Endokrin kasalliklar ichida qalqonsimon bez, qandli diabet dunyo boʻylab keng tarqalayotgani sir emas. Davlatimiz rahbarining yaqinda eʼlon qilingan “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori endokrin xastaliklarni profilaktika qilish, oʻz vaqtida aniqlash, samarali muolajalarni qoʻllash va aniqlangan endokrin kasalliklarni muntazam kuzatib borish imkonini beradi.
Roʻyxatga olingan bemorlarni muntazam kuzatish maqsadida mamlakatimiz boʻyicha 14 mingdan ziyod tibbiy brigada tashkil qilindi. Endokrin kasallikka chalingan oilalarga 30 mingga yaqin patronaj hamshira biriktirildi. Qarorda barcha tibbiy brigadalarni glyukometr va maxsus test yaproqchalari bilan taʼminlash kabi vazifalar belgilangan.
Tibbiy brigadalarning asosiy vazifasi nimalardan iborat?
Birinchi navbatda, oilaviy shifokorlar eng koʻp uchraydigan qalqonsimon bez xastaliklari va qandli diabetni toʻgʻri tashxislashga qaytadan oʻqitilib, malakasi oshiriladi. Ular patronaj hamshiralar bilan birga qandli diabetga chalingan shaxs yashaydigan oilalalarni muntazam kuzatib boradi. Yurtdoshlarimiz qandli diabet va diabetoldi holatlar uchun maqsadli skriningdan oʻtkaziladi hamda endokrin kasalliklar aniqlangan bemorlar bilan muntazam muloqot oʻrnatiladi. Surunkali endokrin kasalliklar rivojlanishining oldini olish uchun endokrin kasalliklarni davolashning zamonaviy klinik protokollari va algoritmlari joriy etiladi. Chekka joylardagi aholi oʻzida qandli diabet borligini yillar davomida bilmay yurishi mumkin. Ayniqsa, qandli diabet boshlangʻich davrida belgilarsiz kechishi bunga sabab. Koʻpincha bemorlar shifokorga murojaat qilganida kasallik bilan birga asorati ham yuzaga kelgan boʻladi. Tibbiy brigadalarning asosiy vazifasi aholi oʻrtasida qandli diabet yoki qalqonsimon bez kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash, u keltirib chiqaradigan asoratlarning oldini olishdir. Mana shu holatlar oʻz vaqtida aniqlansa, qandli diabet xastaligiga oʻtish davrini toʻxtatish imkoniyati boʻladi. Ajdodida qandli diabetga chalinganlar bor shaxslar, 40 yoshdan yuqori, semizlikdan aziyat chekayotgan, qon bosimi yuqori odamlar, farzandi 4 kilogrammdan yuqori tugʻilgan ayollar xavf guruhiga kiradi.
Bu guruhga kiruvchi oilaning aʼzolari muntazam tekshirib turiladi. Natijada qandli diabet xastaligini oʻz vaqtida aniqlash va oldini olishga erishamiz. Bu bizga katta imkoniyat beradi. Yildanyilga qandli diabet va u keltirib chiqaradigan yirik qon tomir kasalliklari asoratining oldini olishga erishamiz.
Endokrin kasalliklarni erta aniqlash, ularning profilaktikasini taʼminlash va davolash maqsadida oilaviy shifokorlar va patronaj hamshiralarning yordami juda ham muhim. Shu sababli, oilaviy shifokorlar va patronaj hamshiralarning endokrinologik bilimi va malakasini oshirish maqsadida 36 soatlik oʻquv kurslari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, barcha tibbiyot brigadalari glyukometr va test yaproqchalari bilan taʼminlanadi. Bemorlarni bir kunlik diagnostik statsionar kuzatish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Endokrin kasallik mavjud boʻlgan bemor yoki xavf guruhiga kiruvchi shaxslar mana shu dispanserga murojaat qiladi. Shu kuzatuv asosida 24 soat mobaynida murojaat qilgan bemor qonida endokrin xastalik monitoringi va biokimyoviy tahlillar ham oʻtkaziladi. Olingan natijalar asosida bemor oʻz yashash joyida belgilangan muolajalarni oʻz vaqtida olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bundan tashqari, viloyatlar, har bir shahar va tuman markaziy shifoxonalarida bir kunlik statsionarlar tashkil qilinadi. Asosiy maqsad chekka qishloqlardagi aholiga imkon qadar yordam koʻrsatishga qaratilgan. Masalan, oʻsha yerdagi aholi viloyat markaziga yoki Toshkent shahriga kelib, Endokrinologiya markaziga murojaat qila olmasligi mumkin. Mana shuni nazarda tutgan holda aholiga har bir tumanda bir kunlik markazlashtirilgan statsionarlar tashkil qilinadi. Bu statsionarlarning asosiy vazifasi bir kun davomida murojaat qilgan shaxs qonidagi gormon miqdorini aniqlashdir. Qandli diabet boʻlsa, likerlangan gemoglobin miqdori tekshiriladi. Qondagi bir kunlik qand miqdori monitoringi oʻtkaziladi. Bu tekshiruv avval boʻlmagan.
Qarorga binoan oʻrnatilayotgan tartib aholiga juda katta imkoniyatlar yaratib beradi. Bundan tashqari, statsionarda okulist, nevropatolog va boshqa mutaxassislar koʻrigi tashkil etilib, murojaat qilgan shaxs toʻliq koʻrikdan oʻtkaziladi. Laborator tahlillari natijasiga asoslangan holda, endokrinolog tomonidan kerakli tavsiyalar beriladi. Bemor yashash joyidagi muassasaga murojaat qilib, tavsiya qilingan muolajalarni olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Meʼyoriy hujjat tizimni bosqichmabosqich rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Eng asosiy yoʻnalish profilaktikaga qaratilgan. Skrining, birlamchi tibbiy xizmat, oilaviy shifokorlarning bilimi va saviyasini oshirish, salomatlik maktablarini ochish, endokrinologlarni tayyorlash shular jumlasidan. Yana bir yoʻnalish koʻp tarmoqli markazlar faoliyatini, diagnostikani rivojlantirishga qaratilgan.
Qaror bilan endokrinologiya xizmatini tashkil etishning eng muhim yoʻnalishlari belgilanmoqda. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hududiy tibbiyot muassasalari oʻrtasida tizimli, uzviy bogʻliqlikni taʼminlash, endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish dasturlarini amaliyotga joriy etish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirishni targʻib etish, zamonaviy dispanser nazorati tizimini yoʻlga qoʻyish orqali har bir bemor holatining monitoringini yuritish kabilar shular jumlasidan.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyatlardagi filiallari, endokrinologik dispanserlar bilan oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash bizga nima beradi?
Bu orqali, avvalo, butun mamlakatimiz aholisidagi endokrin kasalliklarning statistik maʼlumoti, kasallanish koʻrsatkichi, tarqalishi, rivojlanishi, profilaktik chora-tadbiri, davolash hamda zarur preparatlar bilan toʻlaqonli taʼminlangani haqidagi maʼlumotlarni jamlagan holda endokrin xizmatni yoʻlga qoʻyishimiz mumkin. Aholi uchun buning ustuvor jihatlaridan biri shuki, ixtisoslashtirilgan yuqori sifatli, malakali endokrin xizmatlar faqat Toshkent shahrida emas, balki uzoq hududlarda ham koʻrsatiladi.