Xalqimiz jasorati va matonati – barhayotdir

    Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasi media zalida “INFOLIB UZBEKISTAN-2021” X milliy axborot-kutubxona xaftaligi doirasida yosh kutubxonachilar, foydalanuvchilar qatnashgan tadbirda “Xalqimiz jasorati va matonati — barhayotdir” mavzusida kitoblar taqdimoti bo'lib o'tdi.

    Unda taqdim qilingan kitoblar haqida O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha muvofiqlashtiruvchi metodik markaz direktori vazifasini bajaruvchi Kozimxon Sa'dullaev, “O'zbekiston” nashriyoti DUK direktori o'rinbosari Shavkat Muradov, O'zbekiston mudofaa vazirining madaniy ishlar bo'yicha maslahatchisi, “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi boshlig'i Shuhrat Yusupov, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi xizmat rahbari Shoira Rahimova so'zga chiqdi.

    Buyuk g'alabaning 75 yilligi munosabati bilan chop etilgan “O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga qo'shgan hissasi” nomli kitob albomda yurtimiz va chet ellardagi arxiv va muzeylarda, urush qatnashchilarlari va ularning oilalarida saqlanayotgan, hali ko'pchilikka ma'lum bo'lmagan noyob tarixiy fakt va ma'lumotlar, suratlar, xatlar, xotiralar jamlangan. Uning mantiqiy davomi sifatida chop etilgan “O'zbekiston ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob- albomda “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi haqida, shonli sana munosabati bilan chop etilgan kitoblar, tadqiqotlar natijalari bo'yicha ma'lumotlar o'rin olgan. “Xotiralardan o'rin olgan tarix” kitobida jurnalist, yozuvchi, olim va boshqa zamondoshlarimizning janglarda ishtirok etgan o'zbek o'g'lonlari haqidagi hujjatli va xayotiy yodnomalari jamlangan “Ikkinchi jaxon urushi yillarida O'zbekiston (1941-1945)” nomli yangi bibliografik ko'rsatkich Milliy kutubxona bilan birgalikda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar Axborot kutubxona markazlari fondlari, shuningdek, “O'zbekiston matbuoti solnomasi” asosida tayyorlanib nashr qilingan.

    Ma'ruzalardan keyingi savol-javoblarda tarix fanlari nomzodi Dilshod Aberkulov va boshqalar qatnashdi. Fikrlar bildirildi. Nashr qilingan kitoblarning, ayniqsa yoshlar uchun tarbiyaviy ahamiyati ta'kidlandi.

    Hasan Abdunazarov.