“Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi. Katta rahmat sizlarga!” — Prezident

    Hukumat 13 Sentabr 2024 154

    Oʻzbekiston jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 13-oʻrinni, Osiyo qitʼasida 3-oʻrinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha 1-oʻrinni egallagani taʼkidlandi.

    Paralimpiya oʻyinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon boʻlmagani qayd etildi.

    «Bu – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, isteʼdod va mahoratingiz samarasidir. Bu – yurtimizda inson qadrini amalda taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir.

    Oʻz Vatanini jonu dili bilan sevadigan, metin irodali, yuragida oʻti bor insonlargina shunday ulugʻ ishlarga qodir boʻladi.

    Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi. Katta rahmat sizlarga!», — dedi davlatimiz rahbari.

    Tokio Paralimpiya oʻyinlaridan soʻng keyingi safar albatta kuchli “oʻn beshtalikka” kiramiz, deb ezgu niyat qilingan edi.

    Oʻtgan yillar davomida shu maqsad yoʻlida tinimsiz mehnat qilindi. Sportchilarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilib, yuksak marralar uchun puxta zamin tayyorlandi.

    Natijada Oʻzbekiston bu yilgi Paralimpiya oʻyinlarida birinchi marta eng koʻp tarkib bilan, yaʼni 9 ta sport turi boʻyicha 65 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.

    Ayniqsa, para velosport boʻyicha vakillarimiz ushbu musobaqalarda ilk bor qatnashganini alohida eʼtirof etish lozim.