Oʻzbekiston qadimdan ilm-fan, madaniyat va intellektual oʻyinlar rivojlangan zamin sifatida dunyoga mashhur. Ana shunday boy meroslardan biri shaxmatdir. U nafaqat oʻyin, balki inson aqlini charxlovchi, sabr-toqat va strategik tafakkurni rivojlantiruvchi sport turi. Mamlakatimizda shaxmatga qiziqish ancha yuqori, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida. Umumtaʼlim muassasalari, sport maktablari va klublarda shaxmat toʻgaraklari faoliyat yuritmoqda. Bu esa kelajakda yangi chempionlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
Bugun
oʻzbek shaxmatchilari qatnashadigan har qanday katta-kichik xalqaro musobaqada
kim gʻalaba qozonishini taxmin qiluvchilar qiynalmaydi — zafar yoki sovrinli
oʻrin egasi, albatta, yurtimiz vakillari orasidan chiqyapti. Umuman,
mamlakatimiz sportida erishilayotgan natijalar haqida gapirganda mutaxassis va
murabbiylar shoshib qolayotgani ham bor gap. Zero, bugun oʻzbek bokschilari
dunyodagi kuchli raqiblarning oyogʻini qaltirata boshlaganiga ancha boʻldi.
Qolaversa, endi yakkakurash, futbol va boshqa koʻplab sport turlarida ham
raqiblarimiz ancha oʻylab, bahsga kirishishga majbur.
Boisi,
soʻnggi yillarda yurtimizda sport sohasidagi islohotlar ham avj pallaga kirdi.
Prezidentimiz tashabbusi va davlat dasturlarida belgilangan maqsadli
yoʻnalishlar orqali sport nafaqat sogʻlom turmush tarzini qaror toptiradigan,
balki mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonlarda yuksaltiradigan asosiy vositaga
aylandi.
Sohada
qilinayotgan ishlar yoshlarning tarbiyasi, jismoniy va maʼnaviy kamolotini
taʼminlashda ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Islohotlar jarayonida asosiy eʼtibor
“Sogʻlom avlod — sogʻlom kelajak” tamoyiliga qaratilgan. Zero, kuchli davlat
qurishning, jamiyatda maʼnaviy va intellektual yuksalishga erishishning
poydevori sogʻlom va barkamol avloddir.
* * *
Shu
bois, yurtimizda sport infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy sport
majmualarini barpo etish, ommaviy sportni keng targʻib qilishga katta eʼtibor
qaratilayotir. 2017-2024-yillardagi islohotlar jarayonida sportni
rivojlantirishga qaratilgan qator dasturlar qabul qilindi. Bu, oʻz navbatida,
aholi, ayniqsa, yoshlarning sportga qiziqishini oshirdi va qisqa muddatda
samara bera boshladi.
2024-yili
Parijda oʻtkazilgan olimpiya va paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz
chinakam jasorat koʻrsatib, umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egalladi. Ushbu
zafarli yurishning davomi sifatida oʻtgan yili yoshlarimiz jahon
universiadasida 13-oʻringa, Bahraynda oʻtkazilgan Yoshlar oʻyinlari va Saudiya
Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalarida 2-oʻringa munosib koʻrildi.
Oʻgʻil-qizlarimizning jahon, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida 50 dan ortiq rekord
natijaga erishgani yurtimizning xalqaro olimpiya harakatidagi oʻrni va nufuzini
yaqqol koʻrsatib turibdi.
Eʼtiborga
molik yana bir jihat: Prezidentimizning 2025-yil 8-iyuldagi qaroriga binoan,
Oʻzbekiston sportchilarini 2028-yilgi olimpiya va paralimpiya oʻyinlariga
tayyorlash dasturi qabul qilindi. Jarayonni tizimli tashkil etish maqsadida
Milliy olimpiya qoʻmitasining 14 ta hududiy boʻlimi tashkil etildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent
shahri hokimlari olimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston
Prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi
va Olimpiya qoʻmitasidan masʼullar biriktirildi.
Asosiy
vazifa yuqori natijalarga erishish uchun doimiy va mustahkam zamin yaratishdir.
Shu maqsadda iqtidorli sportchilarni eng quyi boʻgʻindan boshlab saralash va
professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi Oʻzbekiston olimpiya
choʻqqilari” musobaqasi yoʻlga qoʻyildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya
shaharchasida Prezident olimpiadasi sifatida oʻtkaziladi. Gʻolib va sovrindor
sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorgarlik
bosqichiga kirishadi.
