“Xalqimizning ongi, dunyoqarashi oʻzgargani, uning qalbida oʻziga, ertangi kunga ishonch paydo boʻlgani – bu bizning eng katta yutugʻimiz.

Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, oʻz murod-maqsadlariga albatta yetadi...

Ishonchim komil, barchamiz birgalikda yangi Oʻzbekistonni – inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlatni albatta quramiz!”.

Davlatimiz rahbarining shu yil 14-iyul kuni oʻz lavozimiga yangidan kirishish tantanali marosimidagi nutqidagi bu kabi fikrlar, xulosalar, daʼvatlarning barchasi chuqur hayotiy asoslarga ega. “Oʻtgan besh-olti yilda hayotimizda nima oʻzgardi?” degan savolga bugun minglab qishloq-mahallalar qiyofasidagi yangilanishlar, oʻz hayotidan rozi boʻlib yashayotgan insonlar turmushidagi ijobiy oʻzgarishlar misolida yetarlicha javob aytish mumkin.

“Inson qadri uchun!” gʻoyasining amaliy natijalarini oʻz kundalik hayotida his qilayotgan yurtdoshlarimiz safi kundan kun kengayib borayotgani uchun ham Prezident saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini ikki partiya qoʻllab-quvvatladi, 87,05 foiz saylovchi tanladi. Bunday yorqin gʻalaba davlatimiz rahbarining yangi, qudratli va buyuk Oʻzbekiston asoslarini barpo etish, inson huquq-erkinliklarini, xalq manfaatini taʼminlash yoʻlidagi beqiyos xizmatlari, ichki-tashqi siyosatdagi tarixiy oʻzgarishlarni xalqimiz chuqur eʼtirof etib, faol dastaklayotganining yana bir isbotidir.

Shavkat Mirziyoyevning saylovdagi ishonchli gʻalabasi, oʻz lavozimiga yangidan kirishishi munosabati bilan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yurtdoshlarimizdan kelayotgan koʻplab tabrik va minnatdorlik maktublarida ham ana shunday ruh yaqqol sezilib turibdi.

***

Maktublarni oʻqir ekanmiz, mualliflar orasida turli hudud, yosh va millat vakillarini uchratish tabiiy, albatta. Ularda el-yurt ravnaqiga doxil turfa qarashlar, misollar, takliflar, tilaklar bayon etilayotgani, yurtimiz fikrlar xilma-xilligi asosida rivojlanayotgani, bugungi insonparvar siyosat avlodlar va millatlarni yangi Oʻzbekistonni barpo qilishdek yagona katta maqsad yoʻlida bir musht sifatida birlashtirayotgani ham eng hayotiy dalillardan biri aslida.

Deylik, koʻp yillar Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Payshanba shaharchasida mahalla raisi boʻlib ishlagan mehnat faxriysi Qamariddin Ahmedov davlatimiz rahbarini saylovdagi ishonchli gʻalabasi bilan samimiy tabriklar ekan, mamlakatimizning barcha hududi qatori Kattaqoʻrgʻonda ham yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganini taʼkidlaydi:

“...Birgina bizning tumanni olsak, shu kunlarda yirik sement zavodi ishga tushadi. Bu bilan yiliga qariyb 3 million tonna eksportbop sement ishlab chiqariladi, 600 nafar qorakoʻzimiz ishli boʻladi, daromadli boʻladi, kamida 600 ta oila roʻzgʻorining kami toʻladi, biri ikki boʻladi. Yoki yaqinda 220 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi ish boshlashi bilan elektr energiyasidagi tizimli masalalar hal qilinadi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, yangilangan Konstitutsiyamiz asosida ochiq, shaffof oʻtgan saylovdagi ishonchli gʻalabangiz xalqimiz hayotidagi mana shunday tarixiy oʻzgarishlar bardavom boʻlishini, el-yurtimizning yana 7 yil barqaror rivojlanishini toʻliq kafolatlab berdi”.

Qashqadaryolik mehnat faxriysi Botir Rahimovning voha nuroniylari nomidan yoʻllagan tabrik xatida ham xalqimizning bu tanlovi zamirida soʻnggi olti yilda erkin, obod va farovon hayot yaratib berish yoʻlidagi islohotlarning amaliy natijalari mujassam ekaniga urgʻu beriladi:

“...Yangi Oʻzbekistonda yangicha dunyoqarash bilan yashash, odamlarning hayotdan rozi boʻlishi yoʻlida olib borilayotgan xalqparvar siyosat, olijanob fazilatlar uchun Sizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishda yuksak namuna boʻlmoqdasiz.

Oʻz navbatida, biz nuroniylar ham yoshlar tarbiyasi, taʼlim, oilalar mustahkamligi, obodlik-ozodalik ishlari, tomorqalardan foydalanish va boshqa masalalarda jamoatchilik ishlarini olib borishda tashabbuskor boʻlamiz”.

