarish boʻyicha tashkiliy-huquqiy va kompleks amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Shuningdek, bugun Oʻzbekistonda natijador, ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish strategik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ochilish marosimidan soʻng, davra suhbati panellarda ishini davom ettirdi.
I-panelda noaniqlik sharoitida ishchi kuchini rejalashtirish: turli modellar va instrumentlar, ikkinchisida yuqori boʻgʻin davlat xizmati: liderlik uchun kompetensiyalar, rekrutment va karyera mobilligi masalalari muhokama qilindi.
Uchinchi panelda ham davlat fuqarolik xizmati sohasidagi muhim masalalar muhokamasi boʻldi. Unda isteʼdodli shaxslar salohiyatidan toʻgʻri foydalanish, eʼtirof qilish, ish va shaxsiy hayot oʻrtasida muvozanatni taʼminlashga qaratilgan amaliyotlar yuzasidan tajriba almashildi.
— Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevga davlat xizmati sohasida amalga oshirayotgan maqsadli ishlari sabab tabrigimni yetkazmoqchiman, — dedi BMT Xalqaro davlat xizmati komissiyasi raisi Larbi Djakta. — Tashkilotimiz dunyodagi eng ilgʻor amaliyotlarni oʻzida mujassamlashtirgan. Biz Oʻzbekistonda Prezident tomonidan belgilab berilgan strategiyani amalga oshirishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.
— Har bir davlat kadrlar bilan ishlash sohasidagi faoliyatini zamonaviy standartlar asosida yangilab borishi kerak, — dedi panel ishida ishtirok etgan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri Alisher Eranov. — Bu borada esa davlatlar oʻzaro tajriba almashib turishi juda ahamiyatli. Turli modellar va instrumentlarni qoʻllash, kompetensiyalarni rivojlantirishda sinovdan oʻtgan amaliyotlar qoʻl keladi.
Taʼkidlash joizki, xalqaro muloqot davomida kadrlar siyosati va davlat xizmatidagi zamonaviy trendlar, yangi gʻoyalar va yondashuvlar muhokama qilindi, isteʼdodli shaxslar, xususan, yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish boʻyicha oʻzaro tajriba almashildi.
Davra suhbati soʻnggida ekspertlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari, takliflari yuzasidan xulosalari eʼlon qilindi.