Festivalning ikkinchi kuni, bugun, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida soat oʻnda boshlandi. Tadbirlar doirasida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Muzeyshunoslik” kafedrasining “Ochilmagan sinoat bilan yuzma-yuz” foto koʻrgazmasining ochilish marosimi ham boʻlib oʻtadi
Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Toshkent fotosuratlar uyida esa mahorat darslari, koʻrgazmalar oʻtkaziladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi oʻquvchilarning zamonaviy va anʼanaviy liboslar namoyishi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Dastgohli rangtasvir” kafedrasida mahorat saboqlari ham tadbir doirasida boʻlib oʻtadi. Darslarni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy aʼzolari Oʻzbekiston xalq rassomlari, professorlar J.Umarbekov va A.Ikromjonov oʻtadi.
Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galeriyasida, I.V.Saviskiy nomidagi Qorqalpogʻiston Respublikasi Davlat sanʼat muzeyi va Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasining Qorqalpogʻiston boʻlimi bilan hamkorlikda “Mening ona diyorim - mening Qoraqalpogʻistonim” deb nomlangan koʻrgazma bilan festivalning ikkinchi kunidagi tadbirlar oʻz yakuniga yetadi.
Ertaga, yaʼni festivalning uchinchi kunida, yanada qiziqarli, badiiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari va bi rqator koʻngilochar dasturlar namoyishi boʻlib oʻtishi koʻzda tutilmoqda.
Gulichehra DURDIYEVA,
"Yangi Oʻzbekiston" muxbiri