Chiroqchi tumani Qahramon mahallasida yashovchi 97 yoshli Temur Jumanov, Urganch shahrida yashovchi 92 yoshli Roʻzmat Xudoybergenov, gʻallaorollik 88 yoshli Salohiddin Nazarov singari koʻplab nuroniylarimizning duoyi salomga toʻla maktublarida xalqimiz shak-shubhasiz uzoqni koʻra oladigan eng yetuk siyosiy yetakchini, dono rahbarni tanlagani tufayli ham mamlakatimizdagi tinchlik, jamiyatimizda qaror topgan doʻstlik-birdamlik muhiti, avlodlar oʻrtasidagi mustahkam rishta koʻp millatli xalqimizni yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yoʻlida birlashtirayotgani aytiladi.

 “Siz rahbar boʻlganingizdan soʻng inson qadri tiklandi. Tashabbusingiz va yordamingiz bilan koʻplab vatandoshlarimiz qatori davlatimiz hisobidan muborak haj amallarini ado etdim. Safar davomida boshqa davlatlardan kelgan ziyoratchilar bilan gurung qilganimizda, ular ham Oʻzbekistonimiz rivoji, sizning dono siyosatingiz haqida koʻp iliq gaplarni aytishdi. Bundan barchamiz gʻururlandik va 9-iyul kuni islohotlaringiz davom etishi uchun ham ovoz berdik”, deyiladi Mirzachoʻl tumani Yerjar mahallasida yashovchi Latif Turatov tomonidan yoʻllangan maktubda.

Qoraqalpogʻistonning Kegayli tumani Juzimbogʻ ovulida yashovchi Ahmad Abdullayev, Nukus shahri Gʻarezsizlik mahallasi turgʻuni Nina Ryabkina, Toʻrtkoʻlning Tozabogʻyop mahallasidan Flyura Temirova maktublarida esa soʻnggi 6 yilda Orolboʻyi aholisiga koʻrsatilayotgan doimiy mehr-eʼtibor va yuksak gʻamxoʻrlik, farovon yashash, taʼlim olish, davolanish, tadbirkorlik qilish uchun eng koʻp imkoniyat va imtiyozlar taqdim etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirilgan.

“Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Oʻzbekiston xalqi uchun oqilona irodangiz, bilimingiz va kuch-gʻayratingizni ayamasdan mehnat qilyapsiz. Barcha yoshdagi va qatlamdagi insonlarga oʻz hayotini oʻnglab olishi uchun katta imkoniyat va teng sharoit yaratdingiz. Xalqimiz Sizdan doimiy minnatdor, Oʻzbekistonimiz yanada goʻzal va kuchli boʻlishi uchun hamisha yoningizda turamiz, tinmay mehnat qilamiz”, deyiladi Ellikqalʼa tumani “Saribiy” ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi Xudoybergan Roʻzimovning maktubida.

***

Andijon viloyati Asaka tumani Yangisor mahallasida yashovchi Xursandoy Qurbonova esa Shavkat Mirziyoyevga ovoz berganini hayotidagi eng murakkab pallada davlatimiz katta yordam koʻrsatgani bilan izohlaydi: “2020-yili pandemiya davrida, sinovli kunlarda Prezidentimiz bizni otalarcha qoʻllab-quvvatladi, davlatimizdan doimiy yordam oldik, mehr koʻrdik. Eng ogʻir paytda yana hayotga qaytargan bunday koʻmak va eʼtiborni bir umr unutmaymiz. Siz bilan faxrlanamiz, doim duo qilamiz”.

Samarqand shahri Zargartepa mahallasida yashovchi Ravshan Mamatqulov tabrigida “2016-yilgacha xalq dardini hech kim eshitmagan. Barcha boʻgʻindagi rahbarlarni yerga tushirib, oddiy odamlarni eshitishga, ularga yordam berishga oʻrgatganingiz uchun ham Sizdan minnatdormiz”, deyilsa, Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani Bobotogʻ mahallasida yashovchi Zafar Mahmanazarov maktubida “Ogʻir sharoitdagi insonlarga doimiy yordam koʻrsatilayotgani, adolatli, xalqparvar, kambagʻalparvar Prezident boʻlganingiz uchun ham Sizga katta rahmat aytamiz, barchamizning suyangan togʻimizsiz”, deya taʼkidlanadi.

***

Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumani Qoʻrgʻoncha mahallasi Yakkatut koʻchasida yashovchi 9 yoshli Shahzodaxon Komiljonovaning shu yil 10-iyuldagi maktubi esa “Assalomu alaykum, mening Prezidentim, Sizga vaʼda berganimdek...”, deb boshlanadi.

Qizaloq vaʼdasi mazmunini tushunish uchun esa 7-iyul sanasiga qaytamiz. Chunki oʻsha kuni qoʻshtepalik Kamoliddin Jiyanov tumandagi Xalq qabulxonasiga 9 yoshli qizi Shahzodaxonning davlat rahbariga yozgan maktubini olib kelib topshirgan (bu xat Virtual qabulxona tizimida 7-iyul kuni soat 14:28 da 65285-xq/23 raqami bilan roʻyxatga olingan).

Xatni oʻqiymiz:

“...Sizni doimo televizorda koʻraman. Dadam aytadilar{ki}, davlatni boshqarish uchun katta bilim, tajriba va kuch kerak ekan. Siz mening qahramonimsiz. Bizning koʻchalar ham chiroyli asfalt qilindi. Yoritish tizimlari {yangi boʻldi} va boshqa yaxshi ishlar amalga oshirildi...

9-iyul kuni saylovda men ham ishtirok etaman, {yaʼni oila aʼzolarim bilan birga boraman}, albatta. Lekin {ovoz berishga} yoshim yetmas ekan. Biz oilamiz bilan Sizga ovoz beramiz. Siz, albatta, gʻalaba qozonasiz va mening Prezidentim boʻlib qolasiz.

Hurmat bilan, qizingiz Shahzodaxon. 2023-yil, 7-iyul”.

Oradan uch kun oʻtib, Prezident saylovining ertasi kuni, yaʼni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini eʼlon qilganidan soʻng qizaloq yana davlat rahbariga maktub yoʻllaydi (har bir murojaat oʻrganib chiqilishi uchun 15 kun muddat zarur boʻlishini hali bilmagan qizaloq ikkinchi maktubida uch kun avval topshirgan birinchi xatining taqdiri bilan ham qiziqadi).

Tabrik xatini oʻqiymiz:

“...Vaʼda berganimdek, barchamiz Sizga ovoz berdik.

Saylovdan oldin ham Sizga omad tilab xat yozgandim. Yetib bordimi?

Prezident bobo, Siz uchun juda ham xursandman. Nafaqat men {quvonchdaman}, balkim butun Oʻzbekistonda bayram. Men ham Siz kabi bilimli, tashabbuskor, gʻayratli boʻlib, Vatanimga munosib farzand boʻlishga vaʼda beraman. Sizni oʻzim va oilamiz nomidan Prezident saylovida qozongan gʻalabangiz bilan chin koʻngildan tabriklayman”.

Albatta, bunday samimiy dil izhorlariga toʻla tabriknomalar koʻp. Aytaylik, Qoraqalpogʻistonning Kegayli tumani Gujimterek mahallasidan Rasbergen Uzoqov, Nukus shahri Xalqlar doʻstligi mahallasidan Elmira Qoraboyeva, Fargʻona viloyati Soʻx tumani Devayron mahallasida yashovchi Qambarali Hojiqurbonov, Quva tumani Sanoatchilar mahallasidan Jamilaxon Abduraimova, Jizzax viloyati Doʻstlik tumani Manas mahallasidan Jalil Kenjayev, Zomin tumani Ulugʻbek mahallasidan Muzaffara Siddiqova, Forish tumani Osmonsoy mahallasidan Zarifa Umurova, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri Kamolot mahallasida yashovchi Ziyoda Rahimova, Yakkabogʻ tumani Mustaqillik mahallasidan Bahodir Norboyev, Xorazm viloyati Shovot tumanidan Umidjon Allaberganov, Hazorasp tumani Temirchi maskani mahallasidan Gulnoza Sharipova, Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Kattahayot mahallasidan Rezeda Ahmedshina, Sariosiyo tumani Turmushobod mahallasidan Dilorom Hamzayeva, Sirdaryo viloyati Shirin shahri Farhod mahallasidan Shavkat Sultonov, Oqoltin tumani Saxovat mahallasidan Sitora Quvonova, Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani Ayronchi mahallasidan Bahodir Hakimov, Namangan viloyati Pop tumani Uygʻur mahallasidan Xayriddin Usmonov, Buxoro shahri Zarafshon mahallasidan Mehrojiddin Saidov, Navoiy viloyati Gʻozgʻon shaharchasi Shayxon mahallasidan Kamola Ziyodullayeva, Samarqand viloyati Ishtixon tumani Minglar mahallasidan Eldor Xolmurodov, Toshkent viloyati Olmaliq shahri Mirzo Ulugʻbek mahallasidan Oynisa Abdiyeva, Toshkent shahri Chilonzor tumani Koʻrkam mahallasidan Janna Aikova, Yangihayot tumani Chorbogʻ mahallasidan Gulchehra Nabiulina kabi minglab yurtdoshlarimizning tabrik va minnatdorlik maktublarida oʻtgan olti yilda mamlakatimizda roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlar, odamlarning real hayotidagi yangilanishlar bois davlatimiz rahbari Prezident saylovida yorqin gʻalabaga erishgani aniq misollar bilan eʼtirof etilib, bu insonparvar, xalqchil va adolatli islohotlar yangi bosqichi ham muvaffaqiyatli amalga oshishiga katta umid-ishonch bildirilgan.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari nomiga yoʻllangan maktublar bilan tanishar ekanmiz, yurtimizning turli hududlarida yashayotgan, har xil soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni yangi Oʻzbekistonning buguni va kelajagiga boʻlgan qatʼiy ishonch, Prezidentimizga cheksiz mehr, yuksak hurmat va kuchli sadoqat tuygʻulari birlashtirib turganiga amin boʻlish mumkin. Shunda asrlar sinovidan oʻtgan qoyim haqiqatlardan biri ong-qalbimizda jarang sochadi: xalqim degan insonni el-yurt doim qoʻllaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

Xalq qabulxonasi maʼlumotlari asosida

U.Yoqubov tayyorladi