Xalqaro turizm yarmarkalari va ko'rgazmalarida ishtirok etish uchun tanlov o'tkazish tartibi belgilandi

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida turizm sohasining subyektlarining xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalarida ishtirok etish uchun tanlov oʻtkazish tartibi belgilandi.

    Hozirda dunyodagi eng nufuzli 19 ta xalqaro darajadagi turizm koʻrgazmasi va yarmarkalarida ishtirok etish rejalashtirilgan. Tanlovda “kirish turizmi” yoʻnalishi boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan (qayta tashkil etish, tugatish va bankrotlik jarayonida boʻlmagan) Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari ishtirok etishi mumkin. Unda turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari, transport xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar toifalardagi turizm sohasi subyektlari ishtirok etadi.

    Xalqaro turizm yarmarkalari, koʻrgazmalarda ishtirok etish uchun tadbirdan 90 kalendar kuni oldin Qoʻmita huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasiga ariza bilan murojaat qilinadi. Arizaga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqida guvohnoma, turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya, turizm xizmatlariga qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda olingan sertifikat nusxalari ilova qilinadi.

    Shuningdek, tanlov ishtirokchisidan oʻz veb-saytiga ega boʻlish, turoperator va turagentlardan xizmat sifatida bir qator turpaketlar taklif qilinishi talab qilinadi. Tanlov ishtirokchisi xodimlarining yuqori malakaliligi va faol marketing faoliyati ularning tanlovda gʻolib boʻlish imkoniyatlarini oshiradi. “Milliy PR-markazi” arizani 5 ish kunida koʻrib chiqadi va tanlovda ishtirok etish yoki tanlovda qatnashishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. 20 kalendar kuni ichida Markaz ariza beruvchini tekshiradi hamda tanlovdan oʻtkazish natijalari haqida xabardor qiladi.

    Tanlov natijalari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda uning huzuridagi “Milliy PR-markazi”ning veb-sahifalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilinadi. Tanlov asosida tanlab olingan turizm sohasi subyektlarining xalqaro turistik koʻrgazma va yarmarkalarda koʻrgazma maydonlarini ijaraga olish, eksponatlar uchun inshootlar yaratish va oʻrnatish xarajatlari Qoʻmita hisobidan moliyalashtiriladi.