Prezidentimizning 2019-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida mamlakatimizning 2030-yilga borib PISA xalqaro baholash dasturi reytingi boʻyicha jahondagi 30 ta ilgʻor mamlakat qatoriga kirishi ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu ham mazkur tadqiqotda muvaffaqiyatli ishtirok etishga yuqori darajada eʼtibor qaratilayotganidan dalolat.
Bugunga qadar mamlakatimizning taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etmagani mavjud holatni xalqaro darajada baholash, boshqa davlatlar bilan taqqoslash va tahlil qilish imkoniyatini cheklayotgan edi. 2018-yili Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil qilindi. Markaz tomonidan oʻtgan davrda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan kelishuvga erishilib, yurtimiz maktablarining ilk marotaba PISA, TALIS, PIRLS va TIMSS xalqaro dasturlarida ishtirok etishiga zamin tayyorlandi.
Oʻzbekistonda PISA — 2022 asosiy sinov jarayonining ramziy ochilish marosimini boshlash, mamlakatimizda taʼlim natijalarini baholash borasida olib borilayotgan tadqiqot natijalarini keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatga yetkazish hamda istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi, PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer mamlakatimizda mehmon boʻlib turibdi.
— Oʻquvchilarning taʼlimdagi yutuqlarini baholash boʻyicha xalqaro PISA dasturi eng mukammal tadqiqotlardan hisoblanadi, — deydi Andreas Shlyayxer. — PISA dasturiga oʻxshash xalqaro tadqiqotlar mamlakatlarning boshqa maktab tizimlari bilan qiyoslagandagi natijalarini aks ettiradigan oʻziga xos koʻzgu. U oʻqitish natijalarini yaxshilashga xalal berishi mumkin boʻlgan koʻplab omillarni ilmiy asosda aniqlash va bartaraf etishga imkon yaratib, taʼlim tizimini muvaffaqiyatli isloh qilishga xizmat qiladi.
PISA baholash dasturining maqsadi oʻquv muassasalari va taʼlim siyosatini belgilaydigan shaxslarga sinf, maktab va mamlakat chegarasidan tashqariga nazar solishga koʻmaklashishga qaratilgan. Uning tadqiqotlarida yuqori natija koʻrsatish uchun oʻquvchilar fanlar chegarasidan chiqib fikrlashi va yangicha vaziyatda oʻz bilimini ijodiy qoʻllay olishi lozim. Bu esa mamlakat taʼlimi oldidagi muhim oʻtish davri hisoblanadi. Zero, davlatning iqtisodiy barqarorligi, aholining yashash sifati yuksalishi bevosita bugungi taʼlim bilan bogʻliq.
15-16 yoshli oʻquvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy, oʻqish savodxonligi va kreativ fikrlash qobiliyatini baholashga qaratilgan ushbu tadqiqot joriy yil aprel-may oylarida xalqaro tashkilot tomonidan tanlab olingan mamlakatimizning turli hududidagi 202 ta maktabda kompyuter yordamida oʻtkaziladi. PISA tadqiqotlari har bir mamlakatga oʻzining kuchli va zaif tomonlarini dunyo taʼlim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etadi, yaʼni investorlar mamlakatda bilimli, malakali kadrlar bormi, degan savolga bu tadqiqot natijalari orqali javob topadi.
— Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatimizdagi taʼlim tizimi, muhiti, oʻquvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlashi, egallagan bilimini hayotda qoʻllay olish qobiliyati, ota-onalarning farzandi taʼlimiga eʼtibori va uyda yaratilgan sharoit boʻyicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli maʼlumotlar olish koʻzlangan, — deydi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish bizga ilgʻor taʼlim amaliyotini kuzatish, innovatsion oʻqitish siyosati hamda amaliyotini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoni, umuman, oʻrganishimiz mumkin boʻlgan koʻpgina muvaffaqiyatli misollar bilan tanishish imkonini ham beradi.
Jahon banki tahlillariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻtkazilgan baholash natijalari 474 ballni tashkil etgan va 0,61 indeks koʻrsatkichi bilan 174 ta davlat orasida 57-oʻrinda.
Bugun yangilanish va islohotlar yoʻlidan dadil borayotgan Yangi Oʻzbekiston bilan taʼlim sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro amaliy hamkorlik oʻrnatish, maktablarimizda zamonaviy oʻqitish metodlarini joriy etish hamda yurtimizning xalqaro reytinglardagi oʻrnini mustahkamlash kelgusida mamlakatimizga xorijiy investitsiya oqimining oshishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri