Bu tizim xonadonlargacha kirib borgani, ehtiyojmand aholi bilan individual ishlash yoʻlga qoʻyilgani, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgani barcha uchun teng imkoniyat yaratilgan inklyuziv jamiyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

«Yurtimizda begona odam ham, begona bola ham yoʻq. Barchamiz yagona yurt farzandlarimiz, yagona Vatan ravnaqiga xizmat qilamiz.
Shu maʼnoda, bitta boʻlsa ham qiyin ahvolga tushib qolgan hamyurtimiz taqdiri barchamizni birdek tashvishga solishi kerak. Chunki xalqimizning eng katta qudrati – mehr-oqibat, saxovat va birdamlikdadir», dedi Prezident.

Umuman, bu yilning oʻzida yordamga muhtoj aholini ijtimoiy himoya qilishga 19 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Bularning barchasi oʻz samarasini berib, yurtimizda kambagʻallik darajasini 6,8 foizga tushirishga erishildi. Xalqaro tashkilotlar besh-olti yil oldin ushbu raqamni 35 foiz atrofida baholaganini hisobga olsak, qisqa davrda bu borada qanday katta yoʻlni bosib oʻtganimiz yaqqol ayon boʻladi.

«Biz tadbirkorlikni rivojlantirish, keksalar, xotin-qizlar, yoshlar, ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlarimizga yangi shiddat beramiz.
Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish borasidagi islohotlarimiz bir daqiqa ham toʻxtamaydi», dedi davlatimiz rahbari.