O'rmon xo'jaligi xodimlari, fermer va tadbirkorlardan iborat 100 dan ortiq ishtirokchi GIS-texnologiyalaridan foydalangan holda innovatsion usullar asosida o'rmon va yaylov hududlarini inventarizatsiya qilish bo'yicha treninglarda qatnashdilar. Mashg'ulotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “O'zbekistonning tog'li va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Treninglar O'zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi O'rmon xo'jaligi agentligi bilan hamkorlikda o'tkazilgan.
Treninglar davomida ishtirokchilar o'rmonlar, erdan foydalanish turlari va o'rmon resurslarining taksometrik xususiyatlari to'g'risida ma'lumot to'plashning zamonaviy usullarini o'rganishdi. Bunda GIS-texnologiyalaridan foydalanishga asosiy e'tibor berildi. Ta'kidlanishicha, GIS-texnologiyalari yordamida olingan ma'lumotlar o'rmonlarni boshqarish xaritalarini saqlash va yangilashni maqbullashtirishga imkon beradi. Zamonaviy dasturiy ta'minot o'rmon ekotizimlarini yaxshiroq tahlil qilish, o'rmon erlarini inventarizatsiya va monitoring qilish uchun ishlatiladi.
O'zbekistonning o'rmon fondi qariyb 12 million gektarni tashkil etadi, ularning aksariyati baland tog'lar va daryolar vodiylarida joylashgan. Butun Markaziy Osiyoda bo'lgani kabi O'zbekistonda ham o'rmonlar mintaqaning iqlim sharoitidan kelib chiqqan eroziya va cho'llanishga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega. O'rmonlar boy biologik xilma-xillikning tabiiy ombori bo'lib xizmat qiladi va qishloq aholisi uchun tirikchilik manbalarini ta'minlaydi. Bundan tashqari, o'rmonlar energiya ishlab chiqarish uchun muhim yog'och manbai bo'lib xizmat qiladi.
Loyiha Sirdaryo, Pop, Kitob va Dehqonobod o'rmon xo'jaliklarida amalga oshirilmoqda. O'zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi O'rmon xo'jaligi agentligi loyihaning asosiy milliy hamkori hisoblanadi.
Oktyabr oyida FAOning xalqaro maslahatchisi Bredli Patterson boshchiligidagi loyiha guruhi 2023-yilda bajarilgan ishlarni monitoring qilish uchun barcha 4 ta o'rmon xo'jaligiga tashrif buyurdi. O'tgan davrda loyihaning tajriba maydonlarining tog' oldi hududlarida 2 ming gektardan ortiq maydondagi suvlarini boshqarish uchun suv chiqarish inshootlari, 20 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlar maydonning holatini yaxshilash uchun 180 ta urug'lik maydonlari tashkil etildi, 4,2 ming gektar maydonda o'rmonlarni tabiiy qayta tiklash bo'yicha texnik ishlar olib borildi. Loyihani amalga oshirish davomida 78 ming gektar maydonda o'rmonlarni barqaror boshqarish bo'yicha ishlar amalga oshirildi.