Qayd etilishicha, jamgʻarma zaxira aktivlari hisobidan 456 milliard SDR (Special Drawing Rights — maxsus qarz olish huquqlari, 650 milliard AQSH dollari) ajratadi. 275 milliard dollar rivojlanayotgan bozorlarga va mamlakatlarga beriladi.

“Ushbu muhim qaror — jamgʻarma tarixidagi eng yirik SDR taqsimoti va misli koʻrilmagan inqiroz davrida global iqtisodiyot uchun yoʻnaltirilgan moliyaviy koʻmak hisoblanadi. SDRʻning taqsimlanishi barcha aʼzo mamlakatlar manfaati uchun xizmat qiladi”, — deydi jamgʻarma boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva.

Maʼlum qilinishicha, mablagʻlarni ajratish toʻgʻrisidagi qaror 23-avgust kuni kuchga kiradi. Mablagʻlar kvotalarga mutanosib ravishda jamgʻarmaga aʼzo mamlakatlarga oʻtkazib beriladi. Kvotaga muvofiq (0,116 foiz) Oʻzbekiston 754 million dollar olishi mumkin.

Shuningdek, jamgʻarma yordamga oʻta muhtoj davlatlarga tiklanish ishlarida yordam berish uchun boshqa variantlarni ham oʻrganib chiqmoqda. U jahon iqtisodiyoti joriy yil 6 foiz va kelgusi yilda 4,9 foizga oʻsishini bashorat qilmoqda.