Davlatimiz rahbarining Ramazon hayiti arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kabi shifo maskanlariga tashrifi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Jamoatchilik orasida ijobiy aks sado berdi. Mazkur tashrif yurtdoshlarimizning ruhiyatini koʻtarish, insonlar taqdiriga jonkuyarlik fazilatini namoyon etish bilan birga, har doimgidek konstruktiv yechim va takliflarga boy boʻldi. Yuksak gʻamxoʻrlik, mehribonlik, har biri fuqaro taqdiriga jonkuyarlik tashrifning asosiy mazmunini ifoda etdi. Tashrifda mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar natijasida tibbiyot sohasida ham katta oʻzgarishlar maqsad qilingani va bu yoʻlda amaliy ishlar boshlangani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari raisligida 18-may kuni sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan asosiy yoʻnalishlar hamda mazkur sohada amalga oshiriladigan qatʼiy chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu ishlarni bajarish jarayonida Innovatsion rivojlanish vazirligi jamoasi zimmasiga ham qator vazifalar yuklanadi.
Oʻtgan vaqt davomida vazirlik tomonidan davomida ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, moliyalashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha muayyan ishlar qilindi. Jumladan, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi tashkilotlar tomonidan umumiy qiymati 76,4 milliard soʻmlik 56 ta ilmiy loyiha uchun sharoit yaratildi. Yaʼni hozir 57 milliard soʻmlik 42 ta amaliy, 19,6 milliard soʻmlik 14 ta innovatsion loyiha bajarilmoqda.
Tibbiyot, farmakologiya va farmatsevtika yoʻnalishlarida olimlar uchun ilmiy loyihalar tanlovi davom etmoqda. Oʻtgan davr davomida tibbiyot fanlari yoʻnalishida umumiy qiymati 164,4 milliard soʻmlik 84 ta tematik mavzu, farmakologiya va farmatsevtika fanlari yoʻnalishi boʻyicha esa umumiy qiymati 55,5 milliard soʻmlik 35 ta tematik mavzu eʼlon qilindi. Ular saraton kasalliklarini erta tashxislash va jarrohlik yoʻli bilan davolashning yangi texnologiyasi, ogʻir yurak-qon tomir kasalliklari bilan xastalangan bemorlarni muolaja va reabilitatsiya qilishning personallashtirilgan yuqori texnologiyasi, dalillarga asoslangan tibbiyot asosida COVID-19 ni davolashning yangi modeli, qarindosh donordan olingan buyrak transplantatida rad etilish jarayonini erta aniqlash va uning oldini olish boʻyicha dasturiy mahsulotni yaratish kabi loyihalar boʻlib, mamlakatimiz tibbiyoti rivojiga turtki beradigan innovatsion yechim hisoblanadi.
Hozir tibbiyot fanlari hamda farmakologiya va farmatsevtika fanlari yoʻnalishlarida umumiy qiymati 25,3 milliard soʻmlik 17 ta tematik mavzu boʻyicha amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovi davom etmoqda. Yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalari tanlovi doirasida tibbiyot hamda farmakologiya va farmatsevtika fanlari boʻyicha umumiy qiymati 4,2 milliard soʻmga teng boʻlgan jami toʻrtta mavzu eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasida COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatish maqsadida umumiy mukofot jamgʻarmasi 500 million soʻm boʻlgan “COVID-19 Challenge 2020» innovatsion vosita va yechimlar onlayn tanlovi oltita yoʻnalishda tashkil etildi. Tanlovda ishtirok etish uchun 600 dan ortiq loyiha qabul qilindi va oltitasi saralanib, moliyalashtirildi.
Tibbiyot va farmatsevtika sohasiga oid ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirish va ishlab chiqarish aholi sogʻligʻini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va ularni oʻz vaqtida davolashda muhim omil. 2021-yil may oyi holatiga koʻra, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasiga oid beshta ilmiy ishlanma tijoriylashtirildi. Ular asosida umumiy qiymati 5,18 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 3,77 milliard soʻmlik mahsulot sotilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yangi innovatsion loyihalar joriy qilinib, texnologiyalar transferi amalga oshirilmoqda. Masalan, “Chirana Asia” Slovakiya–Rossiya–Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi ishga tushirildi. Vazirlik va mazkur qoʻshma korxona taʼsischisi “Shimso Group” kompaniyasi bilan 2019-yilda imzolangan hamkorlik memorandumi natijasida yurtimizda yiliga 500 dona oʻpkani sunʼiy shamollatish va 200 dona narkoz-nafas olish apparati ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Xitoy Fanlar akademiyasi rahbariyati oʻrtasida Navoiy viloyatida dorivor moddalarni sintez qilish boʻyicha qiymati 10 million AQSH dollariga teng boʻlgan farmatsevtika zavodi qurilishi loyihasi toʻgʻrisida kelishuvga erishilgan. Loyihaning dastlabki bosqichi sifatida 2 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ Oʻzbekistonda tashkil etilgan texnopark balansiga oʻtkazilgan. 2021-yil davomida yana 8 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ oʻtkazilishi rejalashtirgan.
Yurtimizdagi davlat oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlariga 2020-yil 1-yanvardan boshlab Springer Nature kompaniyasining, shuningdek, Elsevier kompaniyasining Clinical Key platformalari elektron maʼlumotlaridan bepul foydalanish imkoniyati taqdim etildi.
Eshitishi va nutqida muammosi boʻlgan shaxslar tomonidan tez yordam xizmatini chaqirish uchun Yagona dispetcherlik xizmati tashkil etildi. 2019-yil 1-iyuldan boshlab mazkur xizmat Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida faoliyat boshladi. Bugungi kunga qadar mamlakatimiz boʻyicha eshitishi va nutqida muammosi boʻlgan 4,5 mingdan ortiq shaxsga xizmat koʻrsatildi.
DMC klinikasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanidagi filialini tashkil etish uchun 200 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi. Natijada shifoxonada besh ming bemorni davolash, sakkiz yuz bemorda jarrohlik amaliyotini oʻtkazish imkoniyati yaratildi. Oʻn sakkiz nafar mutaxassis ish bilan taʼminlandi.
Yurtimizda ilk marotaba Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanida telemeditsinaga asoslangan “Muynoq telemedicine clinic” zamonaviy innovatsion klinikasi tashkil etildi. Uni barpo etishga 2,3 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada tumandagi 35 ming kishi va qoʻshni tumanlardagi aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish hamda telemeditsinaga asoslangan ilk innovatsion klinikada bemorlarni masofadan turib davolash va tashxis qoʻyish imkoniyati paydo boʻldi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan DNK chip texnologiyasi yordamida 282 tadan ortiq allergenni aniqlash va tahlil qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Aerobiologik tizimni yaratish maqsadida Italiyaning “Lanzoni s.r.l.” kompaniyasidan 10 ta gul changi qopqoni olib kelindi va yurtimizning sakkizta hududida oʻrnatildi. Ular yordamida olingan maʼlumotlar Yevropa jamiyati sogʻliqni saqlash provayderlarining www.polleninfo.org saytida eʼlon qilinadi.
Vazirlik tashabbusi bilan tashkil etilgan “Medical Manufacture Center” korxonasida Markaziy Osiyoda ilk bor Oʻzbekistonda oʻn turdagi innovatsion tibbiy buyum va implantlar ishlab chiqarilyapti. Bugungi kungacha uch mingdan ortiq implant buyum ishlab chiqarilgan. Bular — umurtqa transpedikulyar fiksatorlar, boʻyin sohasi tashqi korreksiyasi va fiksatsiyasi apparati, tana oraligʻidagi spondelyoz uchun titan implantlar, umurtqa endokorrektor-fiksatori, umurtqa implanti, oksipitospondilodyoz uchun tizim, kranioplastika implanti, yuz sohasi uchun implantlar, neyrojarrohlar va travmatologlar uchun jarrohlik uskunalari.
“Anatomik atamalar elektron lugʻati” mobil ilovasi yaratilib, oʻndan ortiq oliy tibbiy taʼlim muassasasining 20 mingdan ortiq talabasiga qoʻllanma sifatida foydalanish uchun taqdim etildi.
Tibbiyot taʼlimida zamonaviy innovatsion texnologiyalarini joriy etish maqsadida Portugaliyaning “Take The Wind” kompaniyasi tomonidan yaratilgan “Body Interact” platformasidan mamlakatimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va talabalari uchun bepul foydalanish imkoniyati yaratildi.
Oʻtgan kungi videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz tibbiyot sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasida ham qimmatli takliflarni bildirdi. Bu borada ham vazirlikning boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorligi muvaffaqiyatli kechyapti. Jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironligi boʻlgan shaxs maqomini berish jarayonini optimallashtiruvchi elektron maʼlumotlar platformasini ishlab chiqildi. U Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi axborot tizimi, FHDYO yagona elektron arxivi axborot tizimi va yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)ga integratsiya qilindi.
Mazkur elektron axborot tizimining yaratilishi nogironligi bor fuqarolarga oʻzlariga tegishli imtiyozlardan toʻsiqsiz foydalanish, nogironligi bor yoki shu maqomni olish arafasida turgan, nogironlik maqomini uzaytirish yoki oʻzgartirishi zarur boʻlgan kishilarning hujjatlar bilan bogʻliq muammolarini bartaraf etish, tibbiyot xizmatlaridan samarali foydalanish, protez-ortopediya buyumlari hamda nogironlar uchun inventarlar olishda qiyinchiliklarga duch kelmaslikka xizmat qiladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi rezidenti “BIOTEST-LAB” korxonasi tomonidan COVID-19 ga qarshi RNKni aniqlashda reagentlar toʻplami “Biotest-SARS-CoV-2” test sistemasi yaratilgan. 2020-yilda umumiy qiymati 90 milliard soʻmlik 22 ming 500 dona reagentlar toʻplami ishlab chiqilgan boʻlsa, 2021-yilda 8 ming dona reagentlar toʻplami ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Sogʻliqni saqlash sohasiga innovatsiyalar joriy etish va innovatsion texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha sakkizta startap loyihani moliyalashtirish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan oʻn bir milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.
Hozir sogʻliqni saqlash sohasida umumiy miqdori 14,3 million AQSH dollari boʻlgan oʻnta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shundan 3,9 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar jalb qilingan va oʻzlashtirilgan. AQSHning AMD kompaniyasi tomonidan telemeditsina sohasini rivojlantirish maqsadida xalqaro molekulyar allergologiya markazini moddiy-texnik jihozlar bilan taʼminlash, COVID-19 ga qarshi vaksinaning uchinchi klinik tadqiqotlarini oʻtkazish uchun Xitoy Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti bilan hamkorlik loyihalari shular jumlasidandir.
Cogʻliqni saqlash sohasiga umumiy qiymati 4,3 million AQSH dollari boʻlgan sakkizta tashqi begʻaraz grant amalga oshirilmoqda. Shundan 1,6 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ oʻzlashtirilgan.
Ilgʻor texnologiyalar markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd oʻrtasida Oʻzbekistonda COVID-19 infeksiyasining oldini olishga moʻljallangan ZF-2001 yangi koronavirus vaksinasi sinovlarini oʻtkazish boʻyicha uch tomonlama kelishuvga erishildi. Unga koʻra, Xitoy kompaniyasining ZF-2001 COVID-19 infeksiyasiga qarshi vaksina Oʻzbekiston hududida 18 yoshdan oshgan yetti ming nafar koʻngilli ishtirokida sinovdan oʻtkazildi.
Sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlarga monand ilmiy nuvon va darajali mutaxassislar soni ham oshmoqda. Jumladan, yurtimizda tibbiyot fanlari boʻyicha 2013–2020-yillarda fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi tasdiqlangan mutaxassislar 805 nafarni tashkil etadi. Tibbiyot sohasida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim qamrovi ham yildan yilga oshmoqda. Masalan, 2019-yilda tibbiyot fanlari boʻyicha jami 115 nafar, 2020-yilda 130 nafar izlanuvchi qabul qilingan.
2019-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligiga boʻysunuvchi oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalaridan yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga 44 nafar yosh olim qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborildi. Buning uchun 133 ming 685 AQSH dollar sarflangan.
2020-yilda 21 nafar yosh olim Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Belarus, AQSH, Germaniya kabi davlatlarda ilmiy stajirovka oʻtab kelishi uchun barcha saralash bosqichlaridan oʻtkazilgan. Pandemiya sharoitida davlatlararo aviatransport qatnovi toʻliq yoʻlga qoʻyilishi bilan ular stajirovkaga yuboriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi ilmiy tashkilotlarini zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlash uchun yirik miqdorda moliyaviy resurslar yoʻnaltirilgan. Xususan, Respublika patologik anatomiya markaziga tibbiyot yoʻnalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun JEOL kompaniyasi (Yaponiya) tomonidan ishlab chiqarilgan bir turdagi 800 ming AQSH dollarilik JEM-2100 Rlus rusumidagi zamonaviy elektron mikroskop xarid qilindi.
Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bir turdagi qiymati 122 ming yevrolik, Markaziy Osiyoda mavjud boʻlmagan yurishni oʻrganuvchi laboratoriya kompleksi ilmiy laboratoriya uskunasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi” tomonidan kompleks ekspertizadan oʻtkazildi. Hozir tanlov savdolarini oʻtkazish ishlari olib borilmoqda. Tanlov savdolari yakuniga koʻra tuziladigan shartnomalarga muvofiq, ilmiy laboratoriya uskunalari joriy yilda yetkazib beriladi.
Fuqarolar tinchligi va salomatligini taʼminlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishidir. Yangi Oʻzbekistondagi barcha sohalar singari sogʻliqni saqlash tizimi ham bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. “Tibbiyotdagi islohotlarni sifatli, manzilli amalga oshirsak, odamlar rozi boʻladi”, deb taʼkidladi davlatimiz rahbari. Darhaqiqat, koʻzlangan marralar yuksak, ularning barchasi pirovardida mamlakatimizning eng muhim boyligi boʻlmish yurtdoshlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan. Mazkur xayrli ishlarning oʻz vaqtida va toʻlaqonli bajarilishida Innovatsion rivojlanish vazirligi jamoasi ham barcha kuch-gʻayratini safarbar etadi.
Ibrohim ABDURAHMONOV,
innovatsion rivojlanish vaziri, akademik