Xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda parlamentning roli

    Dolzarb 22 Sentabr 2021 650

    2021-yil 22-sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda parlamentning roli” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

    Videokonferens aloqa shaklida oʻtkazilgan tadbirda Oliy Majlis palatalari deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi masʼul xodimlari, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilari va tadqiqotchilari, Markaziy Osiyo Xalqaro instituti, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Mazkur davra suhbatini oʻtkazishdan asosiy maqsad — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda Oliy Majlis tomonidan olib borilayotgan ishlarni sarhisob qilgan holda bu borada kelgusidagi vazifalarni aniqlashtirib olishdan iborat.

    Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov ishtirok etib, oʻz kirish soʻzida soʻnggi yillarda BMTning yuksak minbari Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik eng dolzarb masalalar yuzasidan mamlakatimiz nuqtayi nazarini bayon qilish va muhim tashabbuslarini ilgari surish uchun oʻziga xos “maydon”ga aylanganini alohida taʼkidladi.

    Darhaqiqat, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari ushbu minbar orqali bir necha bor, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida (2017-yil sentyabr), BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida (2020-yil sentyabr) hamda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida (2021-yil fevral) ishtirok etib, Oʻzbekistonning muhim tashabbuslarini ilgari surdi. Xususan, Prezidentning BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi maʼruzasida ilgari surilgan aniq taklif va ulugʻvor tashabbuslar oʻzining nihoyatda dolzarbligi, keng qamrovliligi, eng muhimi, nafaqat Oʻzbekistonning, balki barcha qoʻshni davlatlar va asosiy hamkorlarimizning manfaatlarini ham birdek qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

    Taʼkidlanganidek, dunyo jamoatchiligining diqqat-eʼtiborini oʻziga tortgan ushbu nutqda mamlakatimizning muhim taklif va tashabbuslari eʼlon qilindi. Ular ichida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish; davrimizning dolzarb global va mintaqaviy muammolari va ularning yechimlarini muhokama qilish uchun qator xalqaro anjumanlarni tashkil qilish, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish; Afgʻoniston masalalari bilan shugʻullanuvchi va BMT huzurida doimiy faoliyat yurituvchi maxsus qoʻmita tuzish, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish kabilarni alohida ajratib koʻrsatish mumkin.

    Ushbu tashabbuslarni hayotga izchillik bilan tatbiq etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va parlamentining alohida-alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan boʻlib, ular hozirgi kunda keng tatbiq etilyapti. Masalan, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo darajada targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining 2021-yil 26-fevraldagi Qoʻshma Qaroriga muvofiq “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi va u bugungi kunda hayotga joriy etilyapti.

    Tadbirda qayd etilishicha, “yoʻl xaritasi”ga muvofiq joriy yilning 23-24-iyun kunlari Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusida xalqaro forum oʻtkazildi. Bundan tashqari, xalqaro parlamentlararo uyushmalar doirasida, xususan, Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, YEXHT Parlament Assambleyasi sessiyalarida va boshqa qator anjumanlarda Prezident tashabbuslarining mazmun-mohiyati haqida xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilish barobarida ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha oʻzaro hamkorlik amalga oshirilmoqda.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi parlamenti aʼzolarining xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari doirasida ham xalqaro jamoatchilikni mazkur tashabbuslarning mazmun-mohiyati haqida xabardor qiluvchi anjuman va tadbirlar tashkil etilyapti.

    Davra suhbati yakunida BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda parlament tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob qilish asosida ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni bundan keyin ham izchil davom ettirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.