Futbol
boʻyicha olimpiya jamoamiz Parij-2024 olimpiadasida birinchi marta ishtirok
etdi. Tariximizda ilk bor milliy terma jamoamiz uch mamlakat — AQSH, Kanada va
Meksika yashil maydonlarida oʻtadigan jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga
kiritdi. Oʻzbekiston oʻsmirlar (U17) terma jamoasi murakkab, mashaqqatli va
matonatli yoʻlni bosib oʻtib, oʻz tarixida uchinchi marta Osiyo chempionati
finaliga chiqdi va qahramonlarcha gʻalaba qozondi. Ular Qatarda oʻtgan jahon
birinchiligida ham Osiyo chempioni sifatida mamlakat sharafini munosib himoya
qildi, nomdor jamoalardan nafaqat qolishmasligini, balki ustun ham ekanini
isbotladi.
Bunday
yutuqlarni qoʻlga kiritishda esa sportchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar
yaratish, ularning tayyorgarligini xalqaro mezonlar asosida tashkil etishning
ahamiyati naqadar muhim ekani namoyon boʻlmoqda.
* * *
Yana
shaxmatga qaytsak. Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yili davlatimiz rahbari Prezident Olimpiadasi
musobaqalarining tantanali ochilish marosimida nutq soʻzlayotgan pallada dunyo
uzra bir xushxabar tarqaldi: “Oʻzbek oʻgʻloni Javohir Sindorov shaxmat boʻyicha
jahon kubogi gʻolibi boʻldi!”.
Javohir
Sindorov shu paytgacha FIDE jahon kubogini yutgan eng yosh (19 yosh) chempion
boʻlib tarixga kirdi! Hindistonning Goa shahri mezbonlik qilgan FIDE jahon
kubogi-2025 gʻolibligi Javohirga ayni paytda Kiprda boʻlib oʻtgan nomzodlar
turnirida ishtirok etish uchun rasmiy yoʻllanmani ham taqdim qildi.
Oʻshanda
Prezidentimiz marosimdagi nutqini toʻxtatib, quvonchli yangilik —
yurtdoshimizning gʻalabasini eʼlon qilib, chempionni qutlagan edi.
—
Ushbu buyuk gʻalaba bilan chin dildan tabriklayman. Sen oʻzbek oʻgʻloni, yangi
Oʻzbekiston farzandi nimalarga qodir ekanini dunyoga koʻrsata olding. Sendek
farzandim borligi bilan faxrlandim, xalqimiz faxrlandi. Ilohim, gʻoliblik yoʻli
bardavom boʻlsin, — dedi davlatimiz rahbari marosimdan soʻng telefon orqali
chempionni tabriklab.
Oʻz
navbatida, Javohir Sindorov bu gʻalaba kelgusidagi yanada ulkan zafarlarning
boshlanishi ekaniga umid bildirib, jahon shaxmat tojini Vatanimizga olib
kelishga vaʼda berdi. Yaratilgan imkoniyat va koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun
Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi.
Javohir katta ishtiyoq bilan vaʼdasini
bajarishga kirishgan koʻrinadi. Bugun oʻzbek oʻgʻloni ushbu toj uchun amaldagi
jahon chempioni bilan yakkama-yakka bahsga kirishishga hozir. Bunday
imkoniyatga ega chiqish uchun esa oʻta murakkab, ogʻir sinovlardan oʻtib
kelmoqda. Xalqaro grossmeyster, jahon kubogi sohibi Javohir Sindorov ushbu
yoʻldagi oxirgi, eng qiyin bosqich — 2026-yilgi Nomzodlar turnirida muddatidan
oldin gʻoliblikka erishib, amaldagi shaxmat toji egasi hindistonlik Gukesh
Dommaraju bilan dona surish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.
Musobaqa yakuniga bir tur qolganida
asosiy taʼqibchisi — niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri bilan murakkab
qarama-qarshilikda durang natija qayd etdi hamda 13 imkoniyatdan 9,5 ochko
jamgʻardi. Kipr mezbonligida oʻtgan bu galgi turnir oʻta yuqori raqobat, keskin
intellektual kurash va tarixiy natijalar bilan yodda qoldi. Musobaqa dunyo
reytingidagi eng kuchli 8 grossmeysterni bir maydonda jamladi. Hamyurtimiz,
jumladan, Anish Giri, Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Rameshbabu
Praggnanandha kabi kuchli grossmeysterlarga qarshi ishonchli oʻynab, turnir
tarixida kuzatilmagan noyob holat — olti gʻalabali partiya bilan rekord natija
qayd etdi.
