Nizomga koʼra, davlat fuqarolik xizmatchisi Oʼzbekistondan tashqaridagi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, Oʼzbekistonda oʼtkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovgʼa olishi mumkin.
Oʼzbekistondagi boshqa xizmat safarlarida sovgʼa olish mumkin emas.
Davlat fuqarolik xizmatchisi oladigan sovgʼa quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- milliy qonunchiligimizda taqiqlanmagan ashyolar boʼlishi;
- sovgʼa xalqaro va boshqa rasmiy tadbirda ixtiyoriy berilgan boʼlishi;
- sovgʼa ochiq va oshkora qabul qilinishi;
- davlat organining obroʼsiga putur yetkazmasligi;
- manfaatlar toʼqnashuvi yoki korruptsiyaviy omilni keltirib chiqarmasligi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi sovgʼani tadbirdan kelgandan soʼng 3 ish kunida xoʼjalik boʼlimiga beradi va bunda dalolatnoma tuziladi.
Sovgʼaning qiymati aniq boʼlmasa, xoʼjalik boʼlimi uni baholaydi va uning qiymati BHMning 4 baravaridan (1,2 mln soʼmdan) koʼp boʼlmasa, sovgʼa davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladi.
Sovgʼa qiymati BHMning 4 baravaridan koʼp boʼlsa, u moliya-iqtisod boʼlinmasi tomonidan davlat organi balansiga kirim qilinadi hamda davlat organi ehtiyoji uchun foydalaniladi.
Tez yaroqsiz holga keluvchi sovgʼalar (gul, shirinliklar), shuningdek kantselyariya toʼplamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovgʼa sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovgʼalar davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi.
Mazkur nizom talablari barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi.