Bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas, u dunyo hamjamiyati koʻz oʻngida qadam-baqadam yuksalayotir. Nafaqat mintaqada, balki jahonda siyosiyiqtisodiy jihatdan tobora mavqei mustahkamlayotganini siyosatshunoslar baralla aytmoqda. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi sessiyalari va boshqa nufuzli xalqaro anjumanlarda ilgari surgan tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanayotgani, bu boʻyicha maxsus rezolyutsiyalar qabul qilinayotgani soʻzimiz tasdigʻidir.
Ayni paytda yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbarining shu yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi shukuhi bilan yashayapti. Xalqaro va mahalliy ekspertlar mazkur muhim hujjatni chuqur tahlil qilib, kerak boʻlsa, soʻzma-soʻz oʻrganayotgani, mamlakatimizning kelgusi yilga moʻljallangan reja va marralari bilan tanishayotgani ham bor haqiqat.
Koʻpchilik Murojaatnoma kontekstida diqqat qaratayotgan masalalardan biri mamlakatimizda aholi sonining 36 milliondan oshgani, har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qoʻshilayotgani omilidir. Dunyoning qator davlatlarida qarish tendensiyasi kuchayayotgan, aholining mehnatga layoqatli yosh qatlami kamayib borayotgan bir paytda Oʻzbekistonda yoshlarning tobora koʻpayayotgani katta yutuq.
Bu inson kapitalini kuchaytirish, salohiyatli mehnat resurslarini yaratish orqali iqtisodiy jihatdan rivojlanish imkonini beradi. Yaqinda Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasida BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakili janob Yu Yu bilan uchrashdik. Suhbat davomida nufuzli mehmon qiziqarli maʼlumotlarni aytib berdi. Aholishunoslikda umumiy tugʻilish darajasi (TFR — total fertility rate) degan muhim atama bor.
U ayol hayotining butun reproduktiv davrida oʻrtacha necha nafar bola tugʻishini koʻrsatadigan koeffitsiyentdir. Demograflarning hisob-kitobiga koʻra, mamlakat aholisini tabiiy ravishda bir xil koʻrsatkichda saqlab turish uchun umumiy tugʻilish koeffitsiyenti taxminan 2,1 ni tashkil qilishi kerak. Yaʼni mamlakatda aholi soni koʻpaymasligi va kamaymasligi uchun TFR koʻrsatkichi boʻlishi lozim. 2017-yilgacha Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 2,3 edi.
Oxirgi besh yilda 40 foiz oshdi. Bugun yurtimizda umumiy tugʻilish darajasi 3,3 ga yetdi. Taqqoslash uchun aytish joiz: bu koʻrsatkich Hindistonda 2,18, Xitoyda 1,18, Fransiyada 1,9, Rossiyada 1,8, Turkiyada 2,14 va Janubiy Koreyada atigi 0,9 ni tashkil etadi. Statistika maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda aholi soni 36 milliondan oshdi. Oʻtgan yili mamlakatimizda 920 ming bola tugʻilgan. Janob Yu Yuning fikricha, qisqa vaqtda umumiy tugʻilish darajasining bunday keskin oʻsishi jahon amaliyotida juda kam uchraydigan hodisadir.
Demograflar bu keskin oʻsishni turmush sharoiti yaxshiligi va oilalarning kelajakka ishonchi mustahkamlanishi bilan izohlaydi. Shu bilan birga, masalaning boshqa jihati ham bor. Tugʻilish soni koʻpayishi bilan aholiga ijtimoiy xizmat koʻrsatish masʼuliyati ham oshadi. Sogʻliqni saqlash tizimida ayollar skriningi va diagnostikasi, kasalliklar profilaktikasi, maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilishi, yangi ish oʻrinlari ochish va ish bilan taʼminlash kabi muhim masalalarga kuchli ehtiyoj seziladi.
Tan olish kerak, biz aynan shu yoʻnalishlar boʻyicha soʻnggi 5-6 yilda jiddiy shugʻullana boshladik. Bu orada koʻpchilik yoshlar chet elga ketib, arzon ishchi kuchi sifatida qora mehnat bilan band boʻlib qoldi. Oilasidan yiroqda yashaydi. Farzandining tarbiyasi bilan shugʻullana olmaydi. Qarabsizki, muammolar bolalayveradi. Yaqinda Hindistonda boʻlib qaytdim. U yerda bir holatdan taajjubga tushdim. 1 milliard 400 million nufusli Hindistonda har yili 27,5 million bola tugʻilar ekan. Bu deyarli Avstraliya aholisiga teng. Bir qarashda koʻpdek tuyulishi mumkin. Turkiyaning esa 85 million aholisi bor.
Ularda tugʻilish koʻrsatkichi bir yilda 1,1-1,2 millionga yetadi. Xitoy aholisi ham 1 milliard 400 million atrofida. Tugʻilish koʻrsatkichi esa yiliga 10,5 million. 145 million kishilik Rossiyada esa tugʻilish koʻrsatkichi taxminan 1 millionga yaqin. Keyingi yilda Oʻzbekistonda tugʻilish koʻrsatkichi 1 millionga yetishi kutilyapti. 36 million kishilik mamlakatimiz uchun, nazarimizda, bu katta raqam. BMT taxminlariga koʻra, 2080-yillarda dunyo aholisi 10,4 milliard kishiga yetadi va 2100-yilgacha bu koʻrsatkich saqlanishi mumkin.
Yaʼni qaysidir davlatda aholi soni oshib boradi, boshqasida esa, aksincha, kamayadi. Olimlarning aytishicha, asr oxiriga qadar Oʻzbekiston aholisi 80 millionga yetadi. Rossiyaliklar esa 110-70 milliongacha kamayishi mumkin. Yurtimizda tugʻilish koʻrsatkichi yuqori boʻlayotgani, shubhasiz, katta natija. Biroq mana shu imkoniyatdan mamlakatimizni rivojlantirish yoʻlida foydalanish, intellekt, yaʼni aqliy mehnat orqali daromad topishni oʻrganishimiz kerak. Zero, aholi soni oshgani bilan mamlakat hududi kengaymaydi, suvi va tabiiy boyliklari ham koʻpaymaydi.
Aholining oʻzi bilimi va salohiyati bilan natijaga erishishi kerak. Hindistonga qaraylik: jahonning eng yirik kompaniyalarida aynan shu mamlakat fuqarolari koʻpchilikni tashkil etadi. Oʻz intellekti orqali kompaniyalarni boshqaradi. Birgina “Microsoft” kompaniyasida 20 mingdan ortiq hind dasturchisi ishlaydi. Mana shu omil bizni doim inson resursidan, aqliy salohiyatidan foydalanishga undashi, farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga investitsiya kiritishimizda ruhlantirib turishi lozim.