Shu tariqa u Nomzodlar turnirida gʻolib
chiqqan oʻzbekistonlik ilk shaxmatchi sifatida tarixga kirdi. Ungacha faqat
2004-yili FIDE boʻyicha (eski formatda) jahon chempioni boʻlgan Rustam
Qosimjonov bunday katta yutuqqa erishgan edi. Endi oʻzbekistonlik yosh
grossmeyster amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan
shaxmat toji uchun bahslashadi. Shaxmat taxtasi uzra kechadigan bu “jang”
2026-yil oxirida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
Kiprdagi
gʻalabadan soʻng Javohir fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Yosh shaxmatchi turnir
davomida Oʻzbekistondagi muxlislarning mehri va eʼtiborini doim sezib turganini
taʼkidladi:
—
Kecha oilaviy muloqot guruhimizga Toshkent koʻchalaridagi monitorlarda aks
etgan suratimni yuborishganida koʻrib hayron qoldim. Butun Oʻzbekiston turnirni
kuzatayotganini oʻshanda yanada chuqur his qildim. Har bir turda bu
qoʻllab-quvvatlovni sezib turdim. Buning uchun barchaga rahmat aytaman, — dedi
muzaffar shaxmatchimiz.
Prezidentimiz
15-aprel kuni Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi va yosh
grossmeysterimizni Oʻzbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli
musobaqada zafar qozonib, tom maʼnodagi tarixiy gʻalabaga erishgani bilan
samimiy tabrikladi.
Javohir
ushbu turnirda ilgari hech kim chiqa olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14
oʻyinda 6 marotaba gʻalaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob
hodisa ekani alohida taʼkidlandi. U dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga
qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli
irodasi, yuksak intellektual salohiyati va qatʼiyatini namoyon qilgani qayd
etildi.
Davlatimiz
rahbari endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli
bellashuv turganini taʼkidlab, boʻlajak oʻyinlarda unga yanada ulkan omad,
kuch-gʻayrat va yangi zafarlar hamrohligiga tilak bildirdi. Joriy yil Samarqand
shahrida oʻtadigan 46-jahon shaxmat olimpiadasida Javohirning ishtiroki,
shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bagʻishlashini taʼkidladi.
Ayni
paytda eʼtibor tufayli shaxmat maydonida Javohir Sindorov yolgʻiz emas, uning
qabatida “ot suradigan”, “fil oʻynatadigan” mahoratli yigit-qizlarimiz talaygina.
Soʻnggi yillarda Javohirdan boshqa Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE)
reytinglarida nomi zikr etiladigan, bizga qadrdon ismlarga eʼtibor bering-a!
Ular allaqachon shaxmat tarixiga kirgan: Nodirbek Abdusattorov, Muhiddin
Madaminov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin
Vohidov, Jahongir Vohidov, Gulruhbegim Tohirjonova... Roʻyxat uzun. Undagi
shaxmatchilarimiz 60 dan ziyod.
Shaxmatning
yosh avlod vakillaridan Sarvinoz Bekmurodovaning joriy yil yanvarda erishgan
muvaffaqiyati ham mutaxassislarda katta umid uygʻotmoqda. Oʻzbek qizi 12
yoshida FIDE ayollar oʻrtasida sport ustasi boʻldi. Sarvinoz Oʻzbekiston
shaxmati tarixida bu darajaga erishgan eng yosh qiz sifatida eʼtirof etiladi.
Mazkur
tarixiy gʻalaba maʼnaviy taraqqiyot, Uchinchi Renessansga qoʻyilgan ulkan
poydevordir. Yangi Oʻzbekistonning kelajagini mana shunday yigit-qizlar quradi.
Sarvinozning bu yutugʻi millionlab yoshlarni ruhlantirib, katta ragʻbat beradi.
Kelajakda shaxmat bilan shugʻullanadiganlar soni koʻpayishi, sportimiz tarixi
sahifalari yoshlarimizning katta intellektual tafakkuri mahsuli boʻlgan ulkan
gʻalabalar bilan boyishi shubhasiz.
Yoshlarga
yaratilayotgan imkoniyatlar, xalqaro maydondagi yutuqlar va boy tarixiy
ildizlar yurtimizda haqli ravishda nafaqat shaxmat, balki sportning qator
turlarini taraqqiy toptirish uchun asos boʻlmoqda. Zero, xalqimiz tiynatida
muzaffarlik mujassam. Demak, bizga gʻalabalar yarashadi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri