Muallimning mehnatini igna bilan quduq qazishga qiyoslashadi. Bu bejiz emas. Nigohi hayratga toʻla, maktabga bir oz hayajon, bir oz hadiksirab qadam qoʻygan bolakayning koʻngliga yoʻl topib, uni bilim olishga qiziqtirishdan hayotda, jamiyatda oʻz oʻrniga, mustaqil fikri va dunyoqarashiga ega shaxs etib kamolga yetkazishgacha boʻlgan yoʻl naqadar ogʻir va mashaqqatli ekanini sohaga daxldor insonlar juda yaxshi biladi. Yaqin oʻtmishimizdagi ayrim murakkabliklarga qaramay, kasbini sharaf bilan ado etib kelayotgan oʻqituvchilar bugun Yangi Oʻzbekistonda chinakam eʼzoz topib, xalq mehrini qozonmoqda.

Anʼanaga koʻra, bu yil ham 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz farmoniga binoan fidoyi pedagoglardan bir guruhi davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Biz mazkur mukofotlarga loyiq koʻrilgan ustozlarning fikrlari bilan qiziqdik, ularning dil izhorlarini yozib oldik.

Abduqodir SHAMSIDDINOV, Marhamat tumanidagi 47-ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktabining kimyo fani oʻqituvchisi, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni sohibi:

— SHHT sammiti shukuhi kezib yurgan Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markaziga taklif etilgan 700 nafar ustoz-murabbiy qatorida turish menga ham nasib etdi. Dunyo hamjamiyatining eʼtiborini qozonayotgan Yangi Oʻzbekistonning jannatmonand goʻshasida sayr qilar ekanmiz, koʻzimiz oldidan yaqin oʻtmishdagi ayrim xotiralar oʻtdi. Beixtiyor mijjamizda sevinch yoshlari qalqdi. Ochigʻini aytish kerak, ilgari kasb bayramimizni paxta dalasida kutib olar edik.

Odamlar ham oʻqituvchilarning kasb bayrami taqvimdagina dam olish ekaniga koʻnikkan edi. Shoir aytganidek, bugun dorilamon kunlar keldi. Davlatimiz rahbari biz, oʻqituvchi va murabbiylarga yoʻllagan tabrigida taʼkidlaganidek, pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qoʻyilgani chindan ham bugun oʻz ijobiy natijasini koʻrsatmoqda. Yangi Oʻzbekistonda inson aziz ekani, har bir ezgu ishning eʼtibordan chetda qolmayotgani oʻqituvchi va murabbiylarga koʻrsatilgan alohida ehtiromda ham yaqqol oʻz ifodasini topdi.

Yaʼni oʻqituvchi tom maʼnoda oʻz kasbining fidoyisi boʻlishi uchun imkoniyat berildi. Oʻzim faoliyat yuritayotgan maktabda boʻlgʻusi kimyogarlarni tarbiyalashga bor salohiyatim, pedagogik tajribamni ishga solish bilan Prezidentimiz ishonchini oqlashga harakat qilyapman. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, uning yangi taraqqiyot davriga asos solish bevosita millatning yangi avlodini tarbiyalab, voyaga yetkazish bilan bogʻliq. Jamiyatda murabbiy va muallimlar rolini keskin oshirish ortidan bugun yosh avlodning qoʻlga kiritayotgan olamshumul yutuqlari, yurtimizda oʻqituvchi-murabbiylar, ustozlarga koʻrsatilayotgan ehtirom ham bardavom boʻladi.

Jumanazar MUSTAFOYEV, Buxoro davlat universiteti Qorakoʻl akademik litseyining matematika fani oʻqituvchisi, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni sohibi:

— Muborak bitiklarda bunday yozuv bor: “Agar bu dunyo saodatini tilasang, tijorat qilgil, agar u dunyo saodatini tilasang, ibodat qilgil. Agar har ikki dunyo saodatini istasang, ilm oʻrgan va uni boshqalarga oʻrgat”. Ustozlik oliy martaba va sharaf. Prezidentimiz farmoniga binoan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni bilan taqdirlanganimni eshitganimdan soʻng buni yanada teran his etdim. Oʻqituvchilik faoliyatimning 30 yilligi arafasida “xalq oʻqituvchisi” degan sharafli nomga sazovor boʻldim. Bu yuksak unvon, bu maqom menga nafaqat ragʻbat, balki kuch va shijoat ham bagʻishladi.

Prezidentimiz har bir chiqishida oʻqituvchi, ustoz va murabbiylar Uchinchi Renessans poydevori bunyodkorlari, maʼrifat, maʼnaviyat bogʻining bogʻbonlari ekanini qayta-qayta taʼkidlaydi. Chindan ham insoniyatning maʼnaviy dunyosini tartibga soluvchi, uning yoʻlini ezgulik tomon yoʻnaltirib turuvchi, ilm mashʼalasini koʻtarib, shogirdlarni izidan ergashtira oluvchi inson muallimdir. Qoʻlga kiritayotgan yutuqlarim negizida marhum ustozim, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi Toʻxtamurod Jumayevning munosib hissasi bor. Qorakoʻl litseyining shuhrati ham uning nomi bilan chambarchas bogʻliq. Ustoz oʻrnatib ketgan qatʼiy tizim hamda faoliyatga asoslangan.

Bir vaqtlar rahmatli Toʻxtamurod Jumayev: “Qani endi maktabimiz erishgan natijalar Prezidentimiz nazariga tushsa, boshqacha oʻzgarishlar boʻlardi, imkoniyatlarimiz yanada kengayar edi”, deb orzu qilardi. Soʻnggi yillarda ustozning niyati ushalmoqda, bemisl mehnat, tinimsiz izlanishlarimiz bilan eʼtiborga tushmoqdamiz va eʼtirof etilmoqdamiz. Yangi Oʻzbekiston yoshlarining ilmfan, sport, ishlab chiqarish, ixtirochilik borasida yurtimiz hamda xalqaro miqyosda yutuqlarga erishish, tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda oʻz mavqeiga ega boʻlishi yoʻlida xizmat qilayotgan barcha hamkasblarimni umumxalq bayram bilan samimiy muborakbod etaman. Qaddimizni va qadrimizni el ichida yanada koʻtargan Prezidentimizga Qorakoʻl litseyi jamoasi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman!

Bahodir ESHONQULOV, Oʻrta Chirchiq tumanidagi 124-imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktab-internat tarbiyachisi, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoni sohibi:

— Shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda dunyo yoshlaridan ortda qolish imkoniyatni qoʻldan boy berish bilan barobar. Fantexnika yutuqlarini ulardan ziyod bilmagan muallim rivojlanishdan ancha orqada qoladi. Davlatimiz rahbari Uchinchi Renessansni roʻyobga chiqarish tashabbusini ilgari surmoqda. Bu aynan ilm-fan taraqqiyotiga, yoshlarning bilimi, dunyoqarashi, intellektual salohiyatiga koʻp jihatdan bogʻliq. Davlatimiz rahbari bayram tabrigida, jumladan, bunday dedi: “Bizning maqsadimiz — Yangi Oʻzbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy koʻnikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs boʻlib shakllanishi zarur”.

Uzoq yillardan buyon Oʻrta Chirchiq tumanidagi 124-imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktab-internatida logopediya yoʻnalishi boʻyicha tarbiyachi sifatida faoliyat yuritaman. Nutqida nuqsoni bor bolalarning tilidagi kamchiliklarni bartaraf etish, ularning talaffuzini toʻgʻrilash, ravon gapirishi uchun oʻz bilim va tajribamni ishga solib kelyapman. Bugun mamlakatimizda logopediya yoʻnalishida ijobiy natijalarga erishilmoqda, yaxshi mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Xorijning ilgʻor tajribasi asosida bolalarning tilidagi nuqsonlarni tuzatishga erishilyapti.

Mamlakatimizda oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi mavqei va obroʻsini oshirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratib kelinmoqda. 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida koʻplab hamkasblarim qatori men ham davlatimizning yuksak unvonlaridan biriga loyiq koʻrildim. Bu ham sharaf, ham zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Kelgusida oʻzim faoliyat yuritayotgan soha boʻyicha izlanib, bundan keyin ham yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi yoʻlida bor bilim va salohiyatimni ishga solaman.

Nurislom TOʻXLIYEV, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi kafedrasi professori, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi:

— Kuni kecha davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga yoʻllagan bayram tabrigini har doimgidan-da kuchli hayajon bilan eshitdik. Sababi, bu gal bayramimiz SHHTning nufuzli mehmonlarini qabul qilgan Samarqanddagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida oʻtkazildi. Dunyoning manaman degan davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillariga mezbonlik qilgan bu maskanda kasb bayramimiz nishonlangani ustozlarga koʻrsatilgan yuksak ehtiromning yana bir dalili boʻldi. Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir shukuhi biz, murabbiy va pedagoglar ruhiyatiga koʻchib, kayfiyatimizni nihoyatda koʻtardi.

Umrining qirq yildan ortigʻi taʼlim sohasida kechgan pedagog sifatida muallim zotiga koʻrsatilayotgan ehtiromdan benihoya mamnun boʻldim. Oʻqituvchilik, murabbiylik — ulugʻ kasb. Pedagog sohaning qaysi boʻgʻinida xizmat qilmasin, millatning, xalqning bolalarini tarbiyalaydi, oʻqitadi, kasb-hunar oʻrgatadi, koʻnikma va malakasini oshiradi. Shifokor inson tanasi bilan, muhandis jism bilan ishlaydi. Muallim esa odamning maʼnaviyati, maʼrifati, pirovardida, ruhiyatini kamolga yetkazish bilan shugʻullanadi. Shu bois, ustoz deb sharaflanadi.

Zotan, bu ulugʻ maqom hammaga ham nasib etmaydi. Har gal shogirdlarim menga “ustoz”, deb murojaat qilganida xuddi birinchi marta bu soʻzni eshitayotgandek yuragim faxrga toʻladi. Tarix shohid: ne-ne buyuk insonlarni ham ustoz kamolga yetkazgan. Tarbiyalab, ilm oʻrgatib, insoniylik sabogʻini bergan, yetuklik choʻqqisiga olib chiqqan. Yangi Oʻzbekistonda oʻqituvchilarga koʻrsatilayotgan hurmat-ehtirom, izzat-ikrom yildan-yilga oshayotganini nafaqat hamkasblarim, balki xalqimiz koʻrib, eʼtirof etayotir.

Yoshlar orasidan pedagoglikka havasmandlar koʻpaymoqda. Davlatimiz koʻrsatayotgan eʼtibor tufayli oʻqituvchilik jamiyatdagi obroʻli kasblardan biriga aylanmoqda. Odamlar shu kasb orqasidan baraka topyapti. Qoʻyni-qoʻnji ham, koʻngli ham toʻlyapti. Bu, albatta, ajoyib. Chunki tarixdan maʼlumki, ilmning bahosi baland, muallimning mavqei yuqori davlatning yoʻli oydin, istiqboli yorugʻ boʻlgan. Mana shu yangilanishlar bardavom ekan, Yangi Oʻzbekiston ham rivojlanish, taraqqiyot choʻqqisiga jadal koʻtariladi.

Muhabbatxon MAMAJONOVA, Qoʻshtepa tumanidagi 30-umumiy oʻrta taʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi:

— Prezidentimiz farmoniga koʻra, Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh hamkasblarim qatori davlatimizning nufuzli ordeni bilan taqdirlanganim juda ham quvontirdi. Tabriklar, qutlovlar bir dam boʻlsa-da tingani yoʻq. Oddiy qishloq oʻqituvchisining mehnati bu qadar eʼtirof etilib, ragʻbatlantirilgani nafaqat mening, balki butun fargʻonalik ustozlar mehnatiga berilgan yuksak baho, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Bu zahmatli va sharafli kasbga mehr qoʻyib mehnat qilayotganimga oʻttiz yil boʻldi.

Dastlab Margʻilon shahridagi pedagogika kasb-hunar kollejini tamomladim. 2009-yili Fargʻona davlat universitetida boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tahsil olib, oliy maʼlumotli mutaxassis boʻldim. Bugun ustoz va murabbiylarga berilgan imtiyoz va imkoniyatlar ishlash, intilish, yangi tashabbuslarga undaydi. 2016-yili boshlangʻich sinflarga moʻljallangan “Boʻgʻinlab oʻqish va imlo savodxonligi” mavzusidagi amaliy tajribalarga asoslangan risolam yurtimizdagi umumtaʼlim maktablarida ommalashtirildi. 2019-yili “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim.

Prezidentimizning muallimlarga yoʻllagan tabrigidagi samimiy dil soʻzlari, bizga ishonchi ruhlantirdi. Bugun oʻquvchilarim bilan suhbatlashib, ularning fikrlashi, dunyoqarashi, orzu-maqsadlari yuksakligiga qoyil qolaman. Haqiqatan ham, yurtimizda ilm-fan sohasida dunyo miqyosida raqobatbardosh avlod shakllanmoqda. Biz esa ularga koʻmakchi boʻlayotganimiz bilan faxrlanamiz.

Salima KADIRIMBETOVA, Nukus tumanidagi 22-umumiy oʻrta taʼlim maktabining qoraqalpoq tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi:

— Bugun davlatimizda taʼlim muassasalariga, oʻqituvchilarga eʼtibor yuqori darajada. Bayram munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan orden bilan taqdirlandim. Bunday yuksak mukofot biz, oʻqituvchilarni yangi marralarga undaydi. Ustozlarni hurmat va eʼzoz qilgan el doim baxtlidir. Betakror Samarqand shahri boʻylab biz uchun uyushtirilgan sayohat ham muallimlarga eʼtiborning amaliy ifodasidir. Kichkinaligimdan oʻqituvchi boʻlishni niyat qilganman.

Har bir darsni ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida, koʻrgazmali qurollar yordamida mazmunli oʻtishga, oʻquvchilarning diqqat-eʼtiborini mavzuga qaratishga harakat qilaman. Bolalarni darsga qiziqtira olgan muallimning mehnati zoye ketmaydi. Shu sababli, har kuni darsga puxta tayyorgarlik koʻraman. Oʻquvchilarim fan olimpiadasi va bilimlar bellashuvida sovrinli oʻrinlarni egallab, mehnatimni yuzaga chiqarmoqda. Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston oʻqituvchilari va murabbiylariga yoʻllagan bayram tabrigida taʼkidlaganidek, bugungi kun oʻqituvchisi universal mutaxassis, ham oʻrgatuvchi, ham oʻrganuvchi boʻlishi, yaʼni oʻz ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanib yashashi kerak.

Darhaqiqat, qalbida oʻz kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli boʻlgan pedagoggina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi. Davlatimiz rahbarining taʼlim sohasini isloh qilish, oʻquv muassasalarining moddiytexnik bazasini mustahkamlash, oʻqitish sifati va pedagog xodimlarning bilim hamda malakasini oshirish, ularning mehnatini munosib baholashga qaratayotgan eʼtibori oʻgʻil-qizlarimizning olamshumul yutuqlarida aks etib, oʻz samarasini koʻrsatadi.

Manzura MISIROVA, Doʻstlik tumanidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi:

— Bu yilgi kasb bayramimiz men uchun qoʻshaloq xursandchilik boʻldi. Prezidentimiz farmoniga binoan orden bilan taqdirlandim. Mamlakatimizdagi minglab oʻqituvchilar orasidan ushbu yuksak mukofotga loyiq koʻrilganimdan qalbim quvonch va shodlikka toʻldi. Bu nafaqat mening, balki men bilan yonma-yon mehnat qilayotgan kasbdoshlarimning, maktabimiz jamoasining ham yutugʻidir. Yigirma ikki yildan beri taʼlim sohasida ishlayman. Eʼtirof etish kerak, bugun mamlakatimizda xalq taʼlimi tizimida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 11-maydagi “2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni, shuningdek, “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohani rivojlantirishda katta turtki boʻldi. Prezidentimizning: “Siz, aziz ustoz va murabbiylar bugun mana shunday oʻta masʼuliyatli jabhada tom maʼnoda tarixiy missiyani ado etmoqdasiz.

Chunki Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, oʻzining qatʼiy hayotiy pozitsiyasiga ega, hech kimdan kam boʻlmagan yoshlarni tarbiyalash — haqiqatan ham gʻoyat ezgu va ulugʻ vazifadir”, degan soʻzlarini mehnatimizga berilgan eng yuksak baho deb bilaman. Ushbu yuksak mukofot menga faxr, sharaf va iftixor bagʻishlashi bilan birga, zimmamga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Bundan keyin ham bor bilim va kuchimni xalq taʼlimini rivojlantirishga sarflab, xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini oqlashga harakat qilaman.