Kecha Milliy matbuot markazida “Oltin qalam” Milliy mukofoti xalqaro tanlovini oʻtkazish tashkiliy qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻtgan yili butun duyoda boʻlgani kabi yurtimizda ham turli sohalarda rejalashtirilgan aksariyat ishlar, rejalar amalga oshmay qoldi. Shu jumladan, anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti xalqaro tanlovi ham toʻxtatildi. Joriy yilda esa ijodkorlarning mazkur koʻrigi har yilgidek koʻtarinki oʻtkazilishi koʻzda tutilyapti.

Yigʻilishda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari Holmurod Salimov OAV vakillariga shular haqida maʼlum qildi. Shuningdek, “Oltin qalam” XV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha kun tartibidagi tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi. Taʼkidlash joizki, bu galgi tanlov materiallariga OAVlarning ham onlayn ovoz berishiga imkon yaratish rejalashtirilyapti. Har yilgidek xorijlik jurnalistlar ham oʻz nominatsiyalari bilan ishtirok etish huquqiga ega.

Tanlov Nizomiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan ishtirokchilar fikrlari tinglanib, taklif va mulohazalarni umumlashtirish uchun muddat belgilandi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, 2006-yilda ilk bor oʻtkazilgan ushbu tanlovda 136 nafar jurnalist 1669 ta ijodiy ishi bilan qatnashgan boʻlsa, 2019-yili XIV Milliy mukofot uchun tanlovda 510 nafar ijodkor 7500 ga yaqin material bilan ishtirok etgan. Ushbu koʻrsatkichlar tanlovning koʻlami va nufuzi yildan-yilga oshib borayotganidan dalolatdir.

Bu esa jurnalistlarda fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etish, tanqidiy fikrlash va ijodiy faoliyatga yangicha yondashishni shakllantirayotgani bilan ahamiyatli